Hamisha seni deb jo'sh urar yurak
Qosimjon AKBAROV
Muallif haqida:
Qosimjon AKBAROV — 1957 yili Mingbuloq tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini bitirgan. 2001 yildan “Mingbuloq” gazetasi muharriri vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. “Shuhrat” medali sohibi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi.
OChAR OY YuZ
Oqar oydin, yog'ar yog'du,
Yotar yog'duda yolg'iz yor.
Sabab: mast uyquda hamma —
Emas uyquda yolgiz yor?
Ko'zining yoshlari milt-milt
Samo boshida parvona.
Ko'zining yoshlari milt-milt
Kezar qayg'uda yolg'iz yor.
O'rilgan sochlarin o'ynab
Shamollar tindilar bir zum.
O'rilgan soch kabi g'am mo'l,
O'zi o'truda yolg'iz yor.
Bu bunda zor-zor yig'lab,
Vafosiz unda kulgaymu?
Yig'i mo'l topdi, hasratkim,
O'shal kulguda yolg'iz yor.
Yuzin ko'zgusiga chizdi
Ko'zi injusidan izlar.
Dilin ko'zgusidan dog'in,
Yuvar yo suvda yolg'iz yor?
Va yo ko'ngil uyiga suv separ-
Mujgonlari namlik.
Supurmak izlarin istab,
Bu dam orzuda yolg'iz yor?
Seningdek dilfigor ko'pdir,
Uningdek nobakor ko'pdir.
Meningdek g'amgusor birmas,
Yig'ing behuda, yolg'iz yor.
Ochar oy yuz, uchar yulduz,
Elar yel pardani yulqib,
Chekib oh, yuz yuvib
Ko'z yoshidin yog'duda yolg'iz yor.
UMR
Kunga-kundin o'zga savdo,
O'zgacha ozori-yo,
Yo bozorning ishqidir bu,
Ishqning bozori yo?
U atir kiygan havoni,
Bu muattardan so'rang,
Bizga asrori nihondir,
Ko'hna dunyo bori-yo.
Hajri shomining zavoli —
Zulfi mushki, istamang,
Voh, qurib ketganmu bizdek
Bemadorga dori yo?
Bir tarafda nozu zarda,
G'unchalar g'avg'olari.
Bir taraf guldastalarning
Yangragan “yor-yor”i yo.
Maktubni mayda-mayda
Sochdi yirtib. Men dedim:
Yo bahorda yog'di qorlar?
Nastarinlar qori yo?
Sokin o'lgin, so'zni asra,
Sozi ozdir, ozi-soz.
Birning inkori qiziqdur,
Bittaning iqrori yo.
IShQ BOG'IDA
Men iyra-olu bolu,
Lablar tiniqmaguncha,
U tiyra-yor qo'liga,
To qoni oqmaguncha.
Oyni olib bo'larmu,
Oluni bir-bir uzdim.
Kulgan quyoshchalarning
Osmoni tormi shuncha?
Sen toshga chiqmaguncha
U uyga kirmagaydur,
U yerga tushmaguydur
Men shoxga chiqmaguncha.
Ayt, nega manglayingga
“Ro'ymol“ ilodur olu?
Boshu bo'yningni bilmas,
Qizarmadik ozmuncha.
Qon yig'ladi labingda,
Misli ufqda oftob.
Vasliga kim muyassar
Jonini tikmaguncha.
Olu shakarda qaynab,
Oshiq bo'lib shirin so'z —
Nordon o'shal va bul g'o'r,
O'tda chiniqmaguncha.
Bu bog'da olu bolu
Yorim bo'libdilar jam.
Bazmida kamchilik bor
O'zim yo'liqmaguncha.
KO'NGIL
“Yo'qman” deya ovoza qilib,
Eshigingga ketibsan ilib…
Shu suhbatga men bir guvohu,
Ilhom go'yo sakradi ohu.
Kulsa agar tole'da bahor,
Yillar osha ko'rishsak diydor.
Rozim mening – hasratu armon –
Uyurlari o'ynasa g'ujg'on.
Tashlab kamand, etmas esang band,
Va o'zniki bilmasang harchand,
Hayollaring bo'lsa parishon,
Uyingda yo'q ekansan, ishon.
Go'yo o'yin tark aylagan ruh,
Anduhimga ularkan anduh.
Bir sezim yo'q bo'lsa holingga,
Xoli qo'ysam yaxshi holingcha.
Yo bog'dami, yo tog'da, qirda –
Sen ham meni uchratib birda.
Ochsang ko'ngil dasturxoningni,
Sezmas esam jon-jahoningni.
Va band bo'lsam og'ir o'yimda,
Yo'q ekanman men ham uyimda.
Hatto turib uyingda bedor,
Uyingda yo'q bo'lmoqliging bor.
ILTIJO
Robbim, o'zing yaratgansan,
Holim meni tang qilma.
Tuproq qilgin – suv sepilgan,
Ko'tarilgan chang qilma.
Chang to'zig'i – boshga chiqar,
Ko'zga solar hamlani.
Tuproq esa kaftda tutar,
Boshda tutar hammani.
ANGLADIMKI…
Hayot qiziq ekan, qaragin do'stim,
Birov chopon kiyar, birov-chi po'stin.
Birov oddiy yashab o'tar hayotdan,
Birov bo'lmoq istar dunyoga ustun.