Poraxo'rning qabri qaerda?

Murda kirpini shoshib oldi, qaltiragan qo'llari bilan og'ziga eltib, ko'pdan beri pora o'tmay bitib ketgan tomog'ini ochish, kattaroq ochish uchun kirpini teskari yutdi.

Abdulla QAHHOR

 

U qazo qilganida tobutni ko'tarishga odam topilmadi. Aslida u nufuzli idoralarda ishlagan nomdor amaldorlardan biri edi. Qaysi joyda, qaysi lavozimda ishlamasin faqat uning nahangday nafsi orom olmadi. U ko'rgan va ushlagan narsasini yamlamay yutishni yaxshi ko'rardi. Juda bo'lmay ketsa, bir chimdim tatib, ta'mini tezroq bilgisi kelardi.   Bir chimdimni u bir kaft, deb tushunar edi. Uning sehrli kaftlari katta va chuqur bo'lib, ancha-muncha narsa sig'ar edi. Ba'zida kaftlari orasida yuk ortilgan “KaMAZ” yo'qolib ketardi. Ba'zan ishtahasi xumor qilganda yuk vagonini “lo'q” etib, yutib yuborardi.

U kimsan, poraxo'r va ta'magirlarning mashhur ustozi Hoybos Hoybosovichning rahnamoligida azamat va chaqqon yeb to'ymas va ustasi farang tamagir bo'lib tanildi. Ustozidan o'tishga ko'p bora intildi-yu, lekin o'tirgan amal kursisi andak torlik qildi.

U ishdan kelishi bilan har kuni sadoqatli xotini yalab-yulqab kutib olardi. U bojxonaning xizmat itiga o'xshab, erini boshdan oyoq hidlab ko'rardi. Qaysi cho'ntagida pul borligini darrov sezardi va shu zahotiyoq yumshoq barmoqlari bilan sug'urib olardi.

U erkalab xotinining yuzidan o'par ekan, har safar: “anavularga qo'shib qo'ygin”, deb asta shivirlar edi…

Ana shunday “oldi-berdi”lar qizg'in kechayotgan jarayonda mashhur va taniqli pora ustasi kutilmaganda (o'lim kutilmaganda kelar) olamdan o'tdi. Ishxonasiga kelgan tekshiruvchilar kattagina kamomadni qayd etgach, ish huquq idoralariga oshirildi. U yoqqa qatnab yurgan kunlarida buni qarangki, u sirli ravishda olamdan o'tdi. Kechki payt yuvinish uchun vannaga kirdi-yu…

Janozada to'rt-beshta qarindoshlari, quda-andalari, oldi-berdi qilib yuradigan tanishlari tobutni amallab, dafn mashinasigacha yetkazishdi. Mashina murdani uyidan uncha uzoq bo'lmagan qab­ristonga bir zumda yetkazdi. Peshin namozidan chiqqanlar ham janoza safiga qo'shildilar. Janoza qisqa bo'ldi. Murda haqida hech narsa deyilmadi.

Uni qabristonning bir chetida qamish bosgan joyda qazilgan ko'rimsiz qabrga qo'yishdi.

Uning bevaqt o'limini eshitgan tanish-bilishlari ichlarida: “Xudo rahmat qilsinu, lekin juda ochko'z edi-da”, deyishdi.

U bilan ishlab, pora berish azobini rosa tortganlar: “Xudo bor ekan, jazosini berdi”, – deb shivirlashdi.

Undan ko'p marta ozor chekkanlar, oldi-berdidan qiynalganlar eshitilar-eshitilmas: “Iloyo, go'ringda to'ng'iz qo'psin. Sendaylarga yer ostida joy yo'q”, – deb duoibad qildilar.

Ayniqsa, poraxo'rni yaqindan bilgan ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat va san'at sohasidagilar, pora tashiyverib oyoq-qo'llari qavarganlar, doimiy oldi-berdi qilib holdan toyganlar, andak erkin nafas olib, bir ashaddiy poraxo'rni yer yuzidan batamom yo'qotgani uchun Yaratganga qayta-qayta shukrlar qilishdi.

Butun umri davomida halovat nimaligini bilmay boylik, ochko'zlik va poraxo'rlik bilan yashab o'tgan g'alamis bandaning o'limidan uning pulparast xotini og'ir qayg'uga botdi. So'nggi paytlarda pora yo'li bilan olgan pullari qaerda, qaysi kovakka tiqib qo'ygan bo'lishi mumkin? Bir gal o'margan porasini bir kovakka bekitganida, salkam uch million pulni sichqon g'ajib, qiyqim qilib tashlagan ekan. Essizgina pul! Iloyo, tishlaring qopqonni temirida qolib, sinib tushsin!..

Xotin sho'rlik pulni o'ylayverib, erining tobutini ko'tarib ketishganidan bexabar qoldi. Yolchitib yig'lay olmadi.

Ertasi kuni olis qishloqdan janozaga kech kelgan marhumning ukasi, ertalab poezddan tushib, pushta boshiga borsa, qabr ochilgan va tekislab qo'yilgan emish. Borganlar hayron: jasadni kim kovladi, nega kovladi, qaerga olib ketdi? O'lik qani?!.

Qabr ustida yozilgan bir parcha xat bor edi:

“Qancha-qancha odamlarni azoblab, qiynagan, qon-qaqshatgan bunday ashaddiy poraxo'rga yer ostida ham joy yo'q. Bu tuproq ostida yotgan azizlarning ruhlarini bezovta qilmang! U qilmishiga yarasha jazo oldi!..”

Vo darig', bu qandayin qismat bo'ldi? Poraxo'rning qabri qaerda? Hech kim buni bilmas edi.

Ashurali JO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 2 =