Sukunatga singib, tin olar tovush
Jamol Kamol,
O'zbekiston xalq shoiri
Sakkizliklar
Aziz mushtariylar!
Ustoz Jamol Kamol kichik she'riy janrlarda ham yetuk mahorat ila qalam tebratolgan ijodkor. Shoir bisotidagi ikki yuzdan ortiq sakkizliklar buning yorqin dalilidir. Biz ulardan ayrimlarini e'tiboringizga havola etdik.
* * *
Uni nasib etdi menga Xudoyim,
Yulduzlar yonadi uning ohida.
Nima u, shivirlab turguvchi doim,
Ruhimga zamzama solib gohida?
She'riyat, birovning ko'zidagi yosh,
Birovning bo'yniga osilgan toshsan.
Dunyo bor ekanki, bo'lmaysan adosh,
Mening osmonimda yongan quyoshsan…
* * *
Oqshom cho'kar, zulmat bosar tim qaro,
Sukunatga singib, tin olar tovush.
Shabnamga burkanib yotgan bog' aro
Tungi nolasini boshlaydi Haqqush.
Haq deb qichqiradi Haqqush har kecha,
Qichqirib, o'zini g'amga o'raydi.
Falakka ko'z tikib oppoq tonggacha,
Insonlar qavmiga najot so'raydi…
* * *
Nafratni dunyoga keltirdi odam,
Keyin nafrat to'kdi odam qonini.
Odamzod qaytalab o'tda yoqsa ham,
Nafrat bo'shatmadi giribonini.
Jang borar, o'rtada muhabbat qalqon,
Kurash davom etar, bitmas hech qachon.
Inson bitgan kuni nafrat adodir,
Nafrat bitgan kuni adodir inson…
* * *
Ufqdan bo'g'riqib chiqayotgan oy,
Xumoringman, ko'tar oltin barkashing.
Shu mudroq oqshomga o'zing bo'l Humoy,
Butoqlardan oqsin ipak otashing.
Ana, samo bo'ylab yoyildi zarhal,
Shu'lalar qarshimda yondilar mayin,
Ko'zim qarog'ini to'ldirib avval,
Ko'nglim bulog'iga oqdilar keyin…
* * *
Ko'rib qoldim nogoh, yuksakda o'sgan
Bolalikdan oshno keksa bir gujum,
Hisobsiz burushuq – ajinlaridan
Ko'z yoshi oqizib turadi yum-yum.
– Hoy, boboy, ne bo'ldi, holing parishon,
Nega xo'rsinasan, nechun iztirob?
– Kovagimda bir payt yovuz bir ilon
Chumchuq uyasini etmishdi xarob…
* * *
Sening ishqing menga bir kosa suvdir,
Lablarim qovjirab, boqaman tashna.
Ichmasam – sharbatdir, ichsam – og'udir,
O'zing najot ko'rsat, o'zing yo'l boshla.
Ishqing – tog'lar aro go'zal ohudir,
Otsam – dilporaman, otmasam – dilxun.
Jonim, ishqing menga ajab qayg'udir,
Tortsam – savdoyiman, tortmasam – majnun…
* * *
Ko'yingda necha bor aylandi boshim,
Yomg'ir kechib yurdim, kiyimlarim ho'l.
Aytib bermadimi senga sirdoshim,
Ostonangga borib tutashguvchi yo'l?..
Unsiz faryod chekdim, ko'rsat deb visol,
Yeru ko'kni tutdi isming, ovozang.
Necha bor suyandim horg'in, bemajol,
Aytib bermadimi senga darvozang?..
* * *
Sen ham ko'rasanmi meni tushingda
Farishtalar ko'kda tuzganda bazm?
Tutashib ketarmi, jonim, o'shanda
Shirin nafasingga mening nafasim?
Ko'kda farishtalar kuzatar meni,
Men esa ayrilib aqlu hushimdan,
Qo'rqaman har safar o'pganda seni,
Ayrilib qolmay deb ko'rgan tushimdan…
* * *
Sehrgarsan, o'zing bilmaysan ammo,
Sen gohi g'azabga to'lib-toshgan dam.
Ko'raman ko'zingda timqora samo
Va unda chaqinlar taloshini ham…
Sehrgarsan, o'zing bilmaysan ammo,
Sen gohi sevinchga to'lib-toshgan dam,
Ko'raman ko'zingda nurli bir dunyo,
Ufqida iqbolim quyoshini ham…
* * *
Bo'ronlar tanimni otdi har taraf,
Chaqmoqlar bag'rimni yoqdi beomon,
Sening ostonangga bargday qaltirab,
Yiqildim oqibat behush, bedarmon.
Chalajon yotibman… Lekin bir orzu
Menga jon bag'ishlar, eshit, jonona.
Yana bo'ronlarga duchor bo'lsamu
Sening ostonangga yiqilsam yana!..
* * *
Deymanki, dunyoda jaholat o'lsin,
Kishi o'z naslini o'zi bo'g'adi.
Unutma, hoy bola, yodingda bo'lsin,
Millatni erkakmas, ayol tug'adi.
Ayolning g'ashiga tegaverma ko'p,
Turmushning rohati senga kam bo'lar.
Ayolning boshini egaverma ko'p,
Millatning boshi egik, xam bo'lar…
* * *
Shaytonlar galasi yashaydi yerda,
Yuraklarda kezar sharpasi, vahmi.
Qaylarda yuribdi, qaysi bir go'rda
Insonga pand bergan Azozil qavmi?
Savol qarshisida qotib turma lol,
Dema, qaydan topay bugun ularni?
Sen asta sinchiklab atrofga ko'z sol,
Shaytonning qavmi bil munofiqlarni…
* * *
Bir qushcha yig'laydi bo'g'ot tagida,
Uvoqqina qalbi qayg'uga to'lib.
Ne ajab, bir qatra yosh pardasidan
Olam ko'rinadi yoshga g'arq bo'lib…
Bir qushcha quvnaydi bo'g'ot tagida,
Uvoqqina qalbi quvonchga to'lib.
Ne ajab, bir zarra nur pardasidan
Olam ko'rinadi nurga g'arq bo'lib…
* * *
Shom edi. Birovni etdilar dafn,
Zarang, sovuq yerning bag'rini o'yib.
Qora lashkar kabi bosib keldi tun,
Qoldi yolg'iz qabr dardli qorayib.
Tun og'ib, yulduzlar yosh to'kib milt-milt,
Oy nuri sinarkan mozor toshida,
Soyaday sudralib keldi-da bir it,
O'ksib uvvos soldi qabr boshida…
* * *
Shodlik – o'ynoq, ohu, arslondir – g'azab,
Loqaydlik – sovuq va qo'rqinch bir ilon.
U loqayd, olamga boqar betaraf,
To'yda ham azada birday sovuqqon.
Etib kel boshiga, hakimi hoziq,
Etib kel boshiga, sevinch va qayg'u.
Qah-qah urib kulsin, ingrasin yoniq,
O't bo'lsin, suv bo'lsin – odam bo'lsin u.
* * *
To'ymi yo ma'raka, har holda yig'in,
Yonib so'z aytardi o'rtada o'g'lon.
Qo'shnim qo'shnisiga engashib sekin,
Shivirlab dediki, hammasi yolg'on…
Oshnam, sayrayverma huda-behuda,
Izzating sazasi qaytgay, qaytmagay.
Odamlar shivirlab bir-birlariga,
Hammasi yolg'on, deb yana aytmagay…
* * *
Havo siyraklashib, bo'g'ilar nafas,
Soatlar ketidan soat o'tadi.
Yolg'on chuldiraydi hamon, tinchimas,
Haqiqat bir chetda navbat kutadi.
Haqiqat – yigitdir, yolg'on – xunasa,
Yolg'onning dardiga, do'stlar, davo yo'q.
Majlisda haq so'zga navbat yetmasa,
Jamoat uyida, demak, havo yo'q…
* * *
Kecha Beshog'ochda Yo'lchini ko'rdim,
Turardi mardikor do'stlari bilan.
Qaytib keldim, dedi, yo'limni burdim,
Mirzakarimboy ham qaytdi moziydan…
– Qachon qaytdingizlar? Dediki, bugun.
Nechun qaytganini ammo aytmadi.
– Unsin-chi? Gulnor-chi?.. Xo'rsindi uzun,
Dedi: hamma qaytdi, Oybek qaytmadi…
* * *
Darvozang taqillab qoldi nogahon,
Kimdir eshigingni qoqdi bir kuni.
Sen esa qo'ymading, haydading hamon,
Hattoki itingga talatding uni.
Kim edi ul sayyoh, eshikdan quvib,
Juldur choponli deb etmading qabul?
Haqning dargohidan inoyat bo'lib,
Eshigingga kelgan Qur'on edi ul…
* * *
Hofiz davralarda qo'shiq aytmasa,
Tog'larga borarmish aytib navoni.
Aytgani jaranglab, eldan qaytmasa,
Toshlardan kutarmish aks-sadoni.
Shoir so'z aytgali kelar dunyoga,
Indamay jim turish shoirga – o'lim.
Qaysi toqqa boray, qaysi daryoga,
Tovushlarga to'lib ketganda ko'nglim?
* * *
Biz yerni ataymiz saxovatpesha,
Va lekin bizni ham rizqim, deydi Yer.
Yerni yeb yashaymiz biz-ku hamisha
Va lekin bizni ham bir kun yeydi Yer.
Shuni esda tuting, yoru yo'ldoshlar,
Qarangiz, bu qandoq demish bo'ladi.
Em bo'lgan bir kuni yemoqqa boshlar,
Eganlar bir kuni yemish bo'ladi…
* * *
Mehring darig' tutib, g'azab aylama,
Bir burda noningni qo'ya tur nari.
Qahring otashida yonmasman, ammo
Mehring qatrasida cho'kaman, pari.
Birpas shafqat bilan egil boshimga,
Ko'zimga termilib, ayla tabassum,
Tush, desang, tushaman xuddi do'zaxga,
Yon, desang, lovillab yonaman shu zum…
* * *
Bola ekanimda xayol – ovunchoq,
Yulduzlar yoqardi yosh yuragimda.
Menga tutqich bermay gijing bir toychoq
Hadeb aylanardi tevaragimda.
Umr yo'llarida qolmadim yayov,
Yaqin bo'lib qoldi yiroq osmon.
Ammo o'sha toychoq tutqizmay jilov,
Mening atrofimdan aylanar hamon…
* * *
Necha bir to'ning bor, ko'rdim barchasin,
Choponim bitta deb turmaysan qarab.
Birini shart yechib tashlab, boshqasin
Kiyib olish senga bir lahzalik gap.
Men esam qishmi-yoz, issiqmi-sovuq,
Egnimda shu eski, juldur choponim.
Uni yechar bo'lsam, boshqa to'nim yo'q,
Qahratonda qolib, qaqshaydi jonim…
* * *
Maqtanma, negakim nasabing ulug',
Beklar maqtanmaydi, qullar maqtanar.
Oqillar hech zamon maqtanarmi, yo'q,
Nodonlar maqtanar, go'llar maqtanar.
Dunyo unutarmi asrlar osha
Turkiston arsloni chekkan na'rasin?
O'zbek bo'l, donishmand bek bo'lib yasha,
O'zbekqul bo'lishdan Xudo asrasin…
* * *
Do'stim, tunda turib, ufuqlarga boq,
Nur toshar gohi sho'x, gohi asabiy.
Onalar uxlamas, onalar uyg'oq,
Bedorlikning buyuk tangrisi kabi.
Muazzam zaminni oy nuri emas,
Shu ko'zlar ziyosi chulg'amish butun.
O, agar onalar ko'z yumsa birpas,
Jahon qopqasiga yopriladi tun…
* * *
Payg'ambarni Alloh siylamish tugal,
Karamlar ichida eng oliy karam:
Boshini sajdaga qo'yganda har gal
O'zni unutarkan Rasuli akram…
Ey bandayi mo'min, tiriksanki, bas,
Bir yuzing oq esa biri qarodir.
Sajdaga boshingni qo'yib, bir nafas
O'zni unutishga bo'ldingmi qodir?