“Jim o'tir”ish yaxshimi?
Avtobusda kelayotib orqa o'rindiqdagi bir ayol bilan ikki yarim yoshlardagi bolakayning suhbatini eshitib qoldim.
Isming nima? — deb so'radi bolakaydan o'ttiz yoshlardagi ayol.
— A? — dedi bolakay go'yoki uning gaplarini eshitmaganday.
— Oting nima, deb so'rayapman?
— Akasi, — dedi bolakay.
Yon-atrofdagilar uning gapidan kulib yubordi.
Bolakay esa jovdirab yonidagi 15-16 yoshlardagi qizga qaradi.
— Dadangning, oyingning oti nima?
— A? — dedi bola yana anqovsirab.
Ayol savolini takrorladi.
— Dadamniki “dada”, oyimniki “oyi”, — dedi bolakay.
Yana gurr kulgi ko'tarildi.
— Meni xola deb ayt?
— A?
— Nima balo fonogramma qildirib kelganmisan? Meni “Xolajon” deb ayt! — dedi boyagi ayol yana uni gapga solib.
U bo'lsa atrofga alanglab:
— Amma! — dedi. Yana kulgi ko'tarildi.
Bolakay endi gapirmay qo'ydi.
Boyagi ayol qayta-qayta savol bersa ham ko'zlarini pastga qadaganicha miq etmadi.
O'zbek oilasida bolaning tili chiqishi bilan uning atrofida hamma girgitton bo'la boshlaydi. Bolakay uch-to'rt yosh bo'lgach, albatta, biyron bo'ladi. Ko'p narsalarga qiziqadi, bilgisi keladi. Ertaklar tinglashni, multfilm tomosha qilishni, hayvonlarni o'z ko'zi bilan ko'rib, qo'li bilan ushlashni yoqtiradi. Ammo bunga ota-onaning hech qachon vaqti yetmaydi. Ishlaydigan ota-onalar bolalarini darhol bog'chaga berishadi. Ish vaqti tugashi bilan bog'chaga shoshilishadi. Uyga kelib ovqatga unnaydi. Kir-chiri bo'lsa uni ham yuvib qo'yishga shoshiladi. Dazmollanadigan narsalarini dazmollaydi. Ovqatni suzadi. Keyin idish-tovoqlar yuviladi. Bu har kungi takrorlanadigan ish.
Bolakay bo'lsa bog'chadan kelgandan so'ng nima qilishini bilmaydi. Oyisidan biron narsani so'ray desa, u darhol “jim o'tir!” deya uni kursichaga o'tqizib qo'yadi. Bolakay zerikadi. Nimalarnidir o'ynamoqchi bo'ladi. Oyisidan so'raydi. Ammo u yana “jim bo'l!” degan gapni eshitadi. Telefon titkilab o'tirgan dadasining oldiga boradi. Bola televizordagi multfilm qahramonlarining hayoti nima bilan tugashini tezroq bilgisi kelib so'ray boshlaydi:
— Dada, anavi maxluq, qizchani yeb qo'ymaydimi?
— Bilmayman. Jim o'tir!
Bolakay dadasidan xafa bo'lib jim qoladi. U gapirishi bilan hamma yoqdan faqat dakki eshitadi. Kattalarning sevimli gapi esa “Jim o'tir!”
Keyin-chi? Keyin bolakay o'z-o'zidan odamovi bo'lib qoladi. Birov biron nima so'rasa ham darhol javob berolmaydi. Ko'p narsalarni anglamaydi. Savollarga hozirjavoblik bilan javob qaytarolmaydi. Keyin bo'lsa ota-ona bolasining gapni yaxshi anglamaslikda, ko'p narsalarni bilmaslikda ayblay boshlaydi.
Maktabga chiqqandan so'ng ham yana uydagi chiroyli gapni o'qituvchisi boshlaydi: “Jim o'tiringlar!”
Bolakay jim o'tirishga majbur. Chunki jim o'tirmasa, o'qituvchisi qulog'idan cho'zadi. Uyda esa ota-onasi baqiradi. Qachon gapirishni ham bilmaydi.
Bir qo'shnimiz bor. Uning ikkita qizi, ikki olam. Biri judayam gapdon. Ikkinchisi esa odamovi. Chunki o'sha kichkina Gulchiroyga bolaligidan “Jim o'tir! Gapirma!”, deya indamas qilib qo'yishgan. U ham mayliku-ya hattoki u bizga ham qo'shilmasdi. Onasi biznikiga chiqsa, darvozamiz oldida ayasini poylab turardi. Qancha tortqilasak ham hovlimizga kirmasdi. O'zini odamlardan olib qochardi. Maktabga chiqqandan so'ng ham bu odati qolmadi. Hamma uni “yovvoyi” deyishardi. Bunga onasi aybdor. Chunki bolaligidan uni bizga qo'shmadi. Yayrab-yashnab o'ynamadi. Bolalik zavqini surmadi. Kezi kelganda gapirtirmadi.
Gohida shaharda yashaydigan opamning bolalariga havasim keladi. Chunki har bir savolingizga burro-burro javob beradi. She'r-qo'shiq aytishni, raqsga tushishni boplaydi.
Qishloqda yashaydigan singlimning bolalari esa savol bersangiz, onasining ortiga bekinadi. Uyaladi. Juda tortinchoq. Hattoki o'zining ismini ham aytmaydi. Barmog'ini og'ziga tiqqancha yerga qarab turaveradi. Bu hol qachongacha davom etadi bilmayman.
O'zimning yolg'izgina o'g'lim bor. Unga bolaligidan nima savol bersa javob berib, tushuntirib o'rgatganman. Shuning uchun u televizor ko'rsa ham, ko'chaga chiqqanda ham bilmoqchi bo'lgan narsasini erinmay so'rab oladi. Birov savol bersa, darhol burro-burro javob beradi. Men uni hech qachon “Sen yosh bolasan, jim bo'l!” demayman. Chunki bizni bolaligimizda shu gapni aytaverib, tortinchoq qilib voyaga yetkizishdi.
Sizningcha “Jim o'tir”ish yaxshimi?
Xonbibi HIMMAT qizi,
jurnalist