Jamiyat hayotning joni va ruhi
Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir”.
Darhaqiqat, yangi O'zbekistonni barpo etishda ikkita mustaxkam ustunga tayanilmoqda. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bo'lsa, ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyatdir.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlab Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan barcha tuman va shaharlar o'rtasida “Eng namunali tuman va shahar” hamda vazirlik va idoralar o'rtasida “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari e'lon qilingan edi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida o'tkazilgan yuqoridagi tanlovdan maqsad esa mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilg'or tajribalarni keng ommalashtirish orqali bu boradagi faoliyatni yangi bosqichga ko'tarish hamda ijtimoiy-ma'naviy muhitning sog'lomligi va barqarorligini ta'minlashdan iborat.
Albatta, bulardan ko'zlangan maqsad mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilg'or tajribalarni keng ommalashtirish.
“Eng namunali tuman va shahar” tanloviga Qoraqalpog'iston Respublikasi Juqorg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tavsiyasiga ko'ra, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli yo'lga qo'ygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda o'z hududida ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlagan 14 ta tuman va shahardan, “Eng namunali vazirlik va idora” tanloviga esa 20 ta vazirlik va idoradan ariza qabul qilinib, ularning faoliyati Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan joylarga chiqib, tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida o'rganildi va baholandi.
Va nihoyat, kuni kecha Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi anjumanlar zalida mazkur tanlov g'oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
— “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi g'oliblarini aniqlashda vazirlik va idoralarda ma'naviyat va ma'rifat kengashining faoliyati yo'lga qo'yilganligi, tarkibi va o'tkazilgan yig'ilishlar tahlili, tizimda ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishda olib borilgan o'rganishlar tahlil etilganligi va ularning natijalari asosida qabul qilingan chora-tadbirlar ijrosi, ma'naviyat va ma'rifat xonasining tashkil etilganligi, ushbu xonada targ'ibot materiallarining mavjudligi, tizimda o'tkazilgan ma'rifiy targ'ibot tadbirlari shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha rahbar va mas'ullarning faoliyati tahlili, tashkilotning kutubxona fondi mavjudligi, a'zolar soni soha xodimlarining mamlakatda olib borilayotgan islohotlardan xabardorligi va ularning ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishda bilimini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlardan qay darajada xabardorligi o'rganildi, – dedi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov. – “Eng namunali tuman va shahar” tanlovi ishtirokchilarini baholashda ham hududlardagi korxona, tashkilot hamda ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar holati, kitob do'konlari ko'rgazmali targ'ibot vositalari, gazeta va jurnallarga obuna soni, maktab va mahallalardagi kutubxonalar holati, oilaviy ajrimlar darajasi, “Bir ziyoli bir mahallaga ma'naviy homiy” tamoyilining joriy qilinganligi va boshqa tamoyillar inobatga olindi.
O'rganishlar natijasiga ko'ra, “Eng namunali tuman va shahar” yo'nalishida Qoraqalpog'iston Respublikasi Ellikqal'a tumani hamda Farg'ona viloyatining Buvayda tumani birinchi o'rinni, “Eng namunali vazirlik va idora” yo'nalishida esa Mudofaa vazirligi birinchi o'rinni egalladi. Tanlovning mutlaq g'oliblariga Prezident sovg'asi – “Damas” avtomobili va 15 million so'mlik kitoblar to'plami taqdim etildi.
Tanlovda bir qator jamoalar pul mukofoti va kitoblar to'plami bilan taqdirlandi. Bu esa g'oliblarning ma'naviy-ma'rifiy faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Taqdirlash marosimi xalqimiz suygan san'atkorlar, estrada xonandalarining ozod va obod yurtimizni madh etuvchi kuy-qo'shiqlariga ulanib ketdi.
O'z muxbirimiz.