Vatan — mehr qo'rg'oni

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligiga

 

Iskandar RAHMON

 

Muallif haqida:

Iskandar RAHMON — 1937 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat tibbiyot ins­tituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)da tahsil olgan. Qurolli Kuchlar faxriysi, iste'fodagi tibbiy xizmat podpolkovnigi, sog'liqni saqlash a'lochisi, O'zbekis­ton Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a'zosi.

Uning ona Vatanga muhabbat, burch­­ga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi 30 dan ziyod nazmiy va nasriy asarlari e'lon qilingan. 50 dan ortiq she'rlari taniqli xonandalar, harbiy xizmatchilar, ijodiy guruhlar tomonidan ijro etilgan. Ayni paytda Iskandar Rahmon O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Bosh­qaruvi huzuridagi “Yoshlar bilan ishlash guruhi” hamda O'zbekis­ton Respublikasi Mudofaa vazirligi Faxriylar tashkiloti markaziy Kengashi a'zosi.

 

O'ZBEKISTON POSBONLARI

Sizga salom, eng oliy kalom,

O'zbekiston mard posbonlari!

Sizga ta'zim, Sizga ehtirom,

Ey bahodir, pahlavonlari!

 

Orzuingiz – Vatan tinchligi,

Sharaflidir kasbu koringiz.

Saflaringiz ixcham, zichligi

Qudratingiz, kuch-madoringiz.

 

O'z izmida hushyor hamisha,

Ezgu ishga safarbar sherlar!

Yeru osmon, tog'-dovon osha

Mardu maydon, muzaffar erlar!

 

O'zbekiston gullagan diyor,

Osmoni tinch, beg'ubor bo'lsin!

Jaranglasin tarona, alyor,

Posbonlari doim bor bo'lsin!

 

VATAN – MEHR QO'RG'ONI

Er kishining ko'nglida

Egarlangan ot bo'lar.

Ona-Vatan tuyg'usi

Diliga jo, yod bo'lar.

 

Vatan – mehr qo'rg'oni,

Iymon uning qalqoni.

Er yigitlar Vatanning

Mardu maydon posboni.

 

Naqorat:

 

Ona-Vatan ko'rkidir,

Iftixori yigitlar!

El boshiga ish tushsa,

Xaloskori yigitlar!

 

Omon bo'lsin hamisha

Jasur o'g'lon, yigitlar!

Qadamidan o't chaqnar,

Ko'ksi qalqon yigitlar!

 

Yonib yashash yolqini

Kuydirsin xas-yovlarni!

Yonib yashash to'lqini

Buzsin to'siq, g'ovlarni!

 

ELIM OY,

YuLDUZIMAN

Jamolimga bir qarang,

Kamolimga bir qarang,

Iqbolimga bir qarang,

Timsolimga bir qarang!

 

Naqorat:

Elim oy, yulduziman,

Oftobiman, yuziman!

To'marisi, o'ziman,

Tig'day o'tkir so'ziman,

Oybarchini, qiziman,

Posboniman, ko'ziman!

 

Eng navqiron yoshimda,

Humo qushi boshimda,

Do'st, qardoshim qoshimda,

Omad, baxt yor ishimda!

 

Naqorat:

O'zbekiston – Vatanim,

Ey, bebaho gulshanim,

Bosh ko'tarsa bir g'anim,

Musht bo'ladi jon-tanim!

 

ChAVANDOZMAN, ShOVVOZMAN!

Uchqurimning manglayi qashqa,

Yovqurimning manglayi qashqa,

Otlar aro xislati boshqa,

Elga xolis xizmati boshqa!

Chavandozman, shovvoz yigitman,

Yov ustida qora bulutman!

 

Tulporimni kun-tun qarayman,

Yollarini silab, tarayman,

Uni minib suvlar kechaman,

Tog'u toshda yelday uchaman!

Chavandozman, shovvoz yigitman,

Yov ustida qora bulutman!

 

Otim chopsa do'piru do'pir,

G'ov bo'lolmas o'nqiru cho'nqir.

Olov chaqnab tuyoqlaridan

Yeru osmon titraydi dir-dir!

Chavandozman, shovvoz yigitman,

Yov ustida qora bulutman!

 

Bedovim-la xizmat izmimda,

Kecha-kunduz bedor, hushyorman!

G'anim o'yin shu on, bir zumda

Puch qilishga shayman, tayyorman!

Chavandozman, shovvoz yigitman,

Yov ustida qora bulutman!

 

ISTIQLOLNING POSBONLARIMIZ

O'zbekiston – ona uyimiz,

Tinchlikdadir fikr-o'yimiz,

Jaranglaydi qo'shiq-kuyimiz,

Istiqbolning o'g'lonlarimiz!

Istiqlolning posbonlarimiz!

 

Yuraklarda Vatan tuyg'usi,

Diyorimiz porloq kelgusi,

Ona yurtga tirgak bo'lg'usi,

Istiqbolning o'g'lonlarimiz!

Istiqlolning posbonlarimiz!

 

Yeru ko'kda, sarhadda hushyor,

Metin safda xizmatga tayyor,

Yov hiylasin qilguvchi tor-mor,

Istiqbolning o'g'lonlarimiz!

Istiqlolning posbonlarimiz!

 

Maqsadimiz – el osoyishi,

Matlabimiz – el kushoyishi,

Tinchlik, zafar – dil namoyishi,

Istiqbolning o'g'lonlarimiz!

Istiqlolning posbonlarimiz!

 

            OYQIZ

Oyqiz, oydek jamoling,

Labingda nuqta xoling,

Qalam qoshing, hiloling,

Bo'lsin menga ravo qiz,

Muhabbating davo qiz.

 

Sen kezmasang bog'imda,

Sog'inganim chog'imda,

Ko'zginam, qarog'imda

Ko'nglim uyi ziyosiz,

Sensiz, mehrigiyosiz.

 

Oyqiz, boqqin ko'zimga,

Ishon yigit so'zimga,

Yor bo'lmasang o'zimga

Umrim o'tar ma'nosiz,

Sensiz, guli ra'nosiz.

 

Lablari lola, Oyqiz,

Qalbi zilola, Oyqiz…

 

BAYRAMINGIZ BO'LSIN MUBORAK!

O'zbekiston mard o'g'lonlari,

Bahodirlar, pahlavonlari,

Tinchligimiz chin posbonlari,

Bayramingiz bo'lsin muborak!

 

Qayda bo'lmang, yermi, osmonda,

Tog'mi, dala, cho'l, biyobonda,

Bu muqaddas ona makonda,

Bayramingiz bo'lsin muborak!

Vatan ishqi ko'nglingizdadir,

Yurt taqdiri qo'lingizdadir,

Nigohimiz yo'lingizdadir,

Bayramingiz bo'lsin muborak!

 

Sizga tahsin, botir yigitlar,

Olovyurak nodir yigitlar,

Ko'ksi qalqon chayir yigitlar,

Bayramingiz bo'lsin muborak!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 1 =