Ishonchni oqlash mashaqqatlari
Umri – saboq, darsligiga gumon yo'q,
Mubohasa, bahsligiga gumon yo'q.
Tarixiy shaxs emasdir-u va lekin,
Ismatjonning shaxsligiga gumon yo'q.
Ushbu satrlarni bitgan Muhammad Rahmonday o'zbek she'riyatining nafis va hassos shoiri nazariga tushgan taniqli publitsist Ismat Xushev nomi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijdagi vatandoshlarimiz orasida ham ancha mashhur desak mubolag'a bo'lmaydi.
Dunyoda nima ko'p, kitob ko'p, jumladan, shoiru adib ham bisyor. Lekin ularning yozgan asarlari qay darajada bugungi o'quvchi talabiga javob beradi, bu alohida mavzu. Shu ma'noda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ismat Xushevning “Oqlanmagan ishonch qissasi” kitobi har qanday mezonlarga javob bera olishiga shubha yo'q. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo'lib o'tgan mazkur kitob taqdimot marosimi bunga yaqqol misol bo'ladi.
Kecha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining anjumanlar zalida uyushma a'zosi, “Dunyo o'zbeklari” internet nashri bosh muharriri, “Ismat Xushev bilan yuzma-yuz” elektron teledasturi boshlovchisi Ismat Xushevning “Oqlanmagan ishonch qissasi” nomli kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Taqdimotni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochdi.
O'zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G'afurov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do'stmuhammad, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, O'zA bosh direktori Abdusaid Ko'chimov, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja va boshqa so'zga chiqqan ijodkorlar, siyosatchilar biografik sarguzasht yo'nalishida yozilgan asarning bosh qahramoni – muallifning o'zi bilan bog'liq kechgan hayotiy misollar mahorat bilan yoritib berilganini alohida ta'kidladilar.
“Kitobni qalb amri bilan yozdim.
Aslida bu kitobni 2003 yilda yozgan edim. Ammo vaziyat taqozosi bilan, faqat bugun, Vatanda Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona va odilona yuritayotgan izchil siyosati, xalqchil tashabbuslari tufayli so'z va matbuot erkinligi haqiqiy ma'no kasb etgan kunlari chop etilyapti”.
Kitob muqaddimasidagi ushbu so'zlar naqadar haq ekanligiga ushbu asar bilan yaqindan tanishgan o'quvchi guvoh bo'ladi. Tabiiyki, ona yurtdan ayriliqda, muhojirlik mashaqqatlarini boshidan o'tkazgan jurnalist-adib Ismat Xushevning “Oqlanmagan ishonch qissasi” qahramonlari begona emas — yurtimiz ijodkorlari, davlat va jamoat arboblari, oddiy odamlar. Bir so'z bilan aytganda, katta umr yo'lidagi armonli va alamli hayot saboqlarini muallif mohirona ochib bera olgan.
Tadbir yakunida muallif kitob haqida so'z aytganlarga o'z minnatdorligini bildirdi hamda O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning talabalik davrida yozgan she'rlaridan o'qib, yig'ilganlar olqishini oldi.
Muhammadsodiq TO'RAYEV,
“Hurriyat” muxbiri