Bolalikdan huquqni o'rgatsak…
Konstitutsiya – istiqlol va mustaqil O'zbekiston ramzi, g'urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi, tilidan qat'iy nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamal hujjatdir.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlangan joriy yilda Konstitutsiya kuni bayrami ham o'zgacha ruh va ko'tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Zotan, o'tgan yillar davomida davlatimizning xalqaro maydonda o'z o'rnini topishi, barcha sohalarda keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirish va yuksak marralarga erishish, xalqimiz uchun hech kimdan kam bo'lmagan farovon hayot barpo etishda Asosiy Qonunimiz – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustahkam huquqiy asos bo'lib xizmat qildi. Oldimizga qo'ygan bosh maqsadimiz – huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish yo'lidagi barcha sa'y-harakatlarimiz ham Konstitutsiyamizga tayangan holda olib borilyapti.
Eng muhimi, Konstitutsiyamizda inson sha'ni, qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e'tirof etilgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab ana shu ezgu tamoyil asosida ish olib borilmoqda.
Yurtimiz yoshlarining huquqiy madaniyatini oshirish, ulardagi qonun-qoidalarga bo'lgan hurmat hissini shakllantirishga yo'naltirilgan sa'y-harakatlar ham bog'cha yoshidan boshlangani, ularning har tomonlama yetuk insonlar bo'lib ulg'ayishlarida muhim omil bo'layotgani ayni haqiqat.
Ayni damda yurtimiz bo'ylab o'tkazilayotgan Konstitutsiyamizning 29 yillik bayrami munosabati bilan poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 249-sonli “Majnuntol” deb nomlangan maktabgacha ta'lim tashkilotida ham “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” deb nomlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi.
Tadbirda “Majnuntol”da tarbiyalanayotgan jami 12 ta guruhdagi o'g'il-qizlarning biyron tilidan chiqayotgan vatanni madh etuvchi she'r va qo'shiqlar tadbir qatnashchilariga yuqori kayfiyat ulashgan bo'lsa, tarbiyachilari yordamida davlat ramzlarini tasvirlagan suratlari hamda aplikatsiya yo'li bilan tayyorlagan ko'rgazmalari ularning hayrati va olqishiga sazovor bo'ldi.
Ayniqsa, bolajonlar tomonidan ifodali tarzda, yoddan aytilgan Konstitutsiyamiz moddalari hamda qonun buzilishi holatlarini namoyon etgan sahna ko'rinishlari kechaga o'zgacha fayz bag'ishladi.
— Agar farzandlarimizni bolaligidan huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirib borsak, o'ylaymanki bugungi kunda og'riqli tomonlarimizdan biri bo'lgan voyaga yetmaganlar o'rtasidagi jinoyatlar soni sezilarli darajada kamayadi. Albatta, bu yo'lda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda mana shunday tadbir va kechalarni doimiy ravishda o'tkazib borish foydali bo'ladi, – deydi 249-sonli davlat ta'lim tashkiloti mudirasi Sevara Ahmedjanova.
K.RO'ZIMATOV