Beg'ubor go'dakday shirindir dunyo

                                                                               Ahmad Xo'ja

 

 

Birovni kamsitmoq odatim yo'qdir,

Sizni sevadilar ular ham,

Biroq,

Mening muhabbatim g'oyat buyukdir,

Sizni men sevaman hammadan ko'proq!

 

Farzandlaring ko'pdir fidoiy, sodiq,

Seni deb yasharlar ular ham, balkim.

Lekin imon haqqi,

Aytaman ochiq,

Seni men ortiqroq sevaman, xalqim!

 

Menimcha,

Vatanni sevmas inson yo'q,

Kimni yig'latmagan bu aziz tuproq.

Lekin mening mehrim beqiyos, buyuk,

Vatanim, men seni sevaman ko'proq!..

 

 

                             * * *

O'ltirgan – bo'yramish,

Yo'l yurgan – daryo,

Turfa xil ellarni kezdim bearmon.

Sokin irmoqlardan tingladim navo,

Qorlar ko'chkinidan eshitdim suron…

 

Tomosha qilganman, hayrat ichra lol,

Shovqinli Arslonbob sharsharasini.

Unuta olmasman, mangu bezavol,

Go'zal Shohimardon manzarasini!

 

Beg'ubor Kavkazning husniga boqib,

Ko'z oldimdan o'tgan o'zim o'sgan yer.

Kura bo'ylarida gulxanlar yoqib,

Gurji go'zaliga ataganman she'r…

 

Birov piyolada issiq choy tutdi,

Birov aytib berdi, qayga eltar yo'l.

Kimdir go'shasida kechqurun kutdi,

Kimdir tong mahali silkib qoldi qo'l…

 

Yo'l yurib, el kezib, men anglab yetgan

Safar falsafasin aylasam bayon —

Odamlar quyoshday mehribon ekan,

Ona yurt osmonday ekan bepoyon!..

 

 

                           * * *

Zamon yelayotir nur kabi shitob,

Ajib shiddat bilan umr oqmoqda.

Do'stim, qadahlarga to'ldirgil sharob,

Yangi yil kelmoqda, eshik qoqmoqda.

Beg'ubor go'dakday shirindir dunyo,

Latif ruxsorida ko'rinmaydi dog'.

Olam yaralganday qaytadan go'yo,

Bashar pokligiga qaytganday bu chog'.

Bugun o'ylarim ham g'amlardan xoli,

Ko'mib ketgan yanglig' xoru xasni qor.

Yo'l boshida turgan o'smir misoli

Yangi yilga aytar tilaklarim bor…

…Men ko'p bor ko'rganman dehqon zahmatin,

Chigit qadaganin takror va takror.

Bu yil ham yashirib zangor tal'atin,

Qaydadir tentirab yurmasin bahor.

Xamirdek ko'pchisin, bu oltin tuproq,

Oshiq qalbday yonsin, zamin yuragi.

Yangi yil.

Dehqonim uchun ham ko'proq

Jonajon quyoshdan ziyo so'ragin.

Soz erur har neki bilsa o'z haddin,

O'rnini bilganday har bitta yulduz.

O'jar qish oldida bukmasdan qaddin,

O'z taxtida tursin, so'nggigacha kuz.

Yangi yil, senda ham ko'rmaylik zinhor

Munis onalarning qatra yoshini.

O'tgan yillar kabi mehr ayla nisor,

Ma'sum go'daklarning sila boshini.

Sen omad, iqboldan baxsh etgil darmon

Hijron azobidan zada dillarga.

To boqa olsinlar ular ham shodon

Ko'm-ko'k chechaklarga,

Alvon gullarga.

Bejiz darkor emas otlarga jilov,

Yugan solmasdilar bo'lmasa hojat.

Dunyoga o't qo'ymoq istasa birov,

Sen unga ato et aqlu farosat.

Ezgu orzularim bilmas nihoya,

Senga yuragimda tilaklar bisyor.

Garchi, yolg'iz istak qilmas kifoya,

Faqat duo bilan sog'aymas bemor.

Olamga qay tusli libos bicharsan,

Qanday qo'shiqlarni o'tarsan aytib?!

Hamma yillar kabi sen ham kecharsan,

Hamma yillar kabi kelmassan qaytib.

Zamon charxpalagi aylanar shitob,

Bir zum ortga boqmay umr oqmoqda.

Qalbimda uyg'otib rango-rang xitob,

Yangi yil kelmoqda,

Eshik qoqmoqda…

 

                                     * * *

Jur'at kerak to'g'ri so'zni aytmoqlik uchun,

Jur'at kerak gunohlarni olmoq uchun tan.

Jur'at kerak xato yo'ldan qaytmoqlik uchun,

Jur'at kerak yashamoqqa mag'rur qad bilan.

 

Jur'at kerak dilda mehring etmoqqa izhor,

Jur'at kerak g'addorlarga sochmoqqa g'azab.

Yuragingda jur'at yo'qmi, hayoting bekor,

Umring zoe, sen shunchaki o'tarsan yashab.

 

Qay bir inson ne savdoga ekan mubtalo,

Qay kimsaning holi zabun, tolei kulmas —

Bunda “charxi kajraftor”ning aybi yo'q aslo,

Jur'atsizlik sabab bunga, boshqa gap abas.

 

Qayda tazyiq, razolatning qo'llari uzun,

Qayda insof, adolatning qisqadir dasti —

O'sha elning farzandlari bezabon, mahzun,

O'sha yerning odamlari jur'atsiz, asli.

 

Qaerdaki, diyonatga tortilgan chiziq,

Qaerdaki, nodon aziz, ahli donish xor-

Qaerdaki, shoirlarning tillari qisiq,

Demak, o'sha el qonida jur'atsizlik bor.

 

Goho jur'at yetishmadi menga ham, afsus,

Yuragimga gar yovqurlik bo'lsa edi yor —

Bevaqt yashil bog'larimni bosmas edi kuz,

Mening ham dil bo'stonimda yashnardi bahor.

 

Ag'yorlarning qarshisida egmas edim bosh,

Balki ular ahvolidan yurardim kulib.

Do'stlarimga birov agar otsa nogoh tosh,

Turar edim devor yanglig' himoyat bo'lib.

 

Yaxshi-yomon, do'st-g'anim bor,

zamon dolg'ali,

Dunyo notinch,

                    sham misoli titrama, yurak!

Vatanni baxt manziliga olib borgali

Hali qancha jur'at kerak, jasorat kerak…

 

Shu boisdan qalbingizda menga nisbatan

Bot-bot mehr, hayrixohlik jo'sh urgan

fursat —

Boylik, omad sog'inmangiz menga qismatdan,

Siz dadillik tilang faqat,

tilangiz jur'at!..

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =