Vatan qolar ekan, Vatan abadiy
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri
(Eski-yangi she'rlar)
AZIZIM
Magar uyquda yuzung ko'rgay erdim,
Vale hajringda ko'zdin uchti uyqu…
Bobur.
Tun shamoli esmoqda. Yulduzlar jimir-jimir,
Daraxtlarning soyasi chayqalar shitir-shitir.
Dunyoda armon ham ko'p, valekin orom ham bor,
Oynamizni yaproqlar allalar shivir-shivir.
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
Oy ham botib bormoqda. Tun yarmidan og'moqda,
Somon yo'lidan nurli yelpig'ichlar oqmoqda.
Dunyoda hijron ham ko'p, vale diydor ham bordir,
Oynamizdan egilib farishtalar boqmoqda.
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
O'kinmagil, dunyoda kim bu tuyg'uga yetgan,
Kim bu tuyg'uga yetgan – dardu qayg'uga yetgan.
Orom olar bor olam. Sen ham tinchlan bir nafas,
Menu senday dunyoda kim bu uyquga yetgan?
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
Mening tunu kunlarim ko'zlaringdan kiprikzor,
Sen menga intizoru men ham senga intizor.
Uyqumda ham o'ngimda sezgum qarashlaringni,
Uyqungda ham o'ngingda zor-zor qarashlarim bor.
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
Biz ko'ngildan tikladik bu ko'shku taxtimizni,
Shabnamlarga chayganmiz ishqimiz, ahdimizni.
Bir umr bedorlikdan vasli saodat izlab,
Ehtimol ro'yolardan topgaymiz baxtimizni.
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
Hammasi izga tushar. Bir gap bo'lar ertaga,
Quloq solgin, tinchlanmish yer usti ham yer tagi.
Umrimning afsuni ham afsonasi o'zingsan,
Sen bedor hayotimning go'zal, mungli ertagi.
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
Bu dunyoda ikki zor onayizor bor doim,
Biri – sening adoying, biri mening adoyim.
Ikki onayizorkim, umri zor, bedor o'tgay,
Duolarin ijobat qilsin oxir Xudoyim,
Vaqt kech bo'ldi, tun yarim, uxlash kerak, azizim,
Tushlar dunyosini ham yo'qlash kerak, azizim.
2016
* * *
Teskariga oqqan daryolar qaytdi,
Tog'larda yo'qolgan sadolar qaytdi.
Meni izlab ketgan nidolar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Somonlar yanchilmay qolgan kuz payti
Adirlar za'faron alvido aytdi.
Meni olib ketgan podalar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Bu ko'cha, bu hovli, bu uy, bu tandir
Bir kun seskanadi, sassiz siqtaydir:
O'n yil g'oyib bo'lgan olapar qaytdi!
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qoldirib ketdimmi uni dashtlarga?
Yoki topshirdimmi shiddat, shashtlarga?
Bo'zlab chorlasam-da bitib xatlarga,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qaldirg'ochlar qaytdi. Toylar ot bo'ldi.
Yurtning tog'u toshi menga yod bo'ldi,
“Uh” deganim mening xotirot bo'ldi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Yillarni ag'darar bu kun so'rog'im,
Qaydadir ul mening erka so'qmog'im?
Dilga jo bo'ldi bor yaqin-yirog'im,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
1986
VATAN ABADIY
Bahrayn suvlariga chaydim yuzimni,
Nasimlar esdilar iliq, arabiy.
Bir osmon to'ldirib keldi ko'ksimni,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Ne zotlar o'tdilar Vatandin ayro,
Sevinchi savdoyu sog'inchi sahro.
Ko'ksimni to'ldirib keldi bir daryo,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,
Shu ham kimlargadir zo'r armon ekan.
Ko'p ekan zar topib, zor bo'lib yurgan,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Kim axir bu dahri dundan o'tmagay?
Kim axir bir kuni aso tutmagay?
Tandan jon ketar, lek Vatan ketmagay,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Har tepa, har do'nglik turbat emasdir,
Har qanday ayriliq g'urbat emasdir.
Yurtdan ketgan har zot Furqat emasdir,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Olmon tuprog'ida bir nemis ayol,
Ko'zda yosh, o'zbekcha ayladi savol.
Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Har keksa, har yoshning zahmatlarida,
Azim chinorlarning hikmatlarida,
Hazrat Yassaviyning xilqatlarida
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Ayb emas avvaliy va yo soniymiz,
Agarchi insonmiz vale foniymiz.
Barchamiz ushbu kun Turkistoniymiz,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
Asta barg to'kmoqda zarhal og'ochlar,
Umr go'yo to'lar boju xirojlar.
Kelib ketar ekan qancha Sirojlar,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.
1995
DARYo
Kim shamol,
Kim otda uchib yelishdi,
Peshinmi, shom chog'i va yo ertalab,
She'riyat shahriga kirib kelishdi.
Men To'polondaryoni keldim yetaklab.
Sehrli bu shahar,
Go'zal bu shahar,
Va'da aylar edi jozib ertaklar.
Zangor darvozasin ochib bir sahar,
Men To'polondaryoni kirdim yetaklab.
Bir paytlar hazrati Xizrlar yanglig'
Kezgan ustozlarning qutlug' makoni.
To'tilar yurardi vazirlar yanglig',
Men yurdim yetaklab To'polondaryoni.
Nozik guloyimlar tashbehlar uzib,
Chalg'itib yurardi o'ngu ro'yoni.
Tonggi ko'chalarning sukutin buzib,
Etaklab keldim men To'polondaryoni.
Yarim oshqozoni yo'q bulbul bilan
Do'st tutindik keyin to'shab bo'yroni.
Men unga termuldim,
U menga diltang:
Nima qilsak ekan To'polondaryoni?
Ulug' ummonlarning tovush, sasiga
Dil berib, o'rgandik nazmiy dunyoni.
So'ngra Yozuvchilar uyushmasiga
Etaklab keldim men To'polondaryoni.
Hay'at qabuliga kirdik so'ng sekin,
Hay'at bizga, biz ham hay'at hayroni.
– Sizni qabul qildik mayliga, lekin
Nima qilsak ekan To'polondaryoni?
Uyli-joyli bo'ldi shoirlar qator,
She'r axir ko'ngilning erka jayroni.
Bizning ham endi o'z ro'zg'orimiz bor,
Nima qilsak ekan To'polondaryoni?
She'riyat, she'riyat –
Yoddir, faryod ham,
Ne zotlar dil aro yosh olib ketdi.
Men olib kelganim toshqin daryo ham
Bir tong xayrlashmayin bosh olib ketdi.
Balki chidolmadi hasadgo'ylaru
Men tanishtirganim do'stu yorlarga.
Bir-birin ko'rolmay yurgan ko'zlaru
Ko'ngli qarolar ham ichi torlarga.
Loyqa davralardan g'amlarga to'ldi,
Ketdi. Yillar o'tdi. O'zgardi zamon.
Bugun To'polondaryo suvombor bo'ldi,
Men uni yetaklab yuribman hamon.
2007
KELIB KETMOQ
Sahar turib olamga boq:
jilg'alari ravondir,
Charaqlagan tog'lar boshi
shomga borib tumondir.
Toychoqlaring qayondiru
qulunlaring qayondir?
Ko'rganlaring o'zingniki,
ko'rmaganing gumondir.
Inson bo'lib bu dunyoning
bozorini ko'rdingmi?
Zarlari ham zorlariyu
ozorini ko'rdingmi?
Sahar turib o'z otangning
mozoriga bordingmi?
Borganlaring o'zingniki,
bormaganing gumondir.
Kelib ketmoq o'yin ermas,
sayohat yo ziyorat,
Umr yo'li zahmatlaru
mehnatlardan iborat.
Ko'ngillarga qurdingmi bir
ko'prikmi yo imorat?
Qurganlaring o'zingniki,
qurmaganing gumondir.
Atrofingga qarab borgil,
anglab borgil yo'lingni,
Ko'z bo'lsang gar, qarog' deb bil
ona Yurting, elingni.
Bergil unga e'tiqoding,
mehring, jonu dilingni,
Berganlaring o'zingniki,
bermaganing gumondir.
2000
QARZ
Yaratgandan olar jonlar qarzim bor.
(Xalq mulki)
Ustoz chinorlardan qancha dars oldim,
Ular toki borlar —
Men ham o'lmayman.
Yozuvchilar bog'idan ko'p qarz bo'ldim,
Siz xijolat bo'lmang,
O'zim to'layman.
Ko'klam chog'larida oq tunlar aro,
Oppoq o'rik yanglig' ichdan gullayman.
Men o'z tog'larimdan qarzman bir daryo,
Siz xijolat bo'lmang,
O'zim to'layman.
Hanuz yod aylasam — bag'rim bo'lar xun,
Hind yo Kobul desam — junjikar badan.
Ey, sen dunyoyi dun,
Ey, sen dahri dun,
Hazrati Boburdan qarzsan bir Vatan.
Sen ham barchamizga yuz yillik darssan,
Shu millat hurmati,
So'zning xotiri,
XX asr, sen bizdan qarzsan
Bir Cho'lpon, bir Fitrat va bir Qodiriy.
Har bir yaxshilikni dildan qo'llayman,
Osmon, varaqlaring bunchalar moviy.
Shoirlik qarzimni o'zim to'layman,
Pushkin to'lamaydi va yo Navoiy.
2007, 2010
MEHR
Gullar to'kib bahor ketar so'ringizdan,
Erta-indin oy ham ketar qiringizdan,
Nima foyda ko'ngildagi kiringizdan,
Mehringizni qizg'anmang bir-biringizdan.
Maysalar ham bir-biriga suykaladi,
Qarang, hatto chumolilar to'y qiladi.
Nechun hasad ko'ksingizda kuy chaladi?
Mehringizni qizg'anmang bir-biringizdan.
Bugun sizga oq dasturxon to'shar hayot,
Taronani tog'oraga qo'shar hayot.
Ham singil, ham yoringizga o'xshar hayot,
Mehringizni qizg'anmang bir-biringizdan.
Kelolmagay endi hargiz tuproq yorib,
Otangizning mozorlari buncha g'arib,
Onangizning izlarini o'ping borib,
Mehringizni qizg'anmang bir-biringizdan.
Dunyoning bu pallalari topilmaydi,
Eshiklari tun-kun ochiq, yopilmaydi.
Mehr keyin do'konlarda sotilmaydi,
Mehringizni qizg'anmang bir-biringizdan.
2001
NA KERAK?
Bir gulga bir dildan dunyo kerakdir,
Bir dilga bitta gul tanho kerakdir.
Bir elga mehrdan daryo kerakdir,
Mehr gar bo'lmasa, itob na kerak?
Tiriklik bir aziz ne'matdir azal,
O'tkarmoq joyizdir pokiza, go'zal,
Nasimlar navodir, yaproqlar – g'azal,
Balog'at bazmida sharob na kerak?
Siymu zar havosi ranglaringdadir,
Ne hasrat tomog'ing, tanglayingdadir?
Ey inson, hisobing manglayingdadir,
Bunchalar hisobu kitob na kerak?
Sadoqat darsidan xabar bo'lmasa,
Farosat ahlidan nazar bo'lmasa,
Ko'ngilda hayodan asar bo'lmasa,
Ul husnu jamolga hijob na kerak?
Suv uza yarq etgan shu'ladir umring,
Osilgan omonat tugmadir umring,
Magar Haq yo'lida o'tmadi umring,
Seni bu chulg'agan sarob na kerak?
Ilg'agil dunyodan munglug' kuyingni,
Eng avval supurgil ko'ngil uyingni,
Savolu javob et har bir kuningni,
Savoling bo'lmasa javob na kerak?
1994
ONAMNING KULChALARI
Keltirdi tong chog'i bir
sabo va bir qush xabar:
Ochilmish bahorning ilk
boychechak ‒ gulchalari.
Lekin men uchun eng zo'r,
eng quvonchli xushxabar ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Ming chaqirim yo'l bosib
kelgan sovg'a-salom bu,
Mehr bilan boylangan
to'sha-tugunchalari.
Har biri quyosh yanglig'
charaqlagan olam bu ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Porlab ketar ro'zg'orim,
yorishgay iliq-iliq
Ko'nglimning muzlab yotgan
eng tiyra go'shalari.
Har gal umid keltirgay,
keltirgaydir tiriklik ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Ayriliq, hijronlarga
to'lug' umrim maktabi,
Ravshan tortgay uning eng
zim-ziyo ko'chalari.
Qirq yilkim taskin bergay
eng tansiq diydor kabi ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
‒ Onangdan xabar olgil,
Siroj sen tez-tez borib…
Firoqlardan kichraygan
jussasi, qo'lchalari,
Sizni ko'ziga surtgay
— ustoz Abdulla Orif,
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Qismatimdan shodmanu
ammo Vaqtdan xafaman,
Yuzimga urilganda
ko'klamning do'lchalari,
Sizning nazdingizda lek
men hamon talabaman,
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Umr ber ham sog'liq ber,
nur bergil ko'zlariga,
Xudoyim, bir ayolga
dard, zahmat shunchalarmi?
Mehru sog'inch bobida
o'xshaydi o'zlariga ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
2015