“Bolam, bolam” deysiz-u…

Multfilm tomosha qilish bolakaylarning sevimli mashg'uloti. Ota-onalar bolani tinchlantirish maqsadida ko'pincha televizor qarshisiga o'tqazib qo'yadi. “Buning nimasi yomon, ko'rsa ko'ribdi-da” deyishingiz mumkin. Lekin efirga uzatilayotgan hamma multfilm ham talab­­ga javob beradimi yo'qmi hamma gap shunda.

Xo'sh, bolalar qanday multfilm ko'rgani ma'qul, deb o'ylaysiz? Qanday multfilmlar bolaga ijobiy ta'sir qiladi-yu, qaysilari ongini zaharlaydi? Shu va shunga o'xshash savollarga suhbatdoshimiz, Bolalar psixologi Dildora Rohatova o'z taj­ribasi misolida javob beradi.

— Ruhshunos olimlar bolani oq qog'ozga qiyoslaydi. Ya'ni siz oq qog'ozga nimalarni yozsangiz, xuddi shularni o'qiysiz. Hozirgi paytda namoyish etilayotgan multfilmlarning aksariyati chet davlatlarda ishlab chiqarilgan. Ularda o'sha mamlakat odamlarining ruhiyati aksini topgan. Film qahramonlari, ba'zan hayvonlarga ham o'sha ruh singdiriladi. Ular yovuz, beshafqat, g'irrom va yoki boshqa, bizning mentalitetga zid bo'lgan qarashlar aksini topgan bo'lishi mumkin.

Barcha yirik multfilm maktablari o'ziga xos xususiyatlarga ega. Kompyuterlar paydo bo'lgandan so'ng yirik Animatsiya yo'nalishi ham paydo bo'ldi. Globallashuv anime — yapon multfilmlariga ham ta'sir ko'rsatmay qolmadi. Gap qahramonlarning ulkan ko'zlari va qo'g'irchoq yuzlari haqida emas. Dastlab Yaponiyaning o'ziga xos madaniyatini ifodalovchi anime mulfilmlari keyinchalik katta tomoshabinlarga mosroq holda chiqariladigan bo'ldi.

Sharq multfilmlaridan farqli ravishda g'arbda xulq-atvor stereotip­lari, kiyinish madaniyati, oiladagi muhit tubdan farq qiladi. Bunda qahramonlarning ochiq-sochiq kiyinishi va ko'p xollarda qo'rqinchli jang sahnalarining guvohi bo'lishimiz mumkin. Bu kabi multfilmlarni ko'rgandan so'ng bolada ota-onaga itoat qilmaslik, kiyinishda o'sha multfilm qahramonlariga taqlid qilish, xonasini alohida qilib xohlagandek bezatish va yakkalanib olish holatlari kuzatiladi. Bu esa mentalitetimizga to'g'ri kelmaydigan xislatlarni rivojlantirib yuboradi.

Shularning oqibatida bolaning ruhiyati shikastlanadi. Diydasi qotib boradi. Ko'rganlarini o'zida va yaqinlarida takrorlashni xohlaydi. Statistik ma'lumotlarga qaraganda “Qizaloq va maymoq” multfilmi bolalar o'rtasida to'polonchilik va o'zboshimchalikning avj olishiga sabab bo'lgan.

Tug'ilganidan ma'lum vaqt o'tgach bolada nutq rivojlanadi. Ovozlarga qarab taqlid qilishni boshlaydi. Tafakkuri, xotirasi, sezgi organlari shunga qarab rivojlanadi. 3 yoshdan boshlab esa ko'rgan va eshitganlariga o'xshashni xohlay boshlaydi. Shunday ekan ota-onalar, bolalarga faqatgina multfilmni qo'yib berish bilan kifoyalanmang! Siz bolaga nima qo'yib berayotganingizni yaxshilab o'ylab ko'ring.

Tavsiyam, ko'proq milliy multfilmlardan ko'rsating. Bular bolada ezgulik, halollik, vijdon kabi tuyg'ularni shakl­lantiradi. Qolaversa, diniy mult­filmlar. Misol uchun “Nussa va Rara”. Bu multfilm oilada ota-ona, aka-opalar bilan qanday munosabatda bo'lish kerakligini, jamoat joyida o'zini tutish, maktabda a'lo baholarga o'qish zarurligini umuman olganda butun odob qoidalarini bolaga yaxshigina ko'rsatib bera oladi. Bu kabi multfilmlarni ko'radigan bolajonlarda albatta ijobiy o'zgarishlar bo'ladi.

Shu jumladan, o'zingiz ham vaqt topib bola bilan muloqotda bo'ling. Ertak kitoblar sovg'a qiling, undagi ijobiy va salbiy qahramonlarni o'zaro solishtiring. Yaxshilikning mukofoti, yomonlik ustidan jazo muqarrarligini anglashga o'rgating!

Dildora DO'SMATOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + 15 =