Qaytadan porlagan qadim chirog'ing…
ISTIQLOL QASIDASI
Istiqlol dillarni to'ldira keldi,
Chirmovuq tomirin so'ldira keldi,
Asl insonlikni bildira keldi,
Uyg'onish zamoni muborak, yurtim.
Yomonning yolg'oni – yolg'on yomoni,
Yolg'onning zamoni – zamon yolg'oni.
Qallob istibdodning evrilish oni
Fosh bo'lgan yolg'oni muborak, yurtim.
“Kecha va kunduz”dan iborat hayot,
Kunduzidan bo'ldi mosuvo nahot?
Kunduz shu'lasidan ko'kargan bahor,
Cho'lponning armoni muborak, yurtim.
Sindi zulumotning qo'rg'oshin rangi,
Oqarib otmoqda istiqlol tongi.
Dilga nur yo'llasin, qo'llasin tangri,
Armonning Cho'lponi muborak, yurtim.
Fikr erkin bo'lmay ozod bo'lmas ruh,
Ko'ngil ozod bo'lmay to'kilmas anduh.
Nurlanib, hurlanib kelganda shukuh,
Imtihon dovoni muborak, yurtim.
Istiqlol istisno el g'ofil agar,
Bir-birin yiqishda to mashg'ul agar,
Onalar qo'lida ketmon g'ul agar,
Iztirob imkoni muborak, yurtim.
O'zingdan o'rmasin toshbag'ir zobit,
Bemahal hech uydan chiqmasin tobut.
Vijdoning tig' bo'lsin, iymoning – sovut,
Yassaviy iymoni muborak, yurtim.
Istiqlol ko'zlari tiyrak boladir,
Asrlik tarixdan saboq oladir.
O'zbek omon bo'lsa u ham qoladir,
Cho'ng tarix o'g'loni muborak, yurtim.
Uchlaring uzaysin ko'karmoq chog'ing,
Yonlaring yayrasin, berk bo'lsin bog'ing.
Qaytadan porlagan qadim chirog'ing —
Turon Turkistoni muborak, yurtim!
1991.
YaNA KELAR SEN KUTGAN BAHOR
Qo'y, oh chekib o'rtanma buncha,
Tabassum qil, ko'zlari xumor.
Bitta bo'lmas butog'da g'uncha,
Boshqasining ochilmog'i bor.
Sabr aylagil tag'in kelguncha
Yana kelar sen kutgan bahor.
Hayot o'zi shunday azaldan,
Yonma-yondir iqror va inkor.
Gul-maysali go'zal qirning ham,
Nazar tashla, past-balandi bor.
Guldan to'shab poyingga gilam
Yana kelar sen kutgan bahor.
Kelar, salqin, so'lim bir sahar
Huzuringga yeladi tulpor.
Orzulari orzungday toza,
Qarshingda bosh egib shohsuvor
Qo'llaringga qo'lini qo'yar,
Yana kelar sen kutgan bahor.
Endi uni eslama, suluv,
Lutfu karam aylamas ag'yor.
Oqillarning bashorati bu:
Bir zahmatning bir ehsoni bor.
Unut uni, o'ylaringdan quv,
Yana kelar sen kutgan bahor!
1972.
SOG'INISh
Necha yilki, yashayapman shaharda,
Orzularga, umidlarga sig'inib.
Beixtiyor uyg'onaman saharda,
Shovullagan yong'oqzorni sog'inib.
Nigohimni qo'shni ravon sehrlar,
Unda kaklik to'r qafasda sayraydi.
Tanish navo sarxush etib saharlar,
Ko'nglim dala gullariday yayraydi.
Buni har kim sharh etadi o'zicha,
Xotin-xalaj kuyunib bahs boylaydi:
“Xudo haqqi, odamlarning ko'zicha,
Har kun sahar qo'shni qizin poylaydi…”.
Yashayapman, xullas, barcha singari,
Taraqqiyot sharobidan bo'lib mast.
Ammo alvon lolazorda bir pari
Imo qilib, tushlarimda tinch qo'ymas…
1976.
EY KO'NGIL
Nopisand bosma xazon yaprog'ini,
Boshing uzra esla soya chog'ini.
Tangri hukmiga azal bir chora yo'q,
Bandasi bilmas kelib-ketmog'ini.
Istasa bergay shifo bemoriga,
Dard berib solgay sinovga sog'ini.
Umr o'tar daryo kabi qalqib oqib,
Aylagil taqdir nasib qirg'og'ini.
Rabbano qodir o'zi, g'ofir o'zi,
Har nafas tortib turar qarmog'ini.
Boq, quyoshni qon etib har ro'zi shom
Na uchun ko'z-ko'z etar o'rog'ini?
Bilmasa me'yorini oftob ham
Quvratar bog'i chaman har yog'ini.
Ey ko'ngil, bul hodisot ibrat senga,
El aro fasona et kelmog'ini.
Olmoq ersang bir g'arib ko'nglini ol,
Ayro etsang, ayro et dil dog'ini.
Sa'di olloga yetar qirmochi ham,
Yori jonga tuhfa qil qaymog'ini.
Shon desa yo'l oldi deb Toshkanni ayt,
Sha'n desa ko'rsat Nurota tog'ini!
2000.
GARAShALIKLAR QO'ShIG'I
Bug'doyzorda yelga yetak navo oqar,
Kun tig'ida bulutlardan tahsin yog'ar.
Bu diyorni sevganlarga baxtlar boqar,
Yurt qadriga yetmaganni chaqmoq ursin.
Garashalik, agar ishi ketsa ham chap,
Oq sut bergan onasini ketmas tashlab.
Kim bilmasa umri uchun buni matlab,
Baxtga yetdim deganida chaqmoq ursin.
Boychechakni bolasidek suymasa kim,
Rizqu ne'mat tuproq isin tuymasa kim,
Bir gul so'lsa, armon ichra kuymasa kim,
Gulga qo'li yetgan choqda chaqmoq ursin.
Tuyoqlari uchqun sochib tulpor yelar,
Tun bag'riga titroq solib tog'lik kelar.
Ul kelguncha uyda chiroq o'chsa agar,
Yor izzatin bilmaganni chaqmoq ursin.
Taslim bo'lmas g'urur eli tog'lar mangu,
Bo'liq siyna bo'sa bergan chog'lar mangu,
Xiyonatdan qalbda qolgan dog'lar mangu,
O'zga boqqa ko'z tikkanni chaqmoq ursin.
Bahor keldi, qani sening turnalaring,
Samovotga osudalik tilaganing?
Gar yo'q esa ma'qul bunda turmaganing,
Do'ppitalab boshginangni chaqmoq ursin!
1975.
ORZU
Davrada o'tirgan chollarga yoqib
Odobi, suhbatga bo'ldimi mavzu,
Der edilar ochiq yuz bilan boqib:
“Sa'dulla Hakimning nabirasi bu!”.
Meni xayol olar, bilmas nihoya,
Tasavvur etmakka bor, axir, haqqim.
Avlodimni ko'rib aytsalar shoyad:
“Bobosin degaylar Sa'dulla Hakim!”.
2016.
POLOPON
Qaldirg'och keltirsa og'zida suv-don,
Bolasi tumshug'in tutar shodumon.
Sen ham lablaringda asal ber menga,
Men esam, har safar bo'lay polopon!
2017.
QAY ZAMON
Ismingni she'rimga qo'shdim, qay zamon
Kimdir kitobimni varaqlagan on,
Tilga olar ekan go'zal ismingni
Mening ham nomimni eslar begumon.
2015.
KEKSA TUT
To'kilmoqda olcha barglari,
Yomg'ir tuman kabi quyilar.
Bo'sh qo'llarin cho'zib keksa tut
Yo'lchi kuzga iltijo qilar:
“To'xta, tashlab ketma beshafqat,
Orzum edi har yashil yaproq.
Tirik turib azobdir, faqat
Xotiralar bilan yashamoq…
1976.
YoNGAN DIL
Sizga duch kelganda sezaman,
Yuragim patirlar qush kabi.
Sababi — men sizni sevaman,
Men sizni istayman, sababi.
Ehtimol, mening bu hasratim
Sizga bir ermakdek tuyular.
Yonganni tushunar yonsa kim,
Kim sevsa bir kuni sevilar!
1976.
O'ZBEKLAR
O'zi yemay qavmiga
Edirguvchi xalqdir bu.
O'zi yupun qolsa-da
Kiydirguvchi xalqdir bu.
Hatto og'ir yillarda
Yig'magan dasturxonni,
Yassaviydan bir misra,
Bir burda qora nonni
Qo'rli sandal ustida
Ko'p bilan ko'rgan baham.
Sog'inmagan yomonlik
Etti yot zotlarga ham.
O'sha shavandalikni
To hanuz etmagan tark.
Tilida G'arb kalomi,
Dilida donishmand Sharq.
Quvonch kirsa uyiga,
To'y qozonin osadi.
Xalqi bilan semirib,
Xalqi bilan ozadi!
1989.
ZAYNAB
Kumush dedim, Otabekcha qayg'urdim,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan.
Sen chekkan g'am mening-da o'z
qayg'umdir,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan.
Ana, Kumush ot choptirib kezadi,
Otabek tulpori jilov uzadi,
Ot tuyog'i mening ko'ksim ezadi,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan.
Inson ojiz jahongir rashk qoshida,
Ummon nima dil to'kkan ashk qoshida,
Kim qizg'anmas ishqni Zaynab yoshida,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan.
Ko'rdim seni, Zaynabsan yo Kumushsan,
Bir sho'x boqding, bir qarasam,
xomushsan.
Otabeklar bunchalar kam demishsan,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan.
Seni o'ylab sochlarimda qor, mana,
Ko'kragimda bir oshiq qush zor, mana,
Zaynabning ham Otabegi bor, mana,
Sen ham zaynab o'z elimning qizisan!
1991.
NAVOIY VA BOBUR
Ona tili ori, g'ururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan so'z ayta turib,
Tilga Bobur kelaveradi.
Olti kunda yaralmish olam
Va odam ham. Shukrona ayta
Biz fevralning olti kunida
Tug'ilamiz har yili qayta.
Hali borliq qish uyqusida,
Hali ko'zin ochmayin bodom,
Turkiy zamin kengliklarida
Chaparasta gullaydi odam.
Sen, ey ko'ngil, gar tilarsan xo'b,
So'z sehridan umringga najot,
Mir Alisher etagini o'p,
Borib Mirzo eshigida yot…
Ona tili ori, g'ururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan so'z ayta turib,
Dilga Bobur kelaveradi!
2011.
KATTA YO'L
Katta yo'lga tutashgan
Bu yo'l tog'u qir osha –
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha.
Kimdir bulutdek shoshgan,
Kim vazmin qadam tashlar –
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha.
Dildan sel kabi toshgan
Sog'inchlar yo'l qarashar –
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha.
Bir iz qoldirdimmi men,
Chin farzandga yarasha —
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha.
Yuragim yuvgan toshqin
Kiprigimga ilashar —
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha.
Yo'q, o't-o'lan etmas band,
Yo'lovchi bor, yo'l yashar –
Garasha, Jizzax, Toshkent,
Toshkent, Jizzax, Garasha!
2011.
SENI SEVDIM
O'n sakkizingda, ey gul, zor seni sevdim,
Bag'rimni o'rtasa ham nor, seni sevdim.
Nadir gunoh? Gunoh sevmoq agar bo'lsa,
Ortdi gunohimki, takror seni sevdim.
Kuymasin deb mendek ishqingda, yana
Suymasin deb mendek ag'yor, seni sevdim.
Sog'inmoq kasbimdir,
sevmoq seni – ishim,
Bekor gap kim desa bekor seni sevdim.
Bormi fasl tag'in sevgida o'tkazay,
Kuz, qish yana yozu bahor seni sevdim!
1976.
OShKORALIKNI TUShUNISh
Oshkoralik desa manavi bu zot,
Doim saf oldida yurishga moyil,
Orqada qolishdan cho'chib, shu zahot
Qip-yalang'och bo'lib olibdi, qoyil!
1986.
EY RAFIQ
Ey rafiq,
Buningdek nokaslik nechun,
Past ketma, baland tur, aytay bir qiyos.
Makoni yuksakda bo'lgani uchun
Barchaga barobar nur sochar quyosh!
1987.
EPIGRAMMA
— Nahotki o'zgargan bo'lsa ahdu kom,
Tiriklar kushodu o'liklar badnom?
— Nishon ko'rsatdiyu sharaf in'omi
Rasullik da'vosin ayladi g'ulom.
1987.