So'zni so'zlatish ham bir san'at

Mana yilning so'nggi oyiga ham qadam qo'ydik. Bu dam o'tgan yil sarhisobi hamda yangi yilga mo'ljallangan ishlarni rejalashtirish uchun ayni palla. Shunday maqsadlardan kelib chiqqan holda yaqinda O'zbekiston Milliy matbuot markazida bosma nashrlarimiz ichida o'z nufuziga ega bo'lgan “Ishonch” va “Ishonch – Doveriegazetalari tahririyati jamoasi tomonidan joriy yilda nashr etilganBir so'z…”, “2021 fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar…”, “Biz hayotdan rozimiz!” nomli kitoblarning taqdimot marosimi o'tkazildi.

Tadbirni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ochib, so'nggi yillarda “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari tahririyati kutubxonasi” ruknida kitoblar chop etilishi yaxshi an'anaga aylangani, xususan, “Bir yilga bir nazar”, “Ishonch” aytadiki…”, “2020 — millatni ulg'aytirgan yil” kabi kitoblar tahririyat jamoasining o'ziga xos ijodiy sarhisobi sifatida o'quvchilarga manzur bo'lganini ta'kidladi.

Taqdimot marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, filologiya fanlari doktori, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad “Kitob qanday bo'lmog'i kerak?”, taniqli adib, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Abdusaid Ko'chimov “Ishonch” publitsis­tikasi…”, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov “Uch kitob — uch solnoma” mavzusida ma'ruza qildi.

“Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov “Biz nega kitob chiqaramiz?” degan savolni o'rtaga tashladi. Bu savolning javobi esa ko'pchilikka ma'lum: gazetada chop etilgan dolzarb mavzudagi maqolalarni zukko mushtariylarga jamlagan holda yetkazish. Mazkur kitoblar haqida so'z ochadigan bo'lsak, “2021 fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar…” nomli kitob jamoaning salkam bir yillik mehnati mevasi bo'lib, unda gazetamizda chop etilgan turli mavzulardagi tanqidiy-tahliliy maqolalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, Yurtboshimizning farmon va qarorlari ijrosiga bag'ish­langan eng sara materiallar o'rin olgan, — deydi u.

“Biz hayotdan rozimiz!”. Mazkur kitob davlatimiz rahbarining insonparvarlikka yo'g'rilgan ezgu tashab­busi bilan tashkil etilgan “Ayollar daftari” sabab ro'shnolikka erishgan xotin-qizlarning minnatdorlik maktublari asosida tayyorlangan. Maktub­larni o'qigan o'quvchilar bugungi islohotlarning yorqin samaralarini ayollar taqdiridagi o'zgarishlar misolida ko'radi, mushohada etadi.

Albatta, hayotiy haqiqatlarni, uning rang-barangliklarini badiiy ifodalash ijodkordan katta kuch va mahoratni, iste'dodni talab qiladi. Ruhiy holat va kechinmalarni tas­virlash ham anchayin murakkab. Ana shu yo'lda izlanish, so'zni so'zlatishga tashnalik ham bir qismat. “Bir so'z…” deb nomlangan mo''jaz to'plamga shu qismatga doxil bo'lgan “Ishonch” gazetasi tahririyati xodimlarining ijod namunalari jamlangan. Aslida, shoirlik ham, yozuvchilik ham qismat, ammo buni hamma oshkor qilavermaydi. Umid qilamizki, “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari tahririyati jamoasining har uchala kitobi o'quvchilarga manzur, ushbu xayrli an'ana esa bardavom bo'ladi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =