Qobirg'asin sanab qo'ydi shabboda

Munavvara Yusupova

Muallif haqida: Munavvara YuSUPOVA — 1958 yilda tug'ilgan. Toshkent davlat madaniyat institutida tahsil olgan. “Muhabbat yo'li”, “El farzandi”, “Oltin beshik”, “Munis nidolar” she'riy va nasriy to'plamlari chop etilgan.

MEN HAMMAGA do'stman …

Men hammaga do'stman, mening do'stim yo'q

Devona bir umid charchadi, toldi

Xazonrez bog'larning kami, ko'sti yo'q

“Mevalar…” yer bilan bir bo'lib qoldi.

 

Xazon quchog'ida barq urar xumor,

Ehtiros maysadan gullar tutadi.

Betoqat hayajon ming yildan buyon,

O'zini unutib, kimni kutadi?!

Men hammaga do'stman, mening do'stim yo'q…

* * *

Men o'zimni qolipga soldim,

Bosib, yanchib, chiqmaysan, dedim.

Neki bo'lsa, bo'lar orada

Chegarani yiqmaysan,   dedim…

Opam, singlim — kunu tun egiz,

Ular neni bersa olaman.

Ular bilan qolganda yolg'iz…

Men o'zimni tanib qolaman.

* * *

Hayot buncha ko'ylaging go'zal,

O'rik gulin qanday naqsh etding?

Yashillik — bu, hayot deb, avval

Qushlaringga qanot baxsh etding!

 

Hayot buncha dimog'laring chog',

Gullar hidi sarmast qildimi?

Bir bor kiyib ko'ray deb, shu chog'

Ko'ylagingni…

olganimni, birov bildimi?

HAR ON…

Har tong, har kun, har on

Umid qilib kutaman seni…

Kirib kelar bitta xushxabar,

Beg'uborlik bo'ladi uni…

 

Har tong, har kun, har on,

Kelishingni kutaveraman…

Sog'inchimdan rangu ro'y somon,

G'arib kulbam, miskin bu chaman…

 

Har tong, har kun, har on…

Ne'matini berar Xudoyim…

Yuragimni turtkilar hamon,

Sensizlikdan o'tgan bu oyim…

MEHR KETGAN

Mehr ketgan yo'llardan,

Muhabbat yig'lab   borar.

Kimga… yetgan yo'llardan,

Muhabbat yig'lab   borar.

 

Ko'z yoshlarini to'kib,

Hayot xamirin qorib,

Kiyimlari so'kilib,

Muhabbat yig'lab borar.

 

Qaytmadi-ey, qaytmadi,

Mehrjoni qaytmadi.

Aytmadi-ey,   aytmadi,

Vidolarin aytmadi.

 

Mehnatlari qiyin-ey,

Zahmatlari tayin-ey,

Har daqiqa sayin-ey,

Muhabbat yig'lab borar.

 

Sodda to'ldirar to'rni,

Himoyalar, kim xo'rni,

Berarmi yana qo'rni,

Muhabbat yig'lab borar…

* * *

Qonlarda o'sgan   gulim,

Nega kulding?

Dilimni qitiqlagan,

Ko'zimda tonglar   otdi…

 

Jonlarda o'sgan   gulim,

Oh, buncha titrayapsan?!

Epkinlardan qo'rqaman,

Kimdir uzmoqchi   ekan…

 

Shonlarda o'sgan gulim,

Qaydan buncha   kuch-quvvat?!

Bilasizmi, aslida

Yagona kuch muhabbat,  muhabbat…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =