Munosib tuhfa

Navoiy viloyatida O'zbekis­ton Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag'ish­lab muqaddas qadamjolar, shahar-tumanlar tarixi va buguni, yirik korxonalar — yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va davr qahramonlari haqida so'zlovchi “Navoiy viloyatidan Mustaqillikning 30 yilligiga 30 ta kitob” loyihasi doirasida o'ttizta kitob nashr etildi.

Navoiy shahridagi muhtasham “Farhod” madaniyat saroyida o'tkazilgan mazkur kitoblarning taqdimotiga bag'ishlangan tantanali tadbirda viloyatdagi korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlari, yozuvchi-shoirlar, yosh avlod vakillari, OAV vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2020 yil 17 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o'ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Navoiy viloyati hokimi tashabbusi bilan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyat bo'limi hamkorligida tayyorlangan 30 ta kitob viloyat ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma'naviy hayo­tidan so'zlovchi asarlar majmui bo'ldi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarixi va buguni bilan bog'liq 10 ga yaqin kitoblar, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor va Konimex tumanlari hamda G'ozg'on shahrining tarixi, shuningdek, yangi O'zbekiston davrida mazkur hududlarda amalga oshirilgan keng o'zgarishlar, “Qizilqumsement: kecha va bugun”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi: kecha va bugun”, “Navoiyazot”: kecha va bugun” nomli kitob-albomlar, bundan tashqari viloyatning tibbiyot, bank, ichki ishlar hamda prokuratura sohalari yuzasidan alohida kitoblar tayyorlandi. Shu bilan birga Mavlono Orif Deggaroniy hayoti va faoliyati, Malikrabot karvonsaroyi xususida alohida tarixiy-ilmiy asarlar nashr etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Q.Tursunov, Navoiy kon-metallurgiya   kombinati Bosh direktori Q.Sanaqulov, Respublika Ma'naviyat va Ma'rifat markazi rahbarining Axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi R. Shoyimardonov, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi O.Temirov, viloyat prokurori B.Ahmedov, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, Konimex tumani hokimi M.Egamqulov, “Sahhof” nashriyoti rahbari Akbarali Mamasoliyev va boshqalar so'zga chiqib, kitob va kitobxonlik hamda ma'naviy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan atroflicha fikr yuritishdi.

Tadbirda ma'naviy-ma'rifiy sohani rivojlantirish hamda kitobxonlikni keng targ'ib etishga qo'shayotgan hissasi uchun Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining “Tashakkurnomasi” bilan taqdirlandi.

Kitob — xalq mulki. Agar unda eng qimmatli ma'lumotlar aks etgan bo'lsa, uning ahamiyati va qimmati yanada oshadi. O'tayotgan har bir daqiqamiz esa o'tmish sahifalarida qolgani kabi, bugungi kunimiz ham tarixga aylanadi. Davr qahramonlari, islohotlar haqidagi kitoblar ham tarix solnomalari sifatida abadiyat bitigi bo'lib qoladi.

Otabek ASLONOV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − seven =