Asr bilan bo'ylashgan jurnallar qayta tiklandi

Bundan qariyb bir yarim asr oldin, aniqrog'i, 1870 yil 28 aprel (yangi taqvim bo'yicha 10 may) kuni Toshkentda “Turkes­tanskie vedomosti” gazetasining birinchi soni bosmadan chiqqan. Bu bilan nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi vaqtli matbuotiga tamal toshi qo'yilgandi deyish mumkin. Keyinchalik ushbu nashr o'zbek tilida “Turkiston viloyatining gazeti” nomi bilan ham chop etila boshlangan.

Tarixga nazar tashlasak, bu o'sha davrdagi kishilik jamiyati taraqqiyotidagi tom ma'nodagi olamshumul voqea edi. Chunki ayrim hozirgi sanoati rivojlangan davlatlarda ham hali gazetachilikdan asar ham yo'q edi.

Misol uchun, Yaponiyada ilk gazeta “Tokio Nichi Nichi Shimbun” yurtimizda matbuot paydo bo'lgandan so'ng oradan ikki yil o'tib — 1872 yilning 21 fevral kuni nashr etila bosh­langan. Koreyada esa bizdan roppa-rosa o'n uch yildan keyin, ya'ni 1883 yilning 31 oktyabr kuni birinchi milliy gazeta “Xansonsunbo” dunyo yuzini ko'radi.

 

Aynan shu sababdan ham o'zbek milliy jurnalis­tikasi o'tmishini o'rganish, har tomonlama tadqiq qilish, undan saboq olish juda katta ma'rifiy va ma'naviy ahamiyat kasb etadi.   Ma'rifatparvar ajdodlarimiz tomonidan asos solinib, xalqimizning ma'naviy kamoloti yo'lida xizmat qilgan nashrlarimiz bugungi kunda ham shu maqsadda o'z faoliyatini davom ettirib, millatdoshlarimiz uchun kerakli so'zni ayta olishi bilan suyanch va dilkash vazifasini o'tab kelayotgani ayni haqiqat. Ammo ma'lum sabablarga ko'ra necha yillik tarixga ega bo'lgan       ayrim gazeta va jurnallarimiz chop etilmay qolgan edi.

Millatimiz fidoyilari deb e'tirof etadigan jadidlarimiz tomonidan tashkillangan “Mushtum” hamda “O'zbekiston matbuoti” jurnali ham afsuski shular qatorida edi. Joriy yil, 17 iyul kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi o'tkazgan “Milliy jurnalistika: yutuq va muammolar tahlili” mavzusidagi anjumanda bu ikki jurnalning iqtisodiy inqiroz sabab faoliyatini to'xtatganligi, yana qayta tiklash rejalashtirilayotgani to'g'risida xabar berilgandi.

Mana oradan 2 oy ham o'tmasdan O'zbekistonda jurnalistlarning asrga tengdosh ikki jurnali qayta tiklandi.

O'zbekiston Milliy matbuot markazida izma-iz bu jurnallarning taqdimot marosimi o'tkazildi. Unda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutasaddilari, respublikaning qator ommaviy axborot vositalari xodimlari, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti vakillari hamda Turkiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi ishtirok etdi.

Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining raisi Olimjon O'sarov o'zbek jurnalistlarining yagona ilmiy-amaliy nashri bo'lgan “O'zbekis­ton matbuoti” jurnali hamda hajviy, tanqidiy, ko'ngilochar jurnal sifatida ko'p­larning e'tirofiga sazovor bo'lgan “Mushtum” nashri milliy media­ma­ko­­ni­mizda o'z o'rniga ega ekanligi, jurnalist kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda, sohadagi tadqiqotlarni yoritishda eng muhim manbaga aylanishi haqida gapirar ekan, yig'ilganlarni yana hayotga qaytgan bu jurnallar bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.

– “O'zbekiston matbuoti” jurnali talabalarimiz uchun munosib maydon vazifasini o'taydi. Ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug'ullanadigan yoshlarimizning ishlarini jurnalning har sonida ko'rishni istagan bo'lardim. Sababi, bu orqali biz bugungi kunda jurnalistikani chuqurroq o'rganish maqsadida izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarning o'zaro munozarasiga sabab bo'lish mumkin. Qolaversa, bu ilmiy tadqiqot va munozaralarning mediamakonda yuzaga chiqishiga olib keladi, – dedi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ilmiy ishlar bo'yicha prorektori Nozima Murodova.

O'zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy tomonidan asos solingan o'tkir tanqidiy maqolalar, felyetonlarni asosiy qurol qilib, jamiyatni turli illatlardan tozalashda “Mushtum”ning munosib o'rni bo'lganligi ko'pchilikka ma'lum. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham bo'lishiga erishish bu jurnalning bosh mezoni bo'lib kelgan. Umuman olganda bu jurnal biz uchun bir qadriyat edi va uni yo'qotib yuborish katta xato bo'lardi. Holbuki faoliyati qayta tiklangan ekan, bu ikki jurnalning ham avvalgidek mavqeiga erishishi yo'lida omadlar tilab qolamiz.

Darvoqe, ushbu nashrlarning bir-ikki yillik tanaffusdan keyin yana nashr etila boshlagani haqidagi mujdani nafaqat o'zbek matbuoti, telekanallari, hatto qator xorijiy nashrlar ham yoritganini aytish joiz. Xususan, ulug' shoir Cho'lpon tomonidan bundan 103 yil avval asos solingan “O'zbekiston matbuoti”- ning yana nashr etila boshlagani haqidagi lavhani Turkiyaning nufuzli “TRT Avaz” telekanali ham efirga berdi. Bu matbuotimizga ham jahon ahlining e'tibori yuqoriligidan darak beradi.

K. RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + twenty =