Oq qog'ozga ochdim qalbim sirini
Asror MO'MIN
Muallif haqida: Asror Mo'min — 1954 yil Jizzax viloyatining G'allaorol tumanidagi Qo'ytosh qishlog'ida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)da tahsil olgan. Uning “Dil rozi”(1991), “Tavallud”(2002), “Yurak”(2002), “Sevdim, sevildim”(2004), “Qalbingda Alpomish yashasin”(2004), “Sevgi tumori”(2005), “Umid va Orzu”(2006), “Sakkizinchi mo''jiza”(2007), “Sizdan minnatdorman”(2009), “Shirin olma”(2011, 2013), “Munir ishq”(2015), “Umrim fasllari”(2018), “Orzu va Ohu”(2020) singari she'riy kitoblari nashr etilgan. Taniqli shoirlar – Qaysin Quliyev, Rasul Hamzatov, Robert Rojdestvenskiy, David Qug'ultinovning dunyoga mashhur asarlarini ona tilimizga o'girgan. “Umid va Orzu” dostoni, “Rasul Hamzatov” va Hazrat Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni asosida yozgan “Qush tili” she'riy dramalari e'lon qilingan.
YaNGI O'ZBEKISTON
Yer yuzida millat ko'p,
Zo'rmiz degan davlat ko'p,
Bir o'lka bor go'zal xo'b,
Dunyoga dong'i doston,
Bu – Yangi O'zbekiston!
Toshkent tengsiz, yagona,
Hatto kenti Afshona,
Samarqandday afsona,
Dunyoga dong'i doston,
Bu – Yangi O'zbekiston!
Kuldi tole quyoshi,
Bo'ldi oqil Yurtboshi,
Rozidir keksa-yoshi,
Dunyoga dong'i doston,
Bu – Yangi O'zbekiston!
Ezgudir o'y, so'z, ishi,
Osoyishta turmushi,
Humodir iqbol qushi,
Dunyoga dong'i doston,
Bu – Yangi O'zbekiston!
Oldda oydin manzillar,
Poyida unar gullar,
Vasfin kuylar bulbullar,
Dunyoga dong'i doston,
Bu – Yangi O'zbekiston!
IShQ
1
Izhor dami bu dam, muxtasar so'zda
Umrim mazmunini aylay sarhisob.
Inon-ixtiyorim hozircha o'zda,
Ammo omonat umr o'tmoqda shitob.
Xayolim uchardi go'yo sarkash qush,
Boshimga yog'ildi turmush tashvishi.
Holim ne kechardi etmasa sarxush,
Meni muhabbatning muattar isi.
Keyin ko'z oldimdan ketmadi aslo,
O'zbek qizlarining timsol go'zali.
Oshifta ko'nglimga berdi tasallo,
Hazrat Navoiyning “Ko'zung…” g'azali.
2
Omon chiqqan kamdir hijron cho'lidan,
Kimni oqizmagan qayg'u daryosi.
Adashib ketardim hayot yo'lidan,
Qo'limdan tutmasa qizlar barnosi.
Shabnamda namoyon quyoshning nuri,
Goh lahzada jamdir jumlayi jahon.
Shunday kelib-ketdi sevgi sururi,
Shunday dilga cho'kdi mangulik armon.
Taqdir yozig'ini bilmaydi inson,
Yillar o'tib ushbu haqiqat ayon:
U bo'lib hamisha boshimda posbon,
Meni ishq bog'iga yetkazmish omon.
3
Shirin orzularim ushalmasdi hech,
Agar uchramasa Hazrat Shirini.
Men undan o'rgandim bo'lsa hamki kech,
Ko'hna ishq sehrini, yashash sirini.
Farhodday baxtliman – Shirinni ko'rdim,
Shodmon yozdim qancha “Asrornoma”ni.
Olmazorda birga umidvor yurdim,
Toparman deb o'shal ishqiy olmani.
Tugab borayotir umrimning qishi,
Oq qog'ozga ochdim qalbim sirini:
Meni mast etgan ishq muattar isi,
Qizlar barnosi va Hazrat Shirini.
ChIN SEVGI
Seni chin yurakdan sevganim uchun,
Sog'indim o'zingni,
ko'zingni,
so'zingni,
yuzingni…
Sen bilan yuzlashmoq uchun
chora izladim har kun.
Yuzimga tik boqib bugun,
Endi meni qidirmang deding.
Bu so'zdan osmon yorilib,
er bo'linib,
tog'lar parcha-parcha
bo'lmadi, xolos.
Men esa talvasaga tushib,
Osmonday yorildim,
erday bo'lindim,
tog'larday parcha-parcha bo'ldim.
Ey yor,
Nega meni etding chilparchin?
Biroq hali kech emas,
Iltimos,
Aytgan so'zing qaytib ol,
yosh jonim qilma uvol.
Iltimos,
Chin sevgi haqqi,
Ezgu ishda peshqadam zot,
Azalda bo'lak-bo'lak qushlarni
chorlagan kabi,
Chorla yoningga.
O'shanda osmonday yorilgan,
erday bo'lingan,
tog'larday parcha-parcha tanim,
Bir butun bo'lib,
Qushday uchar yoningga.
Chunki chin sevgida bor cheksiz qudrat,
Hatto ayriliqdan yaratar visol,
Hatto baxtsizlikdan yaratadi baxt!
2020 YIL 7 AVGUST
O'nta bo'lsa o'rni boshqa, derdilar onam.
Shu so'zlarni eslab, to'ldi ko'zlarimga nam.
Yo Rabb, bugun bitta o'rin qolmoqda bo'shab,
Bugun bizni katta singlim ketmoqda tashlab.
Endi katta singlim o'rni, mehri sezilar,
To'planganda tug'ishganlar bag'ri ezilar.
Bu dunyoda g'animatdir odam odamga,
Katta singlim dildan xizmat qildi onamga.
Qondan o'tgan bu xulqidan olardik ibrat,
Hammaga ham berilmaydi bunday saodat.
Vidolashar chog'da singlim rozin eshitdim:
Aka, onam xizmatini qilishga ketdim.
SENI SEVAMAN HAYoT!
Azal dunyo go'zal, go'zal koinot,
Qaniydi, yer uzra yozsaydim qanot.
Uzoq yashash uchun izlayman najot,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Goh ko'ksim yaralar g'am o'qi tegib,
Tashvishlar qaddimni tashlaydi egib.
Lekin yashayapman dardlarni yengib,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Boriga shukrona keltirdim jovid,
Sabr qildim, osmonim qoplasa bulut.
Ertangi kunlardan uzmadim umid,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Beruniy bobomdan olganman ibrat,
Hazrat Navoiydan tuyganman hikmat.
Ularday basharga qilayin xizmat,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Hali qancha chala yumushlarim bor,
O'zim o'ylaganday yozmadim ash'or.
Ezgu ishlarimdan yuray baxtiyor,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Hali izmimda bor vaqtim, imkonim,
Mendan rozi bo'lar O'zbekistonim.
Avj pardada bitar she'ru dostonim,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Hali Himolaydan oshar parvozim,
Ummonlar ortiga yetar ovozim.
Bulbulni lol etar sayragan sozim,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Netay, mangu yashash kelmas qo'limdan,
Qayga chopmay, qochib bo'lmas o'limdan.
Har bir dam g'animat qolmay yo'limdan,
Chunki seni juda sevaman hayot!
Men seni ortiqroq sevaman yordin,
Ortiqroq sevaman doston, ash'ordin.
Ortiqroq sevaman hatto Asrordin,
Chunki seni juda sevaman hayot!
* * *
Sen oy bo'lsang, men oftob,
Men yer bo'lsam, sen osmon.
Sen g'am cheksang, men xarob,
Sen quvonsang, men shodmon.
Bor narsada juftmiz biz,
Faqat bizda bitta ishq.
Sen yagona, men yolg'iz,
Sen ma'shuqsan, men oshiq.
* * *
Judayam sog'indim, ko'rsam jamoling,
Tur tog'iday qulab tushaman beshak.
Bir on nasib etsa shirin visoling,
Yuragim sevinchdan portlasa kerak.
Toqatim qolmadi, ko'ray jamoling,
Keyin Tur tog'iday qulayin mayli.
Mayli, bir on totay shirin visoling,
Keyin ko'ksim ushlab o'layin mayli.
* * *
Yillar o'tsa hamki Odam zuryodi,
Hanuz kecha-kunduz qiladi mehnat.
Toshdan yo temirdan ekan saboti,
Halol mehnat qilib izlaydi rohat.
* * *
Agar kaslar qalbing etsa yarador,
O'ch olishda, haddan oshmagin zinhor.
Sen insonsan, doim inson bo'lib qol,
O'ch olish uchun ham bor odil me'yor.
* * *
Bitta pashsha o'ldi, o'ldi suvarak,
Bundan zarra ozor chekmadi falak.
Sen shunday yashagin, ko'z yumgan oning
Osmon ko'z yosh to'ksin, solsin guldurak.
* * *
Deydilar, qirag'ay mergan ham hatto,
Goho o'q uzganda qiladi xato.
Biroq kimdaki pok ko'ngil dunyosi,
Ijobat bo'ladi barcha duosi.
* * *
Yo alanga olar, yo kul bo'lar cho'g',
Yo nishonga tegar, yo yo'qolar o'q.
Ayo, arosatda qoldirma meni,
Yo visol, yo zavol – uchinchi yo'l yo'q.
* * *
Insofsizga so'zing qilmagin isrof,
Hali tuzalmagan so'zdan noinsof.