Ayolini siylagan yurt kam bo'lmagay…

Munavvara  USMONOVA

 

Muallif haqida:

Munavvara Usmonova — 1965 yili Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Marhamat qishlog'ida tug'ilgan. 1988-1993 yillar mobaynida Toshkent davlat pedagogika institutining o'zbek filologiyasi fakultetida  tahsil oldi.

Shoiraning “Diydor”, “Sizga o'xshasin”, “Sog'inch manzili”, “Yuragimdasan, Vatan”, “Bunday elni qaydan topasan”, “Keragimsiz”, “Ona, men keldim”, “Vatan − ulug' darsxona”,  “Hayot tumori”  kabi kitoblari  chop etilgan. 

2013 yilda “Shuhrat” medali, 2021 yili O'zbekiston Respub­likasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi yuksak unvoni bilan taqdirlangan. Bugungi kunda “Saodat” jurnali bosh muharriri vazifasida mehnat qiladi.

 

     KELDIM,  DEGIN

Bolam, kelsang qay mahal,

Ko'zim  yo'lingga mahtal,

Qoshimga kelib har gal,

Ona, men keldim, degin!

 

Kechiksang tundan so'rab,

Holingni kundan so'rab,

Turarman yo'ling poylab,

Ona, men keldim, degin!

 

Topgan noning kerakmas,

Mansab, shoning kerakmas,

Joning omon bo'lsa bas,

Ona, men keldim, degin!

 

Do'stmi yo dushman qalam,

Bilmayin dilda alam,

Yurak uxlamas, bolam,

Ona, men keldim, degin!

 

Gado qildi bu hijron,

Yo'limni to'sar dovon,

Engmasin desang armon,

Ona, men keldim, degin!

 

Ko'rmagin hech yomon kun,

Baxtingni ko'ray butun,

Yuragimga bo'l ustun,

Ona, men keldim, degin!

 

Yaqinlashib qoldi kuz,

Ko'ksimda bir hovuch tuz,

Mador bo'lar bitta so'z,

Ona, men keldim, degin!

 

Umr – o'tkinchi shamol,

Bir kun qaddim bo'lar dol,

Shunda ham kelmay malol,

Ona, men keldim, degin!

 

Tildan qolsam, so'zim  bo'l,

Nuri ketsa, ko'zim bo'l,

Ortda qolar izim bo'l,

Ona, men keldim, degin!

 

Kelsa aytar kun vido,

Qismat aylasa judo,

Boshimda aylab duo,

Yana men kelgum, degin!

 

Mana, men, keldim, degin!..

Ona, men keldim, degin!..

 

                    SOG'INCh

Mendan  so'rang sog'inchning tusin –

Ranglari somon.

Men ko'rganman sog'inchning uyin –

Kulbasi vayron.

 

Yo'lagi bor sog'inchning yurgan –

Cheki yo'q armon.

Chechagi  bor sog'inchning suygan –

Nomi za'faron.

 

Ridosi bor sog'inchning kiygan –

Ming yamoq chopon.

O'sha sog'inch bo'lsa men bilgan –

Bag'ri to'la qon.

 

Kirib kelar izn so'ramay –

Yo gado, yo xon.

Qancha xo'rlab, qancha haydamay –

Ko'chamda sarson.

 

Jismimga o'raldi, qiynadi ruhni –

Oh, sog'inch – ilon.

Bilaman, tark etar men qulni –

Chiqqanida jon…

 

ONAM VA MEN…

– Ona, mushkullardan horidim

– Hayot sinovlarga o'ch, bolam!

– Yaqinimdan dilim og'ridi…

– Bu chigalni asta yech, bolam!

 

– Ona, sig'may qoldim, uyim tor…

– Mening yuragimga ko'ch, bolam!

– Ona, holsiz tanga ne darkor

– Darhol turshak suvin ich, bolam!

 

– Ona, do'stim ekan riyokor…

– Yolg'onlarning mag'zi puch, bolam!

– Yuragimda ketmas alam bor…

– Vaqt hakam, alam hech, bolam!

 

– Nega majruh sabru sabotim?

– Bor, tog'larni borib quch, bolam!

– Uchar edim bo'lsa qanotim,

– Shamol peshin tutib uch, bolam!

 

– Majolsizman, nedan bilmadim…

– Duolarim senga kuch, bolam!

– Ona, bedorlikdan charchadim…

– She'rdan, shoirlikdan kech, bolam!

 

* * *

Mening qo'llarim qadoq,

Yuragimda o'sar tog',

Hali bola yoshimda,

Ketmon chopganman.

 

Mening bilaklarim dog',

Kuygan, goh sachragan yog',

O'ynab kular chog'imda,

Nonlar yopganman.

 

Singan tirnoqlarim ham,

Pardoziga vaqtim kam,

Tirnalib, tortsa sitam,

Yig'lab o'pganman.

 

Shu elning bolasiman,

Bir ko'zi qorasiman,

Shu tuproqqa bosh urib,

Tillo topganman…

 

               SINGLIMGA

Kecha oqshom sim qoqib qolding,

Ovozingdan kelardi titroq.

Afsus bilan deyman, opaman,

Nega hol so'rmadim avvalroq?

 

Sen-ku fig'on qilmading, ammo

Titroqlaring ko'chdi jonimga.

Hasratlaring bo'lisharmidim,

Bo'lsam edi hozir yoningda.

 

“Opa, sizni sog'indim!” deysan,

Men bilaman, ko'zing jiqqa yosh.

“Xo'p, sog'insang nega kelmaysan?”

O'ylanaman, buncha bag'rim tosh.

 

“Bir kun men ham borib qolarman,

Yo'l olis-da… bolalarim yosh.

Yuragim ko'p toliqdi bugun,

Nimagadir ko'nglim juda g'ash”.

 

Quchog'ingda uxlaydi bolang,

Unsiz yig'layapsan, bilaman.

Olisman-u, jonimda  nolang,

Seni qalbim bilan ko'raman.

 

Bu besh kunlik dunyoni mingga

Bo'lganlarga qilmayman havas.

Bilmam, nedir qiynaydi dilni

Ko'ksim bo'ldi anduhga qafas.

 

Yodingdami, bir kun sim qoqsam,

“Yo'ldaman, tez qaytaman”,– deding,

“Borayapman dadam  qabriga,

Sizdan duo aytaman”, – deding.

 

Sen bo'zlading  otam boshida,

Men g'am chekdim  bolishni quchib.

Sen bosh urding tuproq, toshiga,

Men yig'ladim yoshimni ichib.

 

Sen maysani silab tiz cho'kding,

Anduh mening qaddim bukardi.

Sening ko'ngling to'kildi, men-chi,

Yuragimda hasrat ko'kardi…

 

Uzu-u-n  ko'ylak etaklarida

So'qmoq  yo'lni supurib qaytding.

Men-chi, uzu-u-n  ertaklarimni

Qora kiygan tunlarga aytdim.

 

Sim qoqasan: “Opa, men qaytdim,

Suhbatlashsak bo'lar bemalol”.

Ovozingda jarang, tetiklik,

O'tiribman bedor, bemajol.

 

Bo'lsang edi hozir yonimda…

 

* * *

Qush sho'rlikka tegdi ovchi nayzasi,

Qanoti qayrilib  yerga quladi.

Bir lahzalik ekan osmon orasi,

Buni odam bilmas, qushlar biladi.

 

Nursiz nigohida iltijo, alam,

Chug'urlab yo'l kutar polaponlar och.

Ovi baroriga sevinar odam,

Allalar aytadi keksa qayrag'och.

 

Bir tishlam luqmaga shuncha jaholat,

Qushni-da, inini kuydiradi g'am.

Ovchi o'ljasidan  bo'lmas xijolat,

Uni it og'zidan olgan bo'lsa ham.

 

             SIZDAN KEYIN

Sizdan keyin qanday yashayin, Ota?

Yuragim o'rnidan qo'zg'alsa kerak.

Har kun diydoringiz ko'rolmasam ham,

Boringizga  quvonib bo'ylarim terak.

Sizdan  keyin qanday  yashayman, Ona?

Yuragim titilib to'zg'isa kerak.

Rayhon isingizga to'yolmasam ham,

Tashna nigohingiz men uchun tilak.

Sizlardan so'ng qandog' yashashim tayin,

Qalbim to'g'onlari nurasa kerak.

Chirqirab, bo'zlagan dilni allalab,

Jannatlar haqida aytaman ertak.

 

Sizdan keyin shunday yashayman, Ota.

Sizdan keyin shunday  yashayman, Ona…

 

* * *

Eng avvalo tinglashni bildim,

Dard aytishsa, yig'lashni bildim.

G'azab tutsa yo'qlikda sachrab,

So'ng yana jon ulashni bildim.

 

Yurt dardida yashadim har dam,

Ajralmadim odamlardan ham.

Majruhlarning yonida xasta,

Miskin bilan birga chekdim g'am.

 

Ag'yordan hol so'radim yo'qlab,

Bo'lmasligin bilsam ham oqlab,

Alam qilar nodon yonida,

Telba bo'lgan kunimni yodlab.

 

Odamlarni suyib yashayman,

Goh kuyib, goh ko'nib yashayman.

Ikki inson yashar ruhimda,

Men birini ko'mib yashayman…

 

* * *

Izlayapman tunu kun tinmay,

Goho oydin, goho tun o'rar.

Borayapman, qay manzil, bilmay,

Hatto zulmat holimni so'rar.

 

Bilmam, yana qayga yo'l soldim,

Bezovta dil, horidi yurak.

Egam, seni anglashdan oldin

Men o'zimni topmog'im kerak.

 

           KEChIRMANG

Ona meni qo'yib yubormang,

Uyib oling qovog'ingizni.

Boylab oling ostonangizga,

Ko'zga surtay oyog'ingizni.

 

“Ketma, bolam”, deb ayting, ona,

Umr ketar ekan yugurib,

Ortga tortib yurak o'rtaydi,

Etti qadam tashlamay turib.

 

“Men keksayib qoldim, holim yo'q,

choyni o'zing damla, bolam”, deng.

Menga qo'ygan tansiq taomning,

Birgalashib o'zingiz ham yeng.

 

Yaxshi bor, deb, jilmayib turmang,

Bedor qilsin ma'yus yuzingiz.

Nuktadonlik qilar har joyda,

Sog'intirgan, bedil qizingiz.

 

“Ikki kunga keldingmi”, deya,

Giryon bo'lar holimni so'rab.

Men ortimga qayrilmay ketdim,

Nochor ko'nglim boryapti yig'lab…

 

Sog'intirsam endi kechirmang,

Topganimni yo'lga sochaman.

Ichikib zor yig'lab yurgandan,

Yoningizdan eshik ochaman.

 

Non yopamiz, rayhon ekamiz,

Tashnalikdan ariymiz, ona.

Shoirligim ne bo'lsa bo'lar,

Birgalashib qariymiz, ona.

Ona meni qo'yib yubormang…

 

                           NEGA

Nega menga bunday dil berding, Egam?

Har nega o'kinib fido bo'laymi.

Shodligim jomini chertib turar g'am,

To'kilib, to'kilib… ado  bo'laymi…

 

Ko'ksimga urilar quturgan ummon,

To'fondan ming bo'lak bo'lib

sachrayman.

Bevatan go'daklar, sarsonu hayron…

Xayolimda borib uni asrayman.

 

Ko'nglim huvillaydi ketsa turnalar,

Bag'rimga in solar qushlar galasi.

Tushimda tunlari eshik timdalar,

Ayozda jon bergan mushuk bolasi.

 

Tongda qumri sayrar,

bulbullar kuylar,

Terak yaprog'idan taralar navo.

Menga, jaholatda bolasi kuygan,

Onaning faryodin keltirar sabo.

 

Bag'rimni nimtalab bug'doy sepaman,

Yuragim qonidan nish urar lola.

“Ona”, der, xayolda uni quchaman,

Olamning chetida och qolgan bola.

 

Nega menga bunday dil berding, Egam?

Charchadim, dunyoning tashvishin tortib.

Gohida o'ylasam, qiladi alam,

Men nima qiloldim o'zimdan ortib…

 

                         AYoL

Yaratganning mo''jizasi erur ayol,

Ul charog'bon vatanning har joyidadir.

Ayol gohi oftob erur, goho hilol.

Jannat asli onalarning poyidadir.

 

U To'maris bo'ldi elning dostonida,

Jangga kirib, yovni yengib g'olib qaytdi.

Or-nomus deb, fido bo'lgan o'g'loniga,

Fig'on aylab, ketar chog'da alla aytdi.

 

Olov bo'ldi, qalov bo'ldi, joni fido,

Bir jonini mingga bo'lib, qoldi butun.

Yuragiga nurlar ato etdi Xudo,

Buyuk Temur beshigini tebratgan kun.

 

Xoksor ayol, andishaga bo'lib timsol,

Bo'stonidan bir g'unchasin oldirmadi.

Navoiydek avliyoni tuqqan ayol,

Tarixlarda nomini ham qoldirmadi.

 

Olis yo'llar etsa hamki holin abgor,

Shoh Boburning yuragiga bo'ldi malham,

Vafo pesha bo'lmaganda Qutlug'nigor,

Yer yuziga ko'rk bo'lmasdi Tojmahal ham.

 

U Nodira, u Uvaysiy, Anbar otin,

Samarbonu bo'ldi qo'lga qalam olib.

Gul bargidan yaratganmi ayol zotin,

Bo'ston etdi, nazmi,

dardin kuyga solib.

 

Armonlardan orzularga berib qanot.

G'am anduhin matonat-la mahv etoldi,

Yo'li vafo, yori edi sabru sabot

U o'zbekning Zulfiyasi bo'lib qoldi.

 

Hunarmanddir, dunyo ichra o'z nomi bor,

Oltin unar tuprog'idan, dehqon ayol,

Tadbirkordir, muallimdir,

u shifokor,

U onadir, u bekadir tengsiz ayol.

 

Ayolini siylagan yurt kam bo'lmagay,

Dadil bo'lar ahdlarimiz,

shaxdlarimiz.

Bu Vatanda endi dardu g'am bo'lmagay,

O'z ayolin jondan suysa mardlarimiz.

 

                  BU BOG'LAR

 

Bu bog'lar – bir bog'lar

                               bo'ladi hali…

Zulfiya

 

Bu bog'lar – bir bog'lar bo'ldiki, mana,

Nazm bo'stonida nurli bayotsiz.

Bahorlar keladi, ketadi yana,

Siz ketmas bahorsiz, mangu hayotsiz.

 

Aytgan so'zingizdan chiroy, jon olib,

Yorug' izingizda gulzorlar undi.

Baribir tanhosiz, sog'inib, to'lib,

Sizni so'roqlaydi  bahorlar endi.

 

Ko'ngil libosingiz ismi nomus-or,

Andisha naqshlari  qarashingizda.

Millat ayolining ko'rkamligi bor

Hattoki sochingiz tarashingizda.

 

Ibratim, hayratim, dilim, dilxohim,

Hijron yukin ortgan ulug' karvonim.

Vafo bayrog'idek yuksalgan mohim,

Siz millat faxrisiz, Zulfiyaxonim.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 3 =