DIDAKTIK O'YINLAR HAM TA'LIM VOSITASI

Bugunning talabi — jamiyatda jismonan sog'lom, ma'naviy yetuk shaxslarni voyaga yetkazishdir. Har tomonlama barkamol avlod esa porloq kelajakning garovidir. Shu sabab, yoshlarni qo'llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan.

Olimlarning ko'p yillik tadqiqotlari shuni ko'rsatdiki, inson umri davomida o'zlashtirishi mumkin bo'lgan bilimlarning 70 foizini 3-7 yosh oralig'ida egallar ekan. Chunki bu davrda boladagi barcha bilish jarayonlari o'sib, rivojlanadi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda Maktabgacha ta'lim tizimiga katta e'tibor qaratilib, bolalarni maktab ta'limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy,   estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Zamon taraqqiyotga, rivojlanishga yuz tutgan sari ta'lim-tarbiya jarayonida samarali vosita bo'lib xizmat qiladigan omil, metod, vositalarini ham   takomillashtirish talabi vujudga keldi. O'n yil oldingi 5 yoshli bola bilan hozirgi shu yoshdagi bolaning qiziqishi, harakati, erkaligi tubdan farq qiladi. Shu bois, ta'limning barcha bosqichlarida yangicha metodlar maydonga kelmoqda.

Ma'lumki, barkamol avlodni tarbiyalash, dastlab, oilada, so'ngra maktabgacha ta'lim muassasasida amalga oshiriladi. Bu an'ana mas'uliyat bilan davom ettirilishi lozim. Zamon talabidan kelib chiqib, millat jonkuyarlari zarur tadbirlarni izlab topadi, tizimga tatbiq etadi.

Maktabgacha ta'lim yoshidagi bolaning eshitish xotirasidan ko'ra ko'z, tasavvur xotirasi kuchli bo'ladi. Shuni inobatga olib mashg'ulotlar o'yin, ko'rgazmali qurollar, multimedia-didaktika o'yinlaridan foydalanilgan holda tashkil etilsa, har bir bolada o'rganishdagi rag'batning amaliy natijasi his etilib, axloqiy fazilatlari rivojlanadi, halollik, adolatlilik, qat'iyatlilik, erkin fikrlash, nutqining o'sishi va eng asosiysi, zamonaviy texnologiyalar bilan hamnafas bo'lib voyaga yetishiga zamin yaratiladi.

Didaktik o'yinlarga izoh beradigan bo'lsak, bolalar bilan maxsus ta'limiy o'yinlar shaklida mashq qilish usulida bolaning bilim doirasini rivojlantirishdir. Didaktik o'yinlar ham o'yin, ham ta'lim vositasi. Bunday o'yin jarayonida bola barcha aqliy jarayonlarni rivojlantiradi va individual xususiyatlarini shakllantiradi.

Multimedia-didaktika o'yinlaridan foydalangan holda maktabgacha yoshdagi bolalarning bilish jarayonini rivojlantirish bugun jahonda e'tirof etilayotgan eng samarali yo'llardan biri. Multimedia — zamonaviy texnik va dasturiy vositalardan foydalanish. U interaktiv dasturiy ta'minot boshqaruvi ostida o'zaro vizual va audio samara ta'siridan iborat bo'lib, u matn, tovush, grafika, foto, videoni raqamli taqdim etish usulida birlashtiradi.

Multimedia-didaktika o'yinlaridan foydalangan holda mashg'ulotlarni olib borishning yana bir afzalligi, bu kabi tashkil etilgan mashg'ulotda majburiy bilim berish bo'lmaydi. Bola bilimni ixtiyoriy qabul qiladi va bu orqali tarbiyachi ijobiy natijaga erishadi.

Multimedia-didaktika o'yinlaridan foydalanish bolaning maktabga ishonch va kelajakka oshiqish bilan qadam tashlashiga yordam beradi. Yillar elagidan o'tib kelayotgan oltin naql bugun ham qiymatini oshirsa oshirganki, zarracha kamaytirmagan. Chindan ham yoshlikda olingan bilim toshga o'yilgan naqsh kabi bebahodir.

Viktoriya PONOMARYoVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumanidagi

418-DMTTM tarbiyachisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 3 =