Mintaqaviy anjuman: tajriba almashishga xizmat qiladi

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xolis va tezkor yoritib borish, xalqimizga yetkazish jurnalistlardan zimmasidagi mas'uliyatli vazifani chuqur his qilishni talab etadi.

Davlatimiz rahbarining shu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo'llagan tabrigida jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, tajriba almashishini yo'lga qo'yish maqsadida hududlarda mintaqaviy seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish bo'yicha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga bir qator vazifalar qo'yilgandi. Shundan kelib chiqib, uyushmaning joriy yil ikkinchi yarmiga mo'ljallangan ish rejasida bir necha hududlarda mintaqaviy seminarlar tashkil etish ko'zda tutildi.

Navbatdagi mintaqaviy seminar joriy yilning 24 noyabr kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi hamda uyushmaning Qoraqalpo­g'iston bo'limi hamkorligida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida bo'lib o'tdi.

Seminarda Xorazm viloyati va Qoraqalpog'iston Respublikasi jurnalistlari qatnashdi. Nukusdagi Yoshlar markazida o'tkazilgan mazkur tadbirda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ishtirok etdi va o'z ma'ruzasida jamiyat ravnaqida ommaviy axborot vositalari muhim o'rin tutishi haqida so'z yuritdi. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so'z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o'z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta'minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotganini ta'kidladi.

Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharoitida ishlash, o'z faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni to'g'ri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin bundan qat'i nazar, biz bu yo'lni davlat siyosatining eng muhim yo'nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz.

Shu maqsadda amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to'sqinlik qilish, senzura o'rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va texnik vositalarni ulardan g'ayriqonuniy ravishda olib qo'yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish ko'zda tutilayotgani e'tiborli.

Uyushma raisi Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan yetti yo'nalishning mazmun-mohiyatiga kengroq to'xtab o'tdi.

Seminarda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Xorazm viloyati bo'limi raisi O'.Matqurbanov “Jurnalist mas'uliyati va kasb odobi”, Qoraqalpog'iston axborot agentligi direktori B.Nurabullayev “Zamonaviy matbuotning rivojlanish istiqbollari:   muammo va yechimlar” mavzusida so'z yuritdi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan bahs-munozaralar bo'lib, jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Seminarda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zoligiga qabul qilingan qoraqalpog'istonlik jurnalistlarga guvohnomalar, 2 nafar xorazmlik, 2 nafar qoraqalpog'istonlik faol jurnalistlarga uyushma faxriy yorlig'i, 9 ta tahririyatga “Yurida-Orfo” dasturi tantanali ravishda topshirildi.

Shundan so'ng tadbir ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Nukus shahrida tashkil etilayotgan “Yangi O'zbekis­ton” bog'iga ko'chatlar o'tqazishdi. I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyiga uyushtirilgan sayohat esa barchaga manzur bo'ldi.

Shubhasiz, bunday mintaqaviy anjumanlar jurnalistlarning o'zaro tajriba almashishi, ommaviy axborot vositalari xodimlarining ezgu maqsad yo'lida jipslashishiga xizmat qilayotgani bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =