Qush uyasida ko'rganini qiladi
Farzandlarni komil inson qilib tarbiyalash eng muhim vazifa. Chunki jamiyat a'zolarining yaxshi xulqli, halol va pok bo'lishini orzu qilamiz, ammo o'sha jamiyatning kelajagi bo'lmish bolalar tarbiyasi haqida qayg'urmasak, niyatlarimiz sarobligicha qolaveradi.
Yosh avlodning kelajakda odob-axloqli, ilmli bo'lib yetishishlariga, avvalo, kimlar mas'ul, degan savol tug'iladi. Ularning odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasi mas'uliyati uyda ota-ona, o'rta maktablar hamda oliy o'quv yurtlarida esa muallim va ustozlar zimmasidadir. Haqiqatan, tadbirli, ziyrak ota-ona bolalarini ibratli xulq, chiroyli muomala, mehribonlik, kamtarlik, yaxshi nasihat, to'g'ri yo'l ko'rsatish kabi vositalardan foydalangan holda tarbiyalaydi. Shundagina bolalar ezgulik, o'zgalarga hurmat ko'rsatish, mehribonlik qilish muhitida ulg'ayadilar. Bunday o'g'lonlar ziyrak, solih, va'dasiga vafo qiluvchi, zimmasidagi mas'uliyatli vazifalarni astoydil bajaruvchi bo'lib yetishadi.
Yosh avlodda sog'lom e'tiqodni tarbiyalashda ota-ona va oila a'zolarining roli yetakchilik qiladi. Shu sababli biz kichik yoshli o'quvchilarda e'tiqod tarbiyasini eng muhim omil sifatida e'tirof etamiz. Xalqimiz qadim-qadimdan oilani muqaddas dargoh, yangi avlod tarbiya qilinadigan asosiy tarbiya o'chog'i deb biladi. Farzand tarbiyasida oilaning o'rni katta ekani xalqimizning “Qush uyasida ko'rganini qiladi” degan hikmatida ham o'z ifodasini topgan. Sog'lom e'tiqodni shakllantirish uchun yurtimizda asrlar davomida shakllangan islom dinida e'tiqod tarbiyasining mazmuniga maxsus to'xtalish zarurligini taqozo qiladi. O'quvchilarda vijdoniy poklikni tarbiyalash — sog'lom e'tiqodni shakllantirishning markaziy vazifasi bo'lib, undan maqsad har bir bola o'zining o'quvchilik, farzandlik, vatanparvarlik, bo'lajak fuqarolik burchlarini mukammal anglashiga va ularga amal qilishiga, doimo va hamma joyda rostgo'y bo'lishga, milliy odobga, vatanparvarlikka, dinlararo bag'rikenglikka, milliy g'ururga intilish va unga zid xatti-harakatni taniy bilish hamda ularga qarshi turish, va'da bersa mukammal bajarishga, bilmagan holda xato yoki gunoh qilsa, darhol o'zi kechirim so'ray olishga, yolg'onchilik, subutsizlikni doimo, hamma joyda qoralashga qodirlikni shakllantirishdan iborat.
Bizning mentalitetimiz diniy-milliy asoslariga ko'ra, farzandlarni turli noo'rin va noto'g'ri xatti-harakatlardan saqlash, aql-zakovatli, or-nomusli qilib tarbiyalash oila mas'ullari uchun majburiyatdir. Bu mas'uliyatning qanchalik muhim va yuksakligini ta'kidlab, Payg'ambarimiz (s.a.v) oila boshliqlariga qarata shunday degan edilar: “Sizlarning har biringiz rahbarsiz va har bir rahbar o'z qo'l ostidagilarga mas'uldir”.
Demak, yoshlar o'rtasida ma'naviy tarbiyani yanada mustahkamlashimiz, targ'ibot-tashviqot ishlarida yigit-qizlarning bugungi dunyoqarashi, bilimi, xabardorlik darajasi va albatta, qiziqishlari, talab-ehtiyojlarini to'la hisobga olishimiz muhim. Negaki, ular — millatning kelajagi, bugungi bunyodkorlik ishlarini ertaga ishonch va e'tiqod bilan davom ettiradigan, yangi yuksak marralarni egallaydigan vorislardir.
Dilorom ABDULLAYEVA,
Parkent tumanidagi “Navro'z”
DMTT direktori.