Ilk sevgimni eslatdi yaproq…

Muallif haqida: Ozod XUShNAZARZODA — 1951 yili Ohangaron tumanida tug'ilgan.

Muallifning “Soat chiqillaydi”, “Qarshingizga keldim”, “Millatim, dardingga darmonman”, “Atirgul” nomli she'riy to'plamlari chop etilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

Uchqur otday   tinmay yugurmoqda vaqt,

Go'yoki chaqmoqday   o'tmoqda umrim.

Bisyor anduh ichra o'tmoqdadir vaqt,

Zanjirlab   keladi uni tashlagim.

Vo ajab   uyquga ko'zlar   to'ymaydi,

Zulukday   tunlarim o'tmoqda bekor.

Bunchalik uzun tun   ham bo'lmasaydi.

Qancha soat uyqu, qanchasi bedor…

 

Beldan quvvat ketdi, og'riydi tanim,

Xasta oyoqlarim bazo'r   sudralar.

Hazin jilmayadi   oltmish besh yoshim,

Oldinda ne qismat, Yaratgan bilar.

 

Sog'inib yashadik uchrashuv   onni,

Aziz sinfdoshim — do'stu yoronni.

Bu dunyo g'animat — ne'mati ham shu,

Ey do'stim, hayotning shudir hikmati.

 

Bir ajib, bir sirli   quyulmoqda shom,

Masjiddan yog'ildi   ajoyib azon.

Necha kun qalbimga bermagan orom,

So'ngsiz xayolimni ko'mvordi xazon.

 

                            * * *

Istanbul   lavashin joyida yedim,

Dehli chavatisi ham chakki emas.

Kimki   nima aytsin o'zimcha dedim,

Har kim o'z taomin   hech yomon demas.

 

Olloh ne'mati ko'p, olam g'oyat keng,

Bugun bormoq mumkin   turli tomonga,

Hech qanday mo''jiza kelolmaydi teng,

O'zbek tandiridan   uzilgan nonga…

 

                                * * *

Ey, do'stim, dunyoga   mehmon bo'ldik biz,

Ollohimga qutlug', iymon   bo'ldik biz.

Bir   g'aroyib, turfa zamon ko'rdik biz,

Afsus, dunyo o'zi   bir damlik ekan…

 

Ey, do'stim, yashashga   ajib imkon bor

Ruhim tetik, xushnud, belda darmon bor

Onam erta ketdi, dilda armon bor,

Afsus, dunyo   o'zi bir kamlik ekan..

 

Ey, do'stim, bir   kuni biz ham ketarmiz,

Yaratgan Egamga   yetarmiz.

Jannat rayhonlarin obod etarmiz,

Afsus, dunyo   o'zi   bir damlik ekan….

 

             * * *

Eh, bu foniy dunyoda,

Na bir do'st, na yor qoldi.

Bedorlikda oh cheksam,

Xotiralar avj oldi.

 

Do'st-yoronning nazdida,

Tetik, shahdam yuraman.

Lekin men-chi, aslida,

Yurak-bag'ri poraman.

 

Men gulimni yo'qotdim,

Xuddi tirik murdaman.

Tanam bazo'r sudralar,

Bir oyog'i go'rdaman.

 

Hiralashar ko'zlarim,

Qaltiraydi qo'llarim.

Ba'zan o'yga tolaman,

Loyqalandi   yo'llarim.

 

Umr, qarang, tez o'tdi,

Umr o'tib ketdi-ya.

Hayotim nihoyasida,

Nafas olyapman yolg'iz…

 

Bu qandayin ko'r dunyo,

Yaxshi uchun zindondir.

Yovuz uchun zo'r dunyo,

Boylik, zo'rlik, imkondir.

 

Kimdir unvon olmoqda,

Kimdir esa nimarsa,

Goho ash'orlar bitdim,

O'qib ko'rsam…hech narsa…

 

                        * * *

Ko'hna   daftar…Varaq qatida,

Ilk sevgimni eslatdi   yaproq…

Yillar olib ketdi kaftida,

Bugun sevgim bir siqim tuproq…

 

Ayb kimda deb izlamoq nechun?

Endi afsus….kimga ham darkor!

Yashayapman sevgimiz uchun,

Yo'q, sevgimiz   o'lmagan, bekor!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =