Faollik va jonkuyarlik

Bugungi kunda ayollarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish maqsadida ko'plab amaliy ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, ijodkor jurnalist ayollarimizni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahsinga loyiq.

Ta'kidlash kerakki, yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa yetkazishda jurnalist ayollarimizning tashab­buskorligi sezilarli darajada ortib bormoqda. Bosma nashrlar, ya'ni, matbuotni olamizmi, teleradio sohasimi, yoki internet jurnalistikasi bo'lsin, xotin-qizlarning faolliklari va dadil qadamlari yaqqol ko'zga tashlanadi.

Shuningdek, OAVda faoliyat olib borayotgan iste'dodli jurnalist opa-singillarimizga yo'l-yo'riqlar ko'rsatish, rag'batlantirish borasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida tashkil etilgan Jurnalist ayollar kengashi ham bir qator vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

Kuni kecha Milliy matbuot markazida “Jurnalist xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish masalalari: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.

Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov bugungi kunda jurnalist ayollarning faolligi juda muhim ekanligi, har bir voqea va hodisaga o'z fikrini bildirayotgan, jamiyatimizdagi erishilayotgan yutuqlar haqida yozish bilan bir qatorda kamchiliklarni ham ko'ra olish va bartaraf etish haqida bong urish har bir jurnalistning xalqimiz oldidagi burchi ekanligini ta'kidladi.

Uyushma raisi hozirda o'tkazilmay qolgan “Atirgul” tanlovini qayta tiklash va ushbu tanlov g'oliblarini 8 mart—Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida taqdirlash taklifini bildirdi.

Shuningdek, davra suhbati davomida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan o'tkazib kelinayotgan “Yil ayoli” milliy tanlovida jurnalist xotin-qizlar uchun ham alohida nominatsiya joriy etish to'g'risida taklif kiritdi.

Yurtimizning faol ayollaridan bo'lgan jurnalist Feruza Muhammadjonova ijodkor opa-singillarimizning siyosiy faolligini oshirish borasidagi takliflarini o'rtaga tashlar ekan, so'nggi yillarda, xususan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasida xotin-qizlarimiz soni ortib borayotganini ta'kidladi.

Tadbir yakunida bir guruh jurnalist xotin-qizlar O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zoligiga qabul qilindi hamda ularga uyushma a'zoligi guvohnomalari va ko'krak nishonlari topshirildi.

O'z muxbirimiz

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =