Ranglardan yomonlik izlamang!

Hayotimiz turfa ranglardan iborat. Ularni ko'rib ko'zimiz quvnaydi ba'zida. Axir moviy osmon va ummon, yam-yashil vodiylar, alvon lolalarni o'zga rangda tasavvur qila olasizmi? O'rni kelganda aytish lozimki, rang aslida optik diapazondagi elektromagnit nurlarining sub'yektiv talqini ekanligidan ko'pchilik bexabar. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo'lsak, rang — bu ko'zimiz ilg'aydigan yorug'lik to'lqinlari bo'lib, uni uzun-qisqaligiga qarab har xil ko'ramiz. Bu rangning fizik ta'rifi. Lekin uning hayotimizdagi o'rni beqiyos.

Avvalo, u madaniyatning ajralmas qismi sanaladi. Insonlar ranglarni turli ma'noga ega sifatida ham qabul qiladi. Xususan, oq rang poklik, qora rang esa yovuzlik, yashil rang yoshlik, qizil tomirdagi oqayotgan qon hayot timsoli kabi.

Ko'p bo'lgani yo'q, ijtimoiy tarmoqlarda turfa rangli bolalar o'yinchoqlaridan ehtiyot bo'lish kerakligi haqida videoxabar tarqaldi. Nima emish, bu rangli o'yinchoqlar nomaqbul targ'ibotchilarining belgisi bo'lib, bolalarga salbiy ta'sir ko'rsatar ekan. Bu muhokamalarga qo'shilib, uni yoqlab chiqqanlar ham bo'ldi, afsuski. Qildan qiyiq axtarish deb shuni aytsalar kerak.

Psixologlar bola tarbiyasida aynan ranglarning o'rni borligini alohida ta'kidlashadi. Har bir insonning yoshligidan sevimli ranglari bo'ladi. Shu tufayli inson kiyim tanlash, uyni jihozlar bilan bezatish yoki ta'mirlash ishlarida ham aynan shu rangga ko'proq murojaat qiladi.

Mutaxassislar olib borgan tadqiqot natijalariga ko'ra, rang nafaqat inson ongi va ruhiyatiga, balki jamiki jonzotlarga ta'sir ko'rsatadi. Jumladan, pashshada olib borilgan tajribada aniqlanishicha, ular ko'k rangni yoqtirishmas ekan. Bir xonaning barcha jihozlarini, derazalarini ko'k rangga bo'yab, faqatgina bir kichkina deraza bo'yalmay qoldirilibdi. Ayni paytda barcha pashshalar faqat bo'yalmagan derazaga qo'nishibdi. Chivinlar esa aksincha, ko'k kiyimdagi insonlarga ko'proq hujum qilishi tajribalarda kuzatilgan.

Psixologlar ham ranglarni uzoq vaqt davomida o'rganib quyidagi xulosalarga kelishgan: qizil — asab tizimiga kuchli ta'sir ko'rsatadi, shuningdek, ijodkorlikka undaydigan faol rangdir. Ruhiyatni tinchlantiradigan rang esa yashil sanaladi. Havorang, zangori — ranglar ham tinchlantirish barobarida tana haroratini pasaytirish, qon bosimini me'yorga keltirib, og'riqni susaytirish xususiyatlariga ega. Ilohiy hissiyotlar va hayolparastlikka moyillikni siyoh rang va binafsha rang uyg'otadi. Jigar rang — asabiy holatdagi insonlar tanlaydigan rang; qora rang — tanqid va oq rang — soflik, mukammallik rangi.

— Ranglarga shunchaki rang deb emas, balki hayo­timizga katta ta'sir ko'rsatuvchi vosita sifatida qarash lozim, — deydi psixolog Maqsuda Sulaymonova. — Boisi ular inson ruhiyati, kayfiyati va hattoki inson salomatligiga ham o'z ta'sirini ko'rsata oladigan omil ekanligini anglashimiz darkor. Ko'rinadiki, ranglar va ularning xususiyatlari masalasiga jiddiy qarash, har tomonlama tadqiq etish zarur.

Demak, o'sib kelayotgan bolalarimizga ona tabiat ato etgan barcha ranglarni tanishtirish, o'rnida tushuntirish shart. Zero, har bir rangning o'z o'rni, sehri bor. Ana shu oddiy haqiqatni anglab yetish qiyin ish bo'lmasa kerak.

Ma'lumki, bola 3 yoshgacha o'zining ko'rish qobiliyatidan to'laligicha foydalanmaydi. Murg'ak go'dak sariq, zarg'aldoq va qizil ranglardan iborat sanoqli tuslarni ko'ra oladi. Bola 5 yoshga to'lgandagina turfa xil ranglar ichidan ma'lum bir tusni farqlay ola biladi.

3-4 yoshli go'daklar turli narsa va jismlardan iborat dunyoni o'zlashtira boshlaydilar. Ular turli harakatchan o'yinlarga ishqiboz bo'ladilar. Bu davrda rang muhim ahamiyat kasb etib, go'dak tasavvuridagi olamning ajralmas qismiga aylanadi.

Har narsani tahlil qilib, unga teran nigoh bilan qaragan yaxshi. Lekin bu borada me'yorni, chegarani unutmaylik. Har narsadan yomonlik izlayverilsa, barcha narsa yomon bo'lib tuyulaveradi. Zero, “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”.

Gavhar SAYDULLAYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + ten =