Ehtirom daryosidan bir qatra…

O'zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla ­Xoliqnazarovning kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasida taqdimoti bo'lib o'tgan “Tasadduq, yo Rasululloh!” nomli kitobi muqaddimasi jumladan shunday so'zlar bilan boshlanadi: “Rabbi'ul avval oyi Islom ummati uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgan oylardan sanaladi. Boisi bu oy — Allohning mahbubi, butun olamlarga rahmat bo'lib yuborilgan sevimli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oydir. Shu munosabat bilan bu oy kirib kelgan kunlardan butun dunyoda u zotning hayotlarini o'rganish, salavotlar aytish, sha'nlariga mavlid o'qish tadbiri va marosimlari o'tkaziladi”.

Tadbirda O'zbekiston Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, Din ishlari bo'yicha qo'mita va Diniy idora rahbar va xodimlari, Hadis ilmi maktabi mudarrisi, Misrning Al-Azhar universiteti hanafiy shayxi Jamoliddin Hoshim Mahmud, faxriy ustoz Abdulqahhor domla Shoshiy hamda diniy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.

Marosim an'anaga ko'ra Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Dastlab “Tasadduq, yo Rasululloh!” kitobining mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan videolavha namoyish etildi.

So'ngra Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov so'zga chiqib, Muftiy hazratlari va ahli ilmlarni barchaga manfaatli kitob nashr etilgani bilan muborakbod etib, Rasul­ulloh (s.a.v.) hayotlari to'g'risidagi kitob mo'min musulmon xalqimizga, xususan, diniy soha xodimlariga munosib tuhfa bo'lgani, Payg'ambarimiz alayhissalom siyratlariga oid mazkur nashr taqdimoti Rabbi'ul avval oyida tashkil etilgani ayni muddao ekanini alohida ta'kidladi.

So'zga chiqqan Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev ham muftiy Nuriddin domla hazratlari O'zbekiston musulmonlari idorasiga rais bo'lgan qisqa vaqt ichida din rivoji, yurt ravnaqi va mo''min-musulmon xalqimizga manfaatli, xayrli ishlarni amalga oshirib kelayotganlarini ta'kidlab, xususan, muftiy hazratning ijtimoiy tarmoqlarda ikki milliondan ziyod obunachiga egaliklari, markaziy nashr va televidenielardagi doimiy chiqishlari elimiz tomonidan yaxshi kutib olinishini bildirib, mazkur yettinchi “Tasadduq, yo Rasullulloh” kitoblari ham xalqimiz tomonidan xursandchilik bilan qarshi olinajagiga ishonch bildirdi.

Taqdimotda Diniy idora raisi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham kitob haqidagi ayrim mulohazalarini bildirib, ulug' ayyom kunlarida nashr qilingan mazkur kitob Nabiy alayhissalomning tavallud topganlaridan to Rafiqul a'loga ko'tarilgan kunlariga qadar Islom tarixida chuqur iz qoldirgan voqealar keltirilgani bilan ahamiyatli ekani, Muftiy hazratlarining bundan oldingi “Haj”, “Umra”, “Nikohnoma” kabi kitoblari ham muborak ziyoratni niyat qilgan, oila qurmoqchi bo'lgan vatandoshlarimizga manfaatli bo'lgani, mazkur risola ham yurtdoshlarimizga manzur bo'lishi sabablari haqida so'z yuritdi.

Muhtaram ustoz Muhammad Ayyubxon Homidov Payg'ambarimiz siyratlariga oid ushbu kitobni mutolaa qilgan o'quvchi uni bir nafasda o'qib chiqishini qo'shimcha qildi. Bunday sodda va ravon, ta'sirchan uslubda yozilgan kitob muallifning boshqa “Ixlos -amallar ziynati”, “Islomda Vatan tushunchasi” kitoblari kabi o'quvchilar e'tiboriga tushishini qayd etdi.

Tadbir davomida Misrning Al-Azhar universiteti hanafiy shayxi, Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi ustozi Jamoliddin Hoshim Mahmud so'zga chiqdi, mo'min-musulmonlarning kutubxonasi Payg'ambar alayhissalom siyratlariga oid yana bir kitob bilan boyigani, bu esa dunyodagi millionlab o'zbekzabon insonlarga yetib borishi va ularning ilm olishida muhim manba bo'lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, taqdimotda Madina shahridagi vatandoshimiz Shayx Abu Yosirning taqdimot ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi. Shayx Abu Yosir Muftiy Nuriddin domla hazratlari mas'uliyatli vazifada bo'lsalarda, “Tasadduq, yo Rasul­ulloh!” kitobini ta'lif etganlari tahsinga sazovorligi, bu Payg'ambarimiz (s.a.v.)ga bo'lgan muhabbatlari izhori ekani, ularga hadya tariqasida yuborilgan ushbu kitobdan Saudiyadagi vatandoshlari minnatdorligi, bunday xayrli ish, xushxabarlar bardavom bo'lishi uchun doim duoda ekanliklarini izhor etdi.

Tadbir chog'ida O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari ishtirokida Rasululloh (s.a.v.) hayotlariga oid ijodiy chiqishlari ting­landi. Shuningdek, Toshkent islom institutining iqtidorli talabalari orasida “Siyrat bilimdoni” musobaqasi tashkil etilib, unda talabalar Rasululloh alayhissalom siyratlari bo'yicha bellashdilar. Marosim so'nggida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov so'z olib, Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning siyratlarini o'rganish, ularni farzandlarimiz dunyosiga singdirib borish har birimizning burch va vazifamiz ekani, mazkur ta'lif etilgan kitob xalqimiz, xususan, yoshlarni Allohning fazli ila Rasul alayhissalomga yanada muhab­batli va yaqinroq qilish yo'lidagi kamtarona urinish ekanini bayon etib, kitob haqida bildirilgan fikr­-mulohazalar uchun notiqlarga minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, har yil bu muborak oyda Payg'ambarimiz (s.a.v.) madhlarida, qaysi janrda bo'lmasin, yozilajak asarlar uchun ijodiy musobaqa uyushtirish, mutloq g'olib deb topilgan vatandoshimiz ( qaysi soha egasi bo'lmasin) ni O'zbekiston musulmonlari idorasi hisobidan Haj ziyoratiga yuborish va tezda ijodiy musobaqa dasturini tuzishga kirishish taklifini bildirdi.

Taqdimot yakunida siyrat musobaqasi qatnashchilariga hadyalar berildi hamda tadbir ishtirokchilariga “Tasadduq, yo Rasululloh!” kitobi taqdim etildi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − twelve =