OAV savodxonlik ko'zgusi bo'lishi kerak
Ona tilining muhimligi, millat shakllanishida tilning beqiyos o'rni va ahamiyati haqida juda uzoq gapirish, dunyo allomalaridan behisob iqtiboslar, fikrlar keltirish mumkin. Millat yashovchanligi, ravnaqi haqida fikr yuritsak, avvalo, til birlamchi bo'lishi shart. U davlat tili deyiladimi, ona tili deb ataladimi, baribir muqaddas va millatning iftixori hisoblanadi. O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi va 21 oktyabr — O'zbek tili bayrami sifatida nishonlanishi munosabati bilan yurtimiz bo'ylab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar ko'tarinki ruhda davom etmoqda.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan ham ushbu sana sabab poytaxtimizning Milliy matbuot markazida “Mediasavodxonlik: OAVdagi yutuq va kamchiliklar tahlili” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
Unda elektron va bosma ommaviy axborot vositalari vakillari, O'zJOKUning tilshunos o'qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ona tilimizning beqiyos ahamiyati haqida so'z yuritdi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida ba'zan o'zbek tili me'yorlaridan chiqish holatlari kuzatilayotganligi, matnlarda imloviy hamda uslubiy xatoliklarni takrorlamaslikka jiddiy e'tibor qaratilishi zarurligi to'g'risida ham ochiq mulohazalar bildirildi.
— Barchamizga ma'lumki, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishida aynan matbuot katta rol o'ynagan – dedi Olimjon O'sarov. – O'tgan asrning 80-yillari oxirida O'zbekistonning ko'zga ko'ringan ziyolilari, yozuvchilar, taniqli jurnalistlar, tilshunoslar ommaviy axborot vositalari minbaridan turib, ona tilimizning qadr-qimmatini oshirishga munosib hissa qo'shishgan edi.
Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: xo'sh, bugungi kunda matbuot va internet nashrlari, televidenie va radio kanallarida “Davlat tili haqida”gi qonunda belgilab qo'yilgan qoidalarga qay darajada amal qilinmoqda, ulardagi savodxonlik ko'rsatkichidan namuna olsak bo'ladimi? Ming afsuski, bu borada maqtana olmaymiz, xato va kamchiliklar ko'p, shu bois zudlik bilan ona tilimizga e'tiborni o'zgartirishimiz zarur.
Xususiy teleradiokanallarda efirga uzatilayotgan ayrim ko'rsatuvlar va eshittirishlarda boshlovchilarning til mezonlariga rioya etmasligi, shevaga xos so'zlarni qo'llashi kabi holatlar, internet nashrlarida orfografik, stilistik xatolar juda ko'p uchrashi, ularning o'zbek tili bo'yicha savodxonlik darajasi pastligidan dalolat beradi.
Ayrim bosma nashrlarda ham til qoidalariga amal qilinishini ko'ngildagidek deb bo'lmaydi.
Ommaviy axborot vositalarini savodxonlik ko'zgusiga aylantirishimiz zarur…
Darhaqiqat, Olimjon O'sarovning so'zlarini tinglab xayolimga xususiy telekanallarda ajnabiy so'zlar bilan nomlangan ayrim ko'rsatuvlar keldi. Nazarimda yosh “Ijodkorlar” uchun ko'rsatuvni bunday nomlash “moda”ga aylangandek. Ular buni zamonaviylik deb o'ylashayapti, shekilli. Go'yo shu bilan zamonaviy bo'lib qolishmoqchi, go'yo shu bilan o'zlarini ilg'or va bilgich ko'rsatadilar. Masalan, “Zo`rTV”, “Mening yurtim” kabi xususiy telekanallar ko'rsatuvlarining aksariyati ajnabiy so'zlar bilan nomlangan desak, xato bo'lmaydi.
Tadbir davomida oliy toifali suxandon Nasiba Ibragimova, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, Rost24.uz bosh muharriri Anora Sodiqova hamda bir qator boshqa jurnalistlar so'zga chiqib, bugungi milliy jurnalistikamiz rivoji uchun qilinishi zarur bo'lgan masalalar bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi. Shu bilan bir qatorda o'zbek tili mavqeini yanada oshirish, turli zararli omillardan asrash bo'yicha ham qiziqarli munozaralar olib borildi.
Tadbir so'ngida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan kirill va lotin alifbosida matnlarning orfografik bexato yozilishini ta'minlashga mo'ljallangan “Yurida-Orfo“ dasturi sertifikatlari bir qancha tahririyatlarga beg'araz yordam sifatida taqdim etildi.
O'z muxbirimiz.