Ammo hanuz dildasan, do'stim…

Najmiddin IKROMIY

 

Muallif haqida: Najmiddin Ikromiy – Andijonda tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (sobiq Toshkent davlat universiteti)ning jurnalis­tika fakultetini bitirgan. Respublika va viloyat bosma ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko'rsatgan. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi.

Uning she'r, g'azal va hikoyalari, tahliliy-publitsistik asarlari respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida muntazam bosilib turadi.   “Erta botgan oy” she'riy to'plami, “Boshlovchi jurnalist va mahorat mashaqqati” hamda “Amaliy jurnalistika va mahorat” ilmiy-publitsistik kitoblari nashr etilgan.

 

   ShE'R HAQIDA BALLADA

 

                       Adabiyot o'qituvchimiz  

                                    Mukarrama ayaga

 

Men she'rga aylandim…

Endi men yo'qman…

Dardsiz hayotimga qo'yildi nuqta.

Endi men javobsiz mangu so'roqman,

Adabiyot, degan ulkan hududda.

 

Siz meni izlamang tunlar qa'ridan,

Na kunning bag'ridan topoldim orom.

Meni chorlab necha yillar naridan

Oybarchin sanamlar qilsa-da muqom.

 

Garchi, bolalikda bitilgan ash'or

Unut bo'lgan hisni dilimga joylab

Qo'ygan esa-da, Ishq atalgan dildor

Vaslidan hozir ham qaqrayapti lab.

 

Ayting, yana nima kerak odamga,

Men shu yo'qlikda ham baxtliman, axir!..

Ne qilay, sig'masam shu keng olamga,

Menga Adabiyot, she'riyat taqdir!

 

* * *

Qo'llarim qalamga aylandi, qarang,

Ko'ksimda uryatgan narsa – siyohdon.

Oq qog'oz bag'rini qizartib yalang,

Dardimni aytaman men kulib shodon.

 

Kimdir aytar, balki, sen telba,

darvesh,

Mazaxlab devona yohularimni.

Mayli, men Majnunga bo'la qolay xesh,

Sog'larga berib xush tuyg'ularimni.

 

Yana Quyosh chiqdi, otdi yangi tong,

Hech kimsa o'pmagan, hali bokira…

Yurak yashamoqdan urar ekan bong,

Unut bo'lmas sira eski xotira.

 

Men-ku so'zim aytdim siz uchun, ustoz,

Dalli bolangizning ehtiromi shu!

Siz ekkan nihollar o'sarkan qiyg'os,

Qalbda she'riyatga muhabbat mangu.

 

Shuncha yozganlarim she'r emas, balki,

Ko'ngilda so'zim ko'p hali aytmagan.

Qog'ozga tushmagan yo turgan qalqib –

Siz mening she'rimsiz hali bitmagan!

 

          SINFDOShLARIM

Garchi, biz avvallar yot, begonaday,

Tug'ilsak-da turli ota-onadan,

O'n yil bir partada, bitta xonada

Ulg'aygan do'stlarim va qondoshlarim –

Sinfdoshlarim!..

 

Musaffo va murg'ak ko'ngillarini,

Keng ochib boladay, bir-birlarini

Sevib va ishongan dil sirlarini,

Ko'nglida kiri yo'q, eng sirdoshlarim –

Sinfdoshlarim!..

Hali muhabbatning neligin bilmay,

O'zimcha oh urib, sevib-sevilmay,

Yurgan kunlarimni malomat qilmay,

Holimni tushungan chin darddoshlarim –

Sinfdoshlarim!..

 

Yillar yil ortidan quvalab o'tdi,

Kuz, bahor yomg'iri sevalab o'tdi,

Necha yil, oy kunim chuvalab o'tdi

Sizlarsiz qadrdon, qadrdoshlarim –

Sinfdoshlarim!..

 

Ko'kda oy, yerda qiz, hurlarni suydim,

Ishq, sevgi, hijronning dog'ida kuydim,

Ba'zida sizlarni o'ylamay qo'ydim,

Sizsiz sinib bitdi, sabr, doshlarim –

Sinfdoshlarim!..

 

Endi diydoringiz ko'zimga suray,

Ko'nglingiz olmoqqa iznlar so'ray,

Yuz yil yashang, men ham o'lmasdan yuray,

Jondan azizlarim, jon,

jondoshlarim –

Sinfdoshlarim!..

 

SINFDOSh QIZGA

Yil o'tadi, bahorlar kelar,

Daraxtlarni tutadi to'lg'oq.

Yana yashil ranglar tug'ilar,

Ko'ksi to'la yo'rgaklar oppoq.

 

Chaqaloq gul uzra sanduvoch

Bayotini o'qigani kez

Esga tushding, qoshlari qiyg'och,

Men sevolgan, ey, sinfdosh qiz!

 

Sen soriga talpingan ko'ngil

Orzularni ranglarga qorib,

Qizg'aldoqqa aylandi sekin,

Xumosini kutmoqdan horib.

 

Ilk bahorda ochilgan chog'i

Bir yurakka qurib taxtini, —

Yaratganga yetdimi ohi,

Boshqa qizdan topdi baxtini…

 

Ammo hanuz dildasan, do'stim,

Xotiramning bir cheti gulgun.

Ilk ishqimdan qolgan yodgorim,

Doim mening yodimda turgin!

 

Yillar o'tar, yana gulbahor

Kelaverar takror va takror.

Har bahorda ilk muhabbatga

Qayta-qayta bo'laman iqror.

 

Har bahorda devona ko'nglim

Sen tomonga yelib qoladi.

Bilasanmi, yo'qmi, limmo-lim

Orzularni sendan oladi!

 

          HIJRON

Menga qoboq uyma, dil,

Aybim yo'q mening sira.

Senu meni qiynaydir,

Undan qolgan xotira.

 

Tashlasam nigoh qayon –

Yuraklarim tilinar –

Uchragan har bir ayol

O'sha bo'lib ko'rinar.

 

Kechmagandim undan hech,

U ham mendan kechmagan…

Qolmadi ertayu kech,

Hech og'u biz ichmagan…

 

U meni Shoshda o'ylar,

Men uni Andijonda;

Har kun bir yangilanar

Sevgi har ikki jonda!

 

Kel, qobog'ing och, dilim,

Xumorimni yoz bugun;

Bag'rimni qilma tilim,

Shundoq ham qalbda tugun…

 

O'rtaga qo'yib jonni —

Iltijoyu duomda;

Jannatlarda men oni

Tilab olgum Xudodan!..

 

      ChO'PON QIZ

Oloy tog'in poyida

Quyosh erta botarkan;

Erta botib oyi-da,

Tonglar erta otarkan.

 

Erta tongda xush nasim,

Dilga biram yoqadi;

Kunda ortib havasim,

Dilda ishq uyg'otadi.

 

Chaqmoq chaqsa ho' tog'da,

Aksi qalbda bilinar;

Asta chiqsam o'tovdan,

Cho'pon qiz sut ilinar…

 

Ichmasam, uyar qoboq,

Ichsam – qalbda talotum;

Kiprik go'yoki sadoq,

Qoshda o'q bor bir otim…

 

Cho'pon qizning yuzlari

Go'yo sutga chayilgan;

Ko'rib ohu ko'zlarin

Hushim mendan ayrilgan…

 

Safar qarib borarkan,

Bilmam, endi netaman;

Qalbim bunda qolarkan,

Qanday uyga ketaman?

 

O, do'stlarim, Anjonga

O'zlaringiz qaytinglar;

Yor-oshna, qadrdonga

Mendan salom aytinglar!..

 

Ayting: Oloy qimizin

Ichganlar bol totarkan;

Cho'ponning suluv qizin

Suygan qolib ketarkan…

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + fourteen =