Ko'ksimda oy kabi balqishing ayon

Zikrilla NE'MAT VAFOIY

 

Muallif haqida:

Zikrilla NE'MAT VAFOIY — 1961 yil Buxoro viloyatida tug'ilgan. 1989 yilda ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini, 2001 yili O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tugatgan.

“Ikkimizning yoniq ishqimiz”, “Yurtim navosi”, “Vatan va muhabbat”, “Qaytar dunyo”, “Ostonadan bosh­lanar Vatan”, “Muhabbatsiz yashab bo'lmas”, “Spitamenning so'nmas qo'shig'i”, “Muhabbat mehrobi”, “Sog'inch sarchashmasi”, “Ezgulik o'lkasi”, “Onam ekkan rayhonlar” (Saylanma), “Vatan haqida qo'shiqlar”, “Muxammas gulshani”, “Qalbim qal'asi”, “Qaldirg'ochlar qaytgan kun”, “Mangu qo'shig'imsan, Vatan”, “Vafo baytin bitaylik”, “Dilda   ishqning marvaridguli”, “Navoiydan navo istab”, “Buxoroni sog'inmay bo'lmas” nomli kitoblari nashr etilgan.

Yuqoridagilardan tashqari “Besh baho olgan kunim”, “Mardi maydonlar yurti”, “Jirafa nechun xafa?!”, “Ayiqning nabirasi”, “A'lochilar alifbosi” singari bolalar uchun yozilgan to'plamlar muallifi.

U mashhur rus shoirlari – Sergey Yesenin, Mixail Lermontov, Belorus shoirlari – Yakub Kolas, Igor Bordulin, Moldavan shoiri – Pavel Bosu, Avar shoiri Rasul Hamzatov, gruzin shoirlari –   Grigol Abashidze, Georgiy Leonidze, qozoq shoirlari – Abay, O'ljas Sulaymon, turkman shoiri Ota Otajonov she'rlarini o'zbek tiliga o'girgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

BESh MAG'RUR JANGChINING MUNIS ONASI

Ikkinchi jahon urushida besh farzandidan ayrilgan

Zulfiya aya Zokirovaning xotirasiga

 

Bir ayol uv tortar tunning bag'rida,

Oyni ham titratar ohu nolasi.

Shamdek yonib-kuymish farzand dog'ida,

Besh mag'rur jangchining aziz onasi.

 

Urush yillarining dardu azobin,

Bilar u davrning qaddi dollari.

Ko'tarmish zamonning zildayin yukin

Urush yillarining mard ayollari.

 

“Boshing toshdan bo'lsin, jonim bolam”, deb,

“Oy borib omon qayt, ko'zi qoram”, deb,

Bir emas, besh o'g'lin jangga kuzatdi,

“G'alaba bilan qayt, jigarporam!”, deb.

 

Ahmadjon, Ishoqjon, Muhammadjon-u

Vahobjonlar yorin yig'latib ketmish.

Hatto bir go'zaldan o'pich   olmagan—

Yusufjonning dog'i qalbni qon etmish.

 

Nahot, besh o'g'ildan biri qaytmasa,

“Ona, qaytdim” degan so'zni aytmasa.

Ilhaq bo'lib kutgan onaizorning—

Bag'riga go'dakdek   o'zin otmasa?!

 

Boshingni mag'ur tut, ey onajonim,

Bugun besh o'g'loning — besh mard qahramon.

Fido aylasa-da gar jangda jonin,

Tinchlik qal'asini saqlashdi omon.

 

Sening o'g'lonlaring shiddati bois,

Zafar taronasi elga bo'ldi yor.

Yovni quvib toki Reyxstaggacha —

Borganlar ichra mard o'g'lonlaring bor.

 

Qo'ygil, buncha yig'lamagil ezilib,

Kuyma buncha firoqlarning dog'ida,

Farzandlaring go'yo qayta tirilib.

Kezib yurar   G'alabaning bog'ida.

 

Sening o'g'lonlaring — mardlikka timsol,

Kelinlaring ishqu vafo ramzidir.

Sendek mard   ayolning borligi, alhol,

Buyuk o'zbek millatimning baxtidir.

Kel, bu dam dardingga darmonlar bo'lay,

Kel, bo'lay bedor ko'zingning jolasi,

Bosh egib poyingga, ta'zimlar qilay,

Besh mag'rur jangchining aziz   onasi.

 

                        YoShLIK

(qo'shiq)

Umrimiz tongining nahori – yoshlik,

Go'zal umrimizning bahori – yoshlik.

Undadir muhabbat, shiddat — shijoat,

Oshiq ahlin ilk dil izhori – yoshlik.

 

Kimlar bor   yoshligin baxsh etar elga,

Kimlar bor, bor umrin sovurar yelga.

Sen misli mayoqdek yongil, ey   qalbim,

Olislarni ko'zlab chiqqanmiz yo'lga.

 

Oyu kunlar o'tar quvlashib yilni,

Vaqt kelib kuch-quvvat tark etsa belni.

Qalbga otash solgan ilk muhabbatdek,

Yoshlik o'ti hargiz tark etmas dilni.

 

Hayot tilsimlarin tumori – yoshlik,

Tashna ko'ngillarning xumori – yoshlik.

Bir umr avaylab – ardoqlab yashang,

Mehru sadoqatning ash'ori – yoshlik.

 

O'z o'tgan umrimni o'yladim men ham,

Uni qo'shiq qilib kuyladim men ham,

Bir zum bo'zto'rg'aydek bo'zladim men ham,

Qalbning hech tuganmas alyori – yoshlik.

 

MINORAI KALON POYIDA

 

Qadim Buxoroning sokin bag'rida

Minorai Kalon turar vazmin, jim.

Go'yo bu kunlardan ming yil narida,

Xayol surib turgan keksa munajjim.

 

Bu qadim minora, ne tongki bu kez

Yodga solar adib – Omon Muxtorni.

Har gal Buxoroga borsak ikkimiz,

Birga tavof etar edik minorni.

 

Buyuklik bobida Omon akam ham,

Vazmin minoraga juda o'xshardi.

Nazm ila nasrda tebratib qalam,

Ulug' qalb sohibi xoksor yashardi.

E, voh, endi o'shal donishsifat zot –

Yotar Shoshning “Minor” qabristonida.

Ajalning dastidan degim kelar dod,

Bulutlar to'planur dil osmonida.

 

O, ona Minora, bugun yoningga

Kechir, kelganim-chun Omon Muxtorsiz.

Bir alam chang solib jismu jonimga,

Poyingda turibman g'amgin, madorsiz.

 

Hayhot! Zo'rg'a tutib turibman bu dam,

Ko'ksimni kuydirib kelgan yig'ini.

Boshimda yaltirab turgan hilol ham

Qalbimga sanchgaydir o'tkir tig'ini…

 

Lek menga kuch berar umid shukuhi,

Ko'nglim bir taskinni sezib turibdi.

Boshlarimiz uzra o'tganlar ruhi –

Hurlik shamoliday esib turibdi.

 

Ko'nglimdan tarqalur zumda g'ubor, g'am,

Yupanchlar yumshatar alam zahrini.

Bugun go'yo ustoz Omon Muxtor ham,

Shodon kezib yurar ona shahrini…

 

Qadim Buxoroning sokin bag'rida…

 

QIShLOQ ChEKKASIDA…

 

Qishloq chekkasida, mozor ustida

Hijronday sarg'ayib o'sgan, ey qamish.

Achchiq yoshlar tomib ko'zim tubidan

Senga termularman o'ychan va xomush.

 

Ey, aziz otamning qabri uzra jim

Qon-qon yig'lab turgan ma'yus qizg'aldoq.

Alvon gulkosasi g'am bilan lim-lim,

Qalbimning rangidan rang olding qandoq?!

 

Mehribon volidam qabrtoshiga

Sumbulday chirmashgan, rangin pechaklar.

Men emas, siz bukun onam boshiga

Gul olib kelmishsiz etak-etaklab.

 

Sho'rxok tuproq uzra asta tiz cho'kib,

Mayin yaprog'ingiz asta   o'parman.

Xushbo'y hidingizda aziz onamning

Hech so'nmas mehrining taftin sezarman.

 

Sizga ming tashakkur, maysa-giyohlar,

Ey, Siz – Ezgulikning yashil lashkari!

Bu yorug' dunyoda koshkiydi hamma

Mehribon bo'lsaydi sizlar singari.

                                              

Goh oylab borolmay qolgum qishloqqa,  

Hayhot, tashvishlarim ko'pmi shunchalik?

Nahot, ota-onam   ziyoratiga

Imkon topolmasman bir giyohchalik?!.

O, maysa-giyohlar, Sizga ming ta'zim,

Hayot ibtidosi – erursiz har choq!

Eng oliy mavjudot – insonga, hatto

Mehru oqibatdan berursiz saboq!  

                           

                          OQ QAYIN

O'zbek yurtga kelin bo'lgan rus qiziday,

Suv bo'yida o'smish go'zal bir oq qayin.

Novdalari tebranadir   naq yalpizday,

Mayin-mayin, sho'x sabolar esgan sayin.

 

O, bunchalar go'zalsan, bunchalar dilbar,

Ey, anhor bo'yida   o'sgan sho'x oq qayin.

Shimol tomonlarga ma'yus tashlab nazar,

Bag'rini sog'inchlar ezgan sho'x oq qayin.

 

Bo'lmish endi ona yurtim senga vatan,

Qaytib ketmoqqa-da senda yo'q ixtiyor.

Esenin kuylagan oppoq, ey gulbadan,

Ehtiros uyg'otding dilda   beixtiyor.

 

Maftun bo'lib oq qayinga boqqanim on,

Sog'inchdan entikib ketar yuraklarim.

Yodga tushib qishloqdagi do'st-qadrdon,

Oq qayinga o'xshagan oq   teraklarim.

 

Go'yo suvdan chiqib kelgan bir afsungar,

Suv parisin yodga solar oh, oq qayin.

Akasin kuzatib qolgan bir singilday,

Ortimdan qo'l silkib qolar sho'x oq qayin.

 

                         UMID

Bulutlar ortidan oy chiqar suzib,

Sutga chayilgandek oppoq bu kecha.

 

Hajringda qalbimning oromin buzib,

Ko'z yummay chiqurman toki tonggacha.

 

Qoramtir bulutlar telbalik bilan,

Oyni to'smoq uchun benaf urinar.

Ular ikkimizni hijronda yoqqan –

Shubha-gumonlarga o'xshab ko'rinar.

 

Yuragim bir shirin umiddan erib,

Sevinchdan daryoday qalqir nogahon.

Bir kun bulutlarni dog'da qoldirib,

Ko'ksimda oy kabi balqishing ayon.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =