Bola kimdan o'rganadi?

Hayotning past-balandi, oq-qorasi, og'ir-engili bor. Har qanday romantik his-tuyg'ularning o'rnini asta-sekin farzandlar tashvishi, uy-ro'zg'or yumushlari egallab boraveradi. Romantik munosabatlar bora-bora hokimlik qilish uchun kurashish maydoniga aylanib, oilada er yoki xotin o'z so'zini o'tkazishga urinadi.

Maishiy muammolarga o'ralashib qolgan ota-onalar, afsuski, far­zandlar tashvishini, avvalo, yeb-ichirish, kiydirishda deb qabul qilishadi. Farzandning tarbiyasi, o'qib-o'rganishi, yaxshi xislatlar sohibi bo'lishi barcha narsadan muhim. Yosh onalarni ko'p kuzataman, ularning yoshlarida biz ham shunday xatolarga yo'l qo'yganmizmi? Qo'yganmiz. Va… natijasi xayrli bo'lmaganligini his qilish qiyin emas.

“Birpas jim tur, g'ingshima, gapni gap­­ga qo'sh, ovozing o'chgur, hozir urib-o'ldiraman!” qabilidagi do'q-po'pisalarni aksariyat onalarning hatto jamoat joylarida ham bot-bot ishlatishlari ayanchli holat. Chetdan qaragan kishiga bu muomala qanchalik xunuk eshitiladi. Qo'shnisi bilan og'zi-og'ziga tegmay gaplashayotgan onalar oyog'i ostida nimadir istab g'ingshiyotgan bolasini eshitish o'rniga uni turtadi. Azbaroyi suhbati qizib ketgan onalar orasida bolasining salkam sakkiz soatdan beri bitta taglikda yurganini ham unutib qo'yadiganlari uchraydi. “Mehmon kelsa, yonimizga yaqinlashma, dasturxonga osilma, yeging kelgan narsani mehmon ketgach yeysan!” Bu taxlit ommalashgan da'vatni har doim va hammamiz ishlatib kelamiz. To'g'rimi? Aslida, keladigan mehmondan avval bolamizni ovqatlantirib qo'yishimiz, mehmon uzoq o'tirib qolganida ham bolamizning istaklarini inobatga olib, uni parvarish qilishimiz esimizdan chiqadi. Mehmon ketguncha bolamizning jag'i o'chib tursa bas. Axir o'sha mehmonning ham bolasi, nabirasi bor-ku, bizni to'g'ri tushunadi, demaymiz.

Farzandlar bilan muloqot sustligi – barcha oilalarda turlicha ko'rinishda uchraydigan muammodir. Bu aslida g'oyat ahamiyatli muammo. So'nggi paytlarda diqqatimni jalb etgan eng katta muammo shu bo'ldi, desam adashmayman: onalar, otalar, xullas, hammamizdayam bu qusur ozmi-ko'pmi mavjud ekan. Bola onasidan yoki otasidan ko'p narsani kutadi. Ishdan qaytishini intizor kutib,  o'zini qiziqtirgan nimanidir so'rab bilmoqchi, o'ynamoqchi bo'ladi. Ammo, ming afsuski, ishdan horib-tolib qaytgan ona darhol uy yumushlariga andarmon bo'lsa, ota bolasi bilan suhbatlashish yoki o'yin o'ynashdan ko'ra, televizorga termulish, telefon titkilash bilan band bo'ladi. Nari borsa, kechki ovqatini apil-tapil yeb, og'aynilari bilan gashtaklashishga otlanadi. Ba'zi otalar esa dam olgisi kelib atrofida o'ralashgan, u bilan gaplashgisi kelgan bolasini o'zidan uzoqlashtirish uchun  qo'liga biror o'yinchoq tutqazadi yoki telefonini o'yin o'ynashi uchun berib qo'yadi. Telefonning bolaga zarari otani aslo qiziqtirmaydi, xarxasha qilmasdan jimgina o'tirsa bas. Ana shundan keyingina ota-ona va bola o'rtasidagi muloqotsizlik boshlanadi. Bu muloqotsizlik ba'zan hayotlarining oxirigacha ham davom etishi mumkin. Bolaning jamiyatdagi befarqligi, jamoatchilikdan qochishi, odamovi bo'lib qolishi, hatto jur'atsiz, jasoratsiz bo'lib o'sishi ana shunday beparvolikdan jabha oladi.

Farzandining fazilatli axloq egasi bo'lishini istagan ota-ona buni avvalboshi­dan ibratli oila muhitida yo'lga qo'ya oladi. Buning uchun eng avvalo, er-xotinlar bir-birlari bilan sog'lom muloqotni qurishlari, so'ngra farzandlariga chiroyli muomala madaniyatini o'rgatishlari lozim.

Oila ichida, avvalo farzandlarimiz bilan yaxshi munosabatlarni yo'lga qo'yishimizning eng afzal tomoni, barcha salbiy jihatlar o'rtadan olib tashlanishidir.  Farzandlarini tushunib yetishga harakat qilgan ota-onalar o'g'il-qizlarining o'zlarini namoyon etishlari uchun muloqot yo'llarini ochib qo'yishlari lozim. Bu muloqot eshigi ochilmadimi, kattalar yoki bolalar tomonidan haqli e'tiroz yuzaga keladi: “Siz meni umuman eshitmaysiz!” Bir narsaga amin bo'ldimki, yaxshi muloqot bolalarga va ularning ota-onalariga ishonch, hurmat tuyg'usini mustahkamlashni va boshqalar bilan muloqotga kirishishini ta'minlaydi. Ammo, tazyiq, tanqid, qo'rqitish, sindirish, kamsitish, ozorlash bolalarni o'zlarini oqlashga undaydi. Bolaning qalbida ota-onasidan o'ch olish tuyg'usi ham paydo bo'ladi. Keyinchalik bola ulg'ayganida ham ota-onasini qattiq ranjitadigan, ular xushlamaydigan xatti-harakatlar qilishga moyilligi ortadi.

Ilgari yosh bo'lganmiz, ammo hozir bolalarimiz va nabiralarimiz o'rtasida ushbu muammolarni ko'rib, bu illatning ildizi ota-onalarning xatti-harakatlariga borib taqalishini his etmoqdamiz. Ularga pandu nasihat qilish, muammoning oldini olish vazifamizdir. Agarda har bir so'zimizning farzandlarimiz vijdoniga xitob bo'lib borishini istasak, tilimizdan emas, qalbimizdan chiqishiga e'tibor berishimiz zarur. O'g'il-qizlarimiz bilan ular hali murg'ak yoshda ekanligidayoq ochiq muloqotda bo'lishni o'rganaylik. Ishonchsiz aytilgan har bir tuyg'usiz so'z izsiz ketishi, xotiradan tez orada o'chishi aniq.

Farzandlarimiz hayotini osonlashtirish uchun bir nechta oddiy harakatlar yetarli ekanligini unutib qo'yamiz. Agar  biror nasihatdan oldin  bolangizni mehr bilan silasangiz, suhbatni xotirjam ovoz bilan boshlasangiz, bolangizning ko'zlariga qarab unga murojaat qilsangiz, muloyimlik bilan xuddi kattalarga murojaat qilgandek iboralarni ishlatsangiz va bolangizga to'liq e'tibor bersangiz, ular bilan yaqindan do'stlasha olishingizga ishonchim komil. Ishga ko'milib qolgan taqdiringizda ham ularni e'tiborsiz tashlab qo'ymang. Ish sira tugamagan. Ammo, bolaning istagi so'nsa, keyin kattalarga ishonmay, gaplashmay qo'yishi aniq.

Eng yomon illatlarimizdan biri esa bolamizni tinimsiz tanqid qilishimiz, kamsitishimiz, hadeb bir maslahatni beraverishimiz ekan. Jahlimizni jilovlay olmasak yoki er-xotin, qaynona-kelin tortishib qolsa, yana jabrdiyda bola bo'ladi. Uning xarxashasi kattalarning nazaridan chetda qolib ketadi. Bu ham yetmaganday, tortishgan tomon alamini boladan oladi, uni jerkib beradi yoki siltaydi. Bunday shafqatsizlikni bolamizga bilib-bilmay qilar ekanmiz.

Sog'lom muloqotda gapirish,  bolajonlarni tinglash ham muhim. Yaxshi ting­lovchi bo'lish boshqa odamning so'zlarini diqqat bilan tinglashni anglatadi. Ota-­onalar bu borada bolalariga o'rnak bo'lishmasa, bola kimdan o'rgansin? Biz bir-birimizga gapirsak, savol bersak, tayinli javob ololmasak, e'tibor bermagan suhbatdoshimizdan darrov ranjiymiz.  Kichiklarda ham ko'ngil bor. Sizlarga bolangizga beparvo bo'lmang, demoqchiman. Ularni yedirish-ichirishdan tashqari, muloqot qiling. Ular qiziqadimi-yo'qmi, savollariga mos ravishda javob bering. Ular siz bilan suhbatlashishni istasa, iloji boricha hamma ishingizni ma'lum muddatga to'xtatib, ularga vaqt ajrating. Ularni sabr-toqat bilan tinglang. Shunda ular ham sizni doim astoydil tinglaydi. Buning ijobiy natijasini keyin ko'rasiz.  Olti yoshli nevaramning chaqnab turgan ko'zlarida ko'raman dunyoni: “Enajon, siz menga she'rimni yodlatasiz-a, ayamning vaqti yo'q ekan. Enajon, siz menga ertak o'qib berasiz-a, dadam charchabdi ekan…”. Men eski xatolarimni tuzatish uchun nevaramning hamma istaklarini muhayyo qilishga urinaman. Uning ovozidagi, ko'zidagi hayrat mengayam ko'chadi. Uni eshitishga harakat qilaman, bolani erkalatmang, deya e'tiroz bildirishadi. Aslida bunday emas. E'tibor boshqa, erkalatish boshqa. Bolani eshitmasak, qanday qilib u bizni eshitsin? Ilk maktabga borgan bolajonlarimizning ko'zlari to'la hayrat va savollar bo'ladi. Ishni ulardan boshlaylikki, toki o'qiyotgan sinfiga, ustoziga, o'qishiga mehr qo'ysin. Darslarda tushunolmay qolgan mavzularini erinmay, hijjalab o'rgataylik. Balki ustozidan tortinib so'ramagan savoliga javoblarni, balki charchab qolib tushuna olmagan ba'zi dars­larni… E'tiborli bo'laylik. Chunki, bosh­lang'ich ta'lim mustahkam bo'lsa, yuqori sinflarda o'zlashtirish oson kechadi.

Xullas, tarbiya, farzand tarbiyasida hamisha uyg'oq bo'lish shartligini unutmaslik kerak. Bu shaxsiy mulohazagina emas, balki ming-ming yillik hayot tajribasidan olingan oila saboqlaridandir.

 Nigora JALOLIDDIN qizi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 15 =