Hasratingdan aylagil ogoh

Orif TO'XTASh

 

Muallif haqida: 1976 yilda Ishtixon tumanida tug'ilgan. “G'unchalar tabassumi”, “Quyosh yo'li”, “Ko'ngilga tashrif”, “Vatan atri”, “Ajabtovur arznomalar” va “Baxtiyor bolalik” nomli she'riy to'plamlar muallifi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Shuhrat” medali sohibi.

 

                 YaNGI OY

Tun osmoni misli tegirmon,

To'lishgan oy – tegirmon toshi.

Va sochilgan yulduzchalar – don,

Tayyoralar — qumursqa, tashir.

 

Somon yo'li turar tutashib,

Bug'doyzorga, hu anov qirga.

Bulut – qopi bilan don tashib,

Har kun quyosh botadi terga.

 

Kechga borib yiqilar behol,

Qilmishidan qizarib rangi.

O'z-o'ziga beradi savol:

— Nahot shunday yashasam mangu?! –

 

Tirikchilik, har kun shu holat,

Joni hiqildog'iga yetdi.

Tegirmonga bug'doyni solib,

Ko'zi nogoh uyquga ketdi.

 

Udda qilolmadi lekin u,

Tatimadi o'g'rilik oshi.

… Ana, turar yarmi ko'rinib,

Sinib qopti tegirmon toshi.

 

TAQDIR

Osmon — katta kultepa,

Yulduzlar cho'qqa o'xshar.

Oy bezovta.

                   Kutgani –

Kelgani yo'qqa o'xshar.

 

O'tga solib bir zamon,

Yorining maktublarin.

Endi esa ko'ziga

Surmoqchiday kullarin –

 

Kezinadi umidlab,

Ko'zlarini yoshlaydi.

Parcha-parcha bulutlar —

Yoshin arta boshlaydi.

 

Yo oy sehrli ko'zgu,

Unda o'ksik qiz aksi.

Tanish chehra.

                     …Balki u —

Men sevgan qiz emasmi?

 

Tan olmayin vaqtida,

Jo'shqin muhabbatimni,

Qiymalab, so'ng olovga —

Otgan edi xatimni.

Endi…

           Osmon – bir hovli,

Yulduzlar izga o'xshar

Oy esa…

             Bir zulmatga —

To'y bo'lgan qizga o'xshar.

 

                         VATAN

Tug'ilganimdan to shu kunga qadar,

Nima topgan bo'lsam, shuni yo'qotdim.

Yo'qoldiqlar bilan o'ksinsam agar,

Topildiqlar bilan o'zni yupatdim.

                          

Esankirab qoldim ilk yo'qotuvdan,

Nogoh o'g'irlatdim yoshlik — erkimni.

Shunda xayolimni tortqilab, birdan

Yuragim ortiga bir qiz bekindi.

                          

Tutday to'kildi-ya avvalgi dardim,

Ul chilvirsoch bilan bo'lib andarmon.

O, qanday yashardik! Qanday yashardim!..

Men bugun sevgisin yo'qotganlardan.

          

Keyin do'st orttirdim hamroh deb yo'lda,

Ular ham qaytmadi ketib har tomon.

Nachora?! Ko'nikdim, daldam shu bo'ldi:

— Men axir o'zimga yetib ortaman!

                          

Sog'inib – siqtashga yo'q bunda o'rin,

Birin yo'qotgan choq birini topdim.

G'oyibni izlasam, undan ham zo'ri —

Duch kelib, joy ola boshlaydi qalbdan.

 

Ayni damda esa topganim — Vatan,

Uning nomi bilan atalguvchi baxt.

Men uni hammadan, hamma narsadan —

Aziz anglamog'im,   asramog'im shart!

                                          

Boshqa istamasman yo'qotmoqlikni,

Boshqa topmoqni ham qilmasman orzu.

Bu shiddatli so'zlar yurakning hukmi,

Ko'ksim kengligida tongday yorishuv.

 

Tillarim biyrondir hayrat sehridan,

Biz endi birgamiz qiyomat qadar.

…Uning sadoqati, qaynoq mehridan —

O'zimni yo'qotib qo'ymasam agar!  

 

QISMAT

Sevgi nima asli, dedilar,

U go'zallik fasli, dedilar.

Bir-biriga intiq dillarning

Hech tuganmas vasli, dedilar.

 

Dard dedilar, qarog'lar namli,

Mard dedilar vafo qilganni.

Sevmaganlar sevib qolganni —

Telbami yo mastmi, dedilar.

 

Ko'zlar emas, ko'zda yosh yig'lar,

Sog'inchini etib fosh, yig'lar,

Yulduz terib yurgan oshiqlar —

Osmon shuncha pastmi, dedilar.

 

Bu dardning bir darmoni — visol,

Bo'lmasin hech armoni — visol.

Sevgi borki, bu olam go'zal,

U go'zallik rasmi, dedilar.

 

Shukur, dedim,

                         Sevar! Sevaman!

Bosh egishim kerak nega man?!

Mag'rur so'zim tinglagan hamon,

— Yig'isifat sasmi? —   dedilar.

 

… Quloq tutsam kinoyasiga,

Baxtim yetmish nihoyasiga.

— O'tmang yorning himoyasiga,

U o'zganing xasmi, — dedilar.

 

YuRAK

Qara, manov bog'larni,

Yaproqlarni sinchiklab qara.

Uchratmaysan bunda dog'larni,

G'uborlardan xoli manzara.

 

Yuvintirmish ularni yomg'ir,

Ko'mib shivirlarga, titroqqa.

Andoza ol ulardan, axir —

O'xshaysan-ku sen ham yaproqqa.

 

Ko'zni yashnatadi neki bor,

G'unchalarning kulgusida sha'n.

Bugun borliq qanday beg'ubor,

Sen nimalar qayg'usidasan?

 

Vujudimda seni deb qiynoq,

Ayt, nimadir istagan narsang?

Hasratingdan aylagil ogoh,

Balki sen ham yomg'ir kutarsan?!

 

Afsus, bunda o'jarlik bekor,

Qilolmaysan sen yomg'ir talab.

Axir senga ko'z yoshim yetar —

Oqqanlari … ichimga qarab!

 

IShTIYoQ

Ro'molchamni men bugun ko'z yoshga chaydim,

Hasratimni keling, sizga aytay, ona.

Kechagina boshqa edim, boshqachaydim,

Duo qiling, men o'zimga qaytay, ona.

 

Nimadandir yurak-bag'rim eziladi,

Tegram aro turfa xayol kezinadi,

Avvalimning o'rni yomon seziladi,

Duo qiling, gul ro'zimga qaytay, ona.

 

Suyanchig'im sen, dedingiz, suyolmadim,

Olislarga ketar bo'ldim, uyalmadim,

Yo'l yurdim-u ortga qarab qo'yolmadim,

Duo qiling, o'z izimga qaytay, ona.

 

Hech qursa bir hol so'rashga erindim-a,

Shoirman, deb davralarda kerildim-a,

Bir so'zingiz oldida bor she'rim nima?!

Duo qiling, haq so'zimga qaytay, ona.

 

Omonligim so'rovi bor ko'nglingizda,

Lek oqibat yo'q ekan men – o'g'lingizda,

Shoirman-u she'rim yo'q siz to'g'ringizda,

Duo qiling, men iznga qaytay, ona.

 

Onalarning duosini vojib, derlar,

Yoningizda yurmaymanmi yozib she'rlar?..

Unut bo'lmay ortida tong otgan qirlar,

Duo qiling, kunduzimga qaytay, ona.

 

Ha, qishloqni sog'inganman va Sizlarni,

Bag'ringizga bosganingiz chog' – islarni,

Hovlimizni, tomqizg'aldoq, yalpizlarni…

Sog'inchim mo'l, qay birini aytay, ona?

Duo qiling, Ildizimga qaytay, ona!

 

DO'STING   BO'LSIN

Do'stlarim – Vohid, G'ayrat va Nodirga

Sirpanchiqdir bu dunyoning yo'llari,

Bu dunyoning xilvatlari xatarli.

Madad uchun uzanguvchi qo'llari —

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Bu hayotning sinovlari bisyordir,

Hammasiga hamisha shay, hushyor tur,

Bir kuch bilan yengib o'tmoq dushvordir,

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Gar tatisin, desang o'ynab-kulganing —

Dunyosiga uchma yolg'on dunyoning,

Chin do'st bilan to'lib turar bir yoning,

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Birovlar bor – egri sanar to'g'ringni,

Oshnalardan biri ikki bo'ldingmi?

Qurbingnimas, so'raguvchi ko'nglingni —

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Adashmaydi, yiqilmaydi do'sti bor,

Do'sti borning qanday kam-u ko'sti bor?

Yashay, desang sen ham g'olib, ustuvor —

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Do'st bo'lmagay do'stlarning ham barchasi,

Kulib qochar ko'zingdan yosh sachrasa,

Ulki do'sting — og'ir kunda uchrasa,

Do'sting bo'lsin to qiyomat qadarli.

 

Bir kalomning keldi ayni fursati,

O'z o'rnida mayli, uni deyin ham.

Chin do'st bo'lsa! — sadoqatin ko'rsatib,

Do'sting bo'lsin Qiyomatdan keyin ham!

 

BU DUNYo

Bu shafqatsiz dunyo, rahmsiz dunyo,

Goh yoqimli, gohi yoqimsiz dunyo.

Birodar, shodlig-u g'amingni emas,

Ko'proq Haqqa qilar nolangni o'yla.

Rahmatlarga loyiq ko'rsang nomingni,

Tiniq tafakkur-la tikla shoningni.

Bir parchasi bo'lib turgan joningni –

Ortingda qolguvchi bolangni o'yla.

 

Biri kam dunyoning kamiga chida,

Kami to'lar bo'lsa g'amiga chida.

Kimga naf keltirmish kechikkan nido?

Qiyomatga qadar chorangni o'yla.

 

Olamni kezmoqqa moyilsan, biroq —

Ko'ngilni vatandan tutmagil yiroq,

Kindik qoning tomgan mana shu tuproq,

Mana shu uyingni, xonangni o'yla.

 

Ko'ksing sitamlardan bo'lsa-da xoli –

O'ylama, meniki bo'ldi, deb to'le,

Fursat qo'lidadir inson iqboli,

Kun kelib to'kkuvchi jolangni o'yla.

 

Hayot mazmunini angla, fikr qil,

Yaxshilik nomini ming bor zikr qil,

Ezgulik ko'rsatib, ko'rib, shukur qil,

Har yurakka ekar lolangni o'yla.

 

U yurgan yo'llarning tuprog'i oltin,

Kim u, otangdan ham qarigan oldin?

… Barchasidan oldin, baridan oldin –

Sochlari oqargan onangni o'yla!

 

SARHISOB

So'ngimni bilmadim.

Avvalim ayon –

Hanuz yodimdadir bolalik paytim.

Keyin o'smirlikni kuzatdim shoyon,

Ko'z ochib yumguncha ulg'aydim.

 

Chorak asr yashab qo'yganim haqdir,

Tayin hech narsaga ulgurmaganim.

Yana nelar va'da qilarkan taqdir?

Vaqtning hisobida har bir qadamim.

 

Kunlar shiddatidan uchoqlar ortda,

Tong otar, kun botar – yana oy sayri.

Yillar peshonamga qalamin tortar,

O, u bitiklarni o'qib bo'lsaydi!

 

Bir inson umrining mazmuni shulmi:

Tug'ilmoq, shoshilib yashamoq, keyin…

Qachon erkalaymiz manov ko'ngilni,

Uning so'rog'iga men nima deyin?

 

Qarang, u ko'ksimni urgani-urgan,

Nola qilolmasdan tili yo'q qushim.

Unga uqtirib ham bo'lmaydi bir gap,

Desam, — fursatim yo'q, sabr qil, tushun! —

 

Ammo anglaganday bo'lar ba'zida,

Hatto hozir mana shashti susaydi.

E'tibor qilolmam e'tiroziga,

Bilganim — u mendan nedir tusaydi.

 

… So'ngimni bilmadim, bugunim bekor,

Besamar kechmoqda har lahza, paytim.

Yozganlarim esa shunchaki oshkor –

Yurak savolidan   tug'ilgan aytim!  

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + eighteen =