Bahor madhi

Muzayyana Alaviya (1909-1988) taniqli folklorshunos olima, shoira, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati. Ilmiy va ijodiy faoliyati bilan o'zbek ada­biyoti rivojiga munosib hissa qo'shgan.

Quyida mustaqil tadqiqotchi Lobar Qo'chqorova M.Alaviya­ning shaxsiy arxividan foydalangan holda nashrga tayyorlagan bahor va Navro'z shukuhi madh etilgan ikkita she'rni gazetxonlar hukmiga havola etmoqdamiz.

Tahririyat

 

                     BAHOR

Keldi, latif kelinchak bahor,

Ko'k atlasining oqdan guli bor,

Dala, qir yasanib bo'ldi lolazor,

Egnida ipak, gul qizlari dildor,

Bulbullar quvonib aytadi yor-yor.

 

Kumush bulutlar yerga suv urdi,

El asta esib toza supurdi,

Nash'a bilan tong yelga buyurdi,

U mujda bilan gulga yugurdi,

Qo'nmay chamanlar oralab yurdi.

 

G'unchalar kutdi kulgusi bilan,

Suyunchisiga injusi bilan,

Suvdagi nargis jodusi bilan,

Kelin, qiz qo'lda ko'zgusi bilan

Doim ko'ngildir orzusi bilan!

 

Mart bilan bizni tabriklar bahor,                                                                            

Do'stlar bilan der, yashang baxtiyor,                                                                                

Sizni biz ko'rib mehnatda ilg'or,

Porloq maqsadli siz, tinchlik shior,                                                                            

Ko'rib, Muzayyan, kelamiz takror.

                                                            1958

 

        KELINChAK BAHOR

Yashildan kiyindi kelinchak bahor,

Bezagida gul, g'uncha-yu chechak bor.

 

Qushlar qo'shig'iga uy quradi,

Chah-chahlashib erta sahar turadi.

 

O'z chiroyin ko'z-ko'z qilib yer yuzi,

Qir-adirda ma'rab qo'y bilan qo'zi,

 

Yuz ochib, ko'rsatib ko'klam ko'rkini,

G'unchalar boshidan oldi bo'rkini.

 

Binafshadan xol qo'yib bog'u bahor,

Har ko'ngilda mehru sevgi ancha bor,

 

Qiya, tepa qurdi loladan chodir,

Qiyalab teradi yoshlik – bahodir.

 

Keldi ko'klam boshqacha chiroy bilan,

Tun mash'ali – yulduz to'la oy bilan.

 

Sayroq qushlar bir o'zgacha sayraydi

Qarilar ham yoshlar kabi yayraydi.

 

Yurakda to'ladi shavq bilan zavqi,

Ko'ksiga yarashib gullarning barqi.

 

Bahra olmoq har chiroydan, go'zaldan

Tilagi – tinchlikdir azal-azaldan.

 

Odam xizmatida saxiy tabiat,

Inson uchun bu ehsonu, bu ne'mat.

 

Qizlar surur bilan odob, iboli,

Sochi yarashiqli, so'zi davoli.

 

Shavq oshganda tilga keladi qo'shiq,

Bu qo'shiq olovli sevgiga to'liq.

                                                           1987

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − two =