Zarracha achinmay tashlab ketar baxt
Turob Niyoz
ASRAGIN BIZNI
Asrasin bizni Alloh , vatanni suymaslardan,
Vatan deb yonmaslardan, vatan deb kuymaslardan,
Vatan ishqin qalbiga imonday tuymaslardan,
Asrasin bizni Alloh, vatanni suymaslardan.
Vatanni suymaganlar xalqqa ham qo'ymas mehr,
Boylikdan o'zgasiga e'tibor bermas axir,
Shuni hayot deb bilgay, shuni degaylar taqdir,
Asrasin bizni Alloh vatanni suymaslardan.
Hatto ona tilini boshqa tilga almashgay,
So'zlasa o'z tilida, tutilib, yuz adashgay,
Tanla desa birini, o'zga tilni tanlashgay,
Asrasin bizni Alloh vatanni suymaslardan.
Qayda ta'lim olganlar, qayda olgan tarbiyat?
Otayu onalari nimani qilgan niyat?
Ha, bu katta fojiadir, sharmandalikdir g'oyat,
Asrasin Alloh bizni vatanni suymaslardan.
BO'RILAR
Ertaklarda laqmadir bo'ri,
Tulki esa ayyor, ustamon.
Yomonlarning quriydi sho'ri,
Muammolar yechilar oson.
Hayotda-chi, sal boshqacharoq,
Bo'rilar ham makkoru ayyor.
Tulkilarga dars berar beshak,
Nafsi uchun bariga tayyor.
MAQTANChOQ
Kimdir tirgak bo'lmasa senga,
O'z qo'lingdan biron ish kelmas.
Mushtlamay qo'yaqol ko'ksinga.
Chiranishni qilaqolgin bas.
“Daho” deysan o'zingni o'zing,
Osmonlarda uchib yurasan.
Gapirasan chertib har so'zni,
Davralarda loflar urasan.
Aslida-chi, o'z hayotingda,
Bironta ham qo'riq ochmabsan.
Haqiqatni ro'y-rost aytganda,
Tayini yo'q bir maqtanchoqsan.
TO'ZON
Beg'ubor osmonni qopladi to'zon,
Yerga ham yog'ildi begona changlar.
Bundan ozor chekdi ko'plar begumon,
Shifokorga bordi ahvoli tanglar.
Balki bizga Alloh bergandir saboq
Ko'zingday asra deb tuproq, havoni.
Yo'qsa ahvolimiz bo'lgaydir chatoq,
Izlab topolmasmiz kerak davoni.
MEN ENDI YaShAYMAN…
Tan olaman, sensiz qiyindir menga,
Tugaydi quvonchlar, tugar zavqu shahd.
Pushaymon bo'laman tug'ilganimga,
Zarracha achinmay tashlab ketar baxt.
Ko'zlarimdan esa yosh oqar tinmay,
Ularni to'xtatib bo'lmaydi sira.
Yuragim o'rtanar, hech nima sig'may,
Bulutlar qoplagan osmonday xira.
Lablarim unutib qo'yar kulguni,
Guldayin ochilib, otmaydi xanda.
Yoddan ham chiqardim shirin uyquni,
Xotirjamlik yo'qdir ruh ila tanda.
Shunda sen kelasan zarra sezdirmay,
Ko'zlarim yopasan qo'llaring bilan…
Men endi yashayman seni bezdirmay,
Cheksiz sevgi, tiniq o'ylarim bilan.
BU OQShOM
Bu oqshom munchalik sokindir, qarang,
Osmon ham ko'ngilga yaqindir, qarang,
Buloqday tiniqdir, yorqindir, qarang,
Bu oqshom munchalik sokindir, qarang.
Yulduzlar jam bo'lib, suhbat qurmoqda,
Oy esa jimgina xayol surmoqda,
Anhor majnuntolning sochin o'rmoqda,
Bu oqshom munchalik sokindir, qarang.
Daraxt yaproqlari qimirlamaydi,
Sukutga cho'mishgan – shivirlamaydi,
Hovuz ham tinchigan – jimirlamaydi,
Bu oqshom munchalik sokindir, qarang.
Shamol ham uyquda – olmoqda orom,
Orom olmoqdadir toliqqan olam,
Faqatgina bedor shoir va qalam –
Bu oqshom munchalik sokindir, qarang.
ChIDAYoLMAS
Boborahim Mashrab g'azaliga muxammas
Yor ishqining o'tiga inson chidayolmas,
Nafaqat bu zamin, hatto osmon chidayolmas,
G'arbu sharq, shimol, g'arib – to'rt tomon chidayolmas,
Xurshid yuzining shu'lasiga jon chidayolmas,
Kofir ko'zining zulmiga imon chidayolmas.
Imkon yo'qdir, ko'nglida ne borligin bilurg'a,
Iloj yo'qdir, yor birlan shodon o'ynab-kulurg'a,
Nahot yor rozi ersa, qalbim o'rtab, tilurg'a,
La'li labini tarifini sharh qilurg'a,
Ham lavhi qalam, kotibi devon chidayolmas.
Tonggi quyosh yanglig' porlasa, oy kabi to'lsa,
Misli gulday ochilsayu gulzorimda kulsa,
Bir umr ketmasa yiroqqa, yonimda bo'lsa,
Ul nozanin ar noz ila jilvagar o'lsa,
Ko'z solsa anga oqilu nodon chidayolmas.
Qani edi shafqat aylabon qo'limdan tutsa,
Yo'limga tinmay ko'z tikib, zor, intizor kutsa,
Meni deya hijronda zahar-zuqqumlar yutsa,
Bu hol ila ul sho'xi parizod guzar etsa,
Huru pariyu odamu g'ilmon chidayolmas.
Firoqning o'tida qovrilib, o'rtanib yotsa,
Ko'ksiga tig' kabi armonlar, qayg'ular botsa,
Lek zarra ham davo topmasa, chorasiz qotsa,
Men yutgan alamlarni agar zarrae totsa,
Doroi jahon, Xisravi davron chidayolmas.
Raqibni deb yor mabodo mendan butkul tonsa,
Menga emas, o'zgalarning so'zlariga inonsa,
Oqibat kaminamas, begonalar quvonsa,
Ummonga agar qatrai ashkim duri tomsa,
Malloh eliyu donai marjon chidayolmas.
KETAYLIK KO'NGLIM ENDI
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi,
Rad etma o'tinchimni, gapimga ko'ngil endi,
Arazu ginalarni bir chetga qo'ygil endi,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Unutaylik bor tashvish, yumushlar barchasini,
O'ylaylik yuragimiz – ko'ksimiz parchasini,
Ochaylik dunyolarga bag'rimiz darchasini,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Safar olgay odamning og'rig'u g'amlarini,
Nigohlarga qaytarar hayotning ranglarini,
Yana qayta yoqqaydir umidning shamlarini,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Toliqqan bu tanlarga shifo bo'lgay havolar,
Qaboqlarni silaydi yor qo'liday sabolar,
Qulog'imga chalinar soy bo'yidan sadolar,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Daraxt bir joyda o'sib, ko'karadi bir joyda,
To'g'ri kelmas bizlarga bu tartib, bu qoida,
Dunyoni ko'rish, bilish odamga faqat foyda,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Endi meni hech nima to'xtatib qololmagay,
Yuragimga na g'ulu, na gumon sololmagay,
Hech kimsa sening kabi do'st, hamkor bo'lolmagay,
Bosh oqqan tomonlarga ketaylik ko'nglim endi.
Muallif haqida:
Turob Niyoz — 1959 yilda Jizzax viloyatining G'allaorol tumanidagi Qoratosh qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (ToshDU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Muhabbat osmoni”, “Gullagan bog'lar”, “Muhabbat gullari”, “Ochiq yurak”, “Ko'ngilga murojaat”, “Ummon yurak” nomli she'riy kitoblar muallifi.