101 o'g'lon “Matonat”i

Tarix. Bundan 80 yil muqaddam ayni hozirgi kunlar, iyun oyining oxiri. Ikkinchi jahon urushi boshlangan palla. Sir emas, bu mash'um voqea chin ma'noda jahonaro umummilliy falokatga aylangan edi. Garchi O'zbekiston frontdan bir necha chaqirim olisda bo'lsa-da, urush o'chog'idan taralayotgan sovuq xabar yurtimizdagi har bir uyga kirib kelgandi. Ma'lumotlarga ko'ra, mehnatga layoqatli har ikkinchi kishi jangga otlangan. Urushga ketgan o'zbekistonliklardan 538 ming kishi halok bo'ldi, 158 ming kishi bedarak yo'qoldi, ming­lab insonlar esa og'ir jarohat oqibatida vafot etdi yoki mayib-majruh, nogiron bo'lib qoldi…  

Kinematografiya agentligida “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan suratga olingan “Matonat” hujjatli filmi ayni shu qahramonlar ichida Vatan ozodligi yo'lida bedarak yo'qolgan samarqandlik 101 nafar o'g'lonlarning taqdiri haqida. Joriy yilning 22 iyun kuni filmning o'zbek va rus tillaridagi namoyishi bo'lib o'tdi.

Premyera avvalida, Agentlik bosh direktorining birinchi o'rinbosari Shuhrat Rizayev, film rejissyori Shuhrat Mahmudov, Rossiyaning O'zbekistondagi elchixonasi vakili Vladimir Yuriyevich, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK direktori Bahodir Odilovlar so'zga chiqib, film haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi, ijodkorlarni qutlashdi.

“Matonat” filmi Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda suratga olingan. Unda II jahon urushida qatnashgan 101 o'zbekistonlik yurtdoshimizning urushda g'alabaga qo'shgan hissasi hamda Gollandiyaning Amersfort shahrida joylashgan konslagerlarda halok bo'lgan o'zbek askarlarining taqdiri haqida hikoya qiladi.

— Film reja bo'yicha o'tgan yili yakunlanishi kerak edi. Pandemiya sababli biroz kechikdik. Moskvadagi arxiv hujjatlarini ko'tardik, Smolenskda joylashgan uy-muzeydagi materiallarni o'rgandik, mutaxassislarning fikrini olib, o'sha davrni tomoshabin ko'z oldida jonlantirishga harakat qildik.

Filmda taniqli aktyorlardan deyarli foydalanilmadi. Biz yangi chehralarni izladik, iqtidorli talabalarga imkon berdik. Chunki 101 qahramonlar aynan bo'z yigitlar edi, mard va jasur o'g'lonlarimiz umrida qurol tutmagan bo'lsa-da, ona Vatan himoyasiga oshiqdi. Ijodkorlarimiz ayni shu jihatdan o'ziga berilgan rolga mas'uliyat bilan yondashishdi, — dedi film rejissyori Shuhrat Mahmudov.

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan yurtimizning barcha hududlari singari Samarqand viloyatida ham juda ko'p safarbarlik punktlari tashkil qilingan edi. Bu punktlarga yoshlar chaqirilgan. Qizig'i, ular qo'liga qurol ushlamagan, rus tilini yaxshi bilmaydigan yoki rus tiliga umuman tushunmaydigan bo'z yigitlar edi. Ularni ikki hafta — bir oy davomida tayyorlab, urushga safarbar qilishgan. Filmda ushbu jarayonlar haqqoniy va jonli tarzda yoritib berilgan. Film qahramonlari boshidan o'tgan qiyinchiliklar, ochlikdan sillasi qurigan, og'ir mehnatdan toliqqan, yig'idan boshqasiga majoli qolmagan o'zbek o'g'lonlarining timsolini ko'z oldingizda gavdalantiradi. Ijodkorlar xo'rlikka uchragan insonlar, urush va tutqunlik azobini tortgan va ayni kunda oramizda yashayotgan qahramonlarni, o'lim lagerlarida bo'lib, u yerdagi dahshatni o'z ko'zi bilan ko'rgan tirik guvohlarni-da qidirib topishibdi. Film qahramonlari ochiq-oydin, ro'y-rost boshidan o'tgan haqiqatlarni gapirib berishadi…

Premyeradan so'ng ijodiy jamoa va tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar o'rtasida suhbat, o'zaro fikr almashuv tashkil etildi. Taassurotlar shundan bo'lak, o'zgacha: film xalqqa yaqin, dilga yaqin, chunki haqiqiy ijod, mehnat mahsuli bo'lganligini aytish joiz.

Abdulaziz Ahmad.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − nine =