Bolaga e'tibor bor(mi?)

“Bugungi bezorilar o'n-o'n besh yil ilgari e'tiborsiz qoldirilgan bolalar”. Kimdir telegramda joylagan  ushbu so'zlar ta'siridan beixtiyor hushyor tortdim. Naqadar achchiq haqiqat. Odamni o'ylantiradigan, idrok etilishi  bilan xijolatga qo'yadigan, har qanday bahonaga o'rin qoldirmaydigan haqqoniy gap. Haqiqatan, hech kim o'z-o'zidan yomon yo'lga kirmaydi. Demak, ular kattalar tomonidan ma'lum vaqt nazoratsiz qoldirilgan. Kattalar esa biz – farzandi bor ota-ona, nevarasi bor keksa avlod vakillari. Pensiya yoshida bo'lganim uchun, qayd etilgan  achchiq haqiqatga o'zimni ko'proq daxldor his qildim. Nega? Chunki bolalarning ota-onalari ro'zg'or tashvishi, ish bilan ovora.  Bolani kun bo'yi to'g'ridan-to'g'ri nazorat qilishga ularning imkoniyati bo'lmasligi mumkin. Lekin maktab yoshidagi nevaralari bo'lgan  otaxon va onaxonlarning aksariyati ish bilan band bo'lmagan aholi toifasiga kiradi.  Ular nevaralariga yetarli e'tibor berishyaptimi?

Bu boradagi ahvolni nuroniylarning o'zidan so'rasangiz,  asosan, ijobiy baho olasiz. Ya'ni, ular har kuni nevaralari bilan birga, ertalab jigarbandlarining uyg'onganini ko'rishadi,  maboda choyxonaga chiqishmasa, bir dasturxon atrofida tushlik, kechki tanovulni  ham birgalikda o'tkazishadi. Yana nima qilishadi? Birga suhbat qurishadimi? Biror bir masalada bahslashishadimi? Loaqal, bolalar tafakkurini boyitadigan biror-bir ilmiy yoki badiiy kitobni muhokama etishadimi, umuman, birgalikda ma'lum vaqt kitob  mutolaasi bilan mashg'ulmi ular? Agar yo'q desak, nevarasi kelajagiga befarq bo'lmay, shu ishlarni amalga oshirayotgan ko'plab nuroniylar sha'niga tuhmat toshlarini otgan bo'lamiz. Lekin ayrim keksa avlod vakillarining bunday yumushlarni odat qilganini ko'rmaganman, eshitmaganman.

Nuroniylar bilan uchrashganda o'zaro suhbatdan oldin o'zimcha qisqagina ijtimoiy so'rov o'tkazaman. Masalan, o'smir yoshli  nevarasi bor otaxon yoki onaxonga  murojaat qilib,  nevarasi  shu kunlarda qanday kitob o'qiyotganini so'rayman. Darhol javob berilmaganidan ma'lum bo'ladiki, keksalarimiz  nevaralarining qanday kitob o'qiyotgani bilan unchalik qiziqishmaydi. Bilimga ega bo'lish, tafakkurni kengaytirish faqat kitob orqali amalga oshishini e'tiborga olsak va unga,  asosan,  yoshlikdan boshlab erishib borilmas ekan, keyin kech bo'lishi muqarrarligini bilgan holda nega bu ezgu ishni o'z vaqtida bajarmaymiz?  Yoki balog'at yoshiga yetgunga qadar biror bir kasb-hunarni bolasiga yoki nevarasiga o'rgatish borasida barcha ota-ona yoki bobo-buvi  bosh qotiryaptimi? Albatta, maktab yoki barkamol avlod markazlarida turli to'garaklar bor, deyishingiz mumkin. Lekin qog'ozdagi raqamlarga qarab emas, o'sha dargohga borib, haqiqiy ahvol bilan bir tanishing-chi, mashg'ulotlarda nechta bola qatnashayotganini ko'rib, qanday xulosaga kelarkansiz?

Bola kun bo'yi nazoratda bo'lishi kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin bola vaqtni qanday o'tkazishi doimiy nazoratda bo'lishi kerak.  Vaqtni nimaga sarflashni, undan unumli foydalanish  kerakligini hamma bola ham bilmaydi. Bu esa  oltindan qimmat bo'lgan damlar behudaga sovurilishiga olib keladi.  Ozgina e'tiborliroq bo'lib kuzatsangiz, haqiqiy holat  shunday ekaniga guvoh bo'lasiz. Xo'sh, bu ahvolni o'nglashning chorasi bormi? Avvalo, har qanday bola suhbatlashishni yaxshi ko'rishini katta yoshdagilar anglashi  kerak. Bolalarning hayotiy tajribasi kam,  dunyoqarashi tor bo'lgani uchun ular bilan gaplashish kattalarga qiziq  emas. Lekin bu muloqot kattalar uchun emas, unga  bolalar muhtoj ekanini esdan chiqarmaylik. Bola bilan yaqin bo'lishning  boshqa yo'li yo'q. Faqat bu muloqot shunday bo'lsinki, undan  bola zerikmasin, o'zaro suhbatdan yoshiga mos ma'lumot oladigan bo'lsin, vaqti qiziq o'tishiga sabab bo'lgan bu ma'naviy yaqinlikni yana istasin, qo'msasin. Bolaning  hali ko'p narsaga aqli yetmaydi. Yoshlik salohiyatini,  imkoniyatini e'tiborga olgan holda uni suhbatga tortgan ma'qul, ya'ni  yoshiga nisbatan munosabatda bo'lmoq lozim. Ana shunda uning suhbatdoshiga,  hatto sirdoshiga aylanasiz. Bola – nevaramiz,  agar u yaxshi tarbiya topsa, yetarli bilimni o'zlashtirsa, erta eliga, yurtiga yaraydigan, eng asosiysi, o'zini, oilasini, ota-onasini boqishni eplaydigan insonga aylanishi muqarrar.

Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan naql bejizga aytilmagan. Har bir bola, u uyda bo'ladimi, ko'cha-ko'ydami, kattalar tomonidan doimiy e'tiborda ekanini sezsa, boshqalar oldida o'zini qanday tutish mas'uliyati shakllana boshlaydi, aytadigan gapini, qiladigan ishini o'ylab amalga oshiradigan bo'ladi. Bolaning nojo'ya harakatini ko'rib, uni e'tiborsiz qoldirish xulqining buzilishiga olib keladi va kelgusida vaqtida oldi olinmagan bu nuqson ko'pchilikni tashvishga solishi muqarrar. Bu tashvishning ildiziga esa qachonlardir o'zimiz e'tiborsizlik suvini quygan bo'lamiz. Yuqorida qayd etilgan so'zlar mudom yodimizda bo'lishi kerak: “Bugungi bezorilar o'n-o'n besh yil ilgari e'tiborsiz qoldirilgan bolalar”.

Xurshid NURULLAYEV,

“Nuroniy” jamg'armasi Samarqand shahar bo'limi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =