Faoliyat sarhisobi

Bugun davr o'ta shiddatli, tezkor. Voqealar, yangiliklar jilovini bir zum ham ushlab turishning iloji yo'q. Hatto dunyoning eng chekka joyida yuz bergan kichik bir voqea yoki hodisa ham kerak bo'lsa bir lahzada butun olam ahliga ayon bo'lishi mumkin.

Ha, shunday. Shu bois har bir jurnalist, muxbir avvalo bugungi axborot tezkorligi davrida ana shunday zamon shiddatiga, davr talabiga  javob berishi zarur.

Ammo bugun matbuotning talabi faqat yangilik izidan quvish, shov-shuvli xabarlarni tarqatish emas. Balki yurtda kechayotgan ulkan islohotlar, yangilanishlar mazmun-mohiyatini chuqur tahlil etish, odamlarning qalbiga quloq tutish, ularning orzu-o'ylarini, ezgu maqsadlarinida yoritishdan iboratdir. Shu bois keyingi paytda sohada ko'p yillik tajribaga ega, faxriy jurnalistlar tajribasi va salohiyatidan foydalanish, joylarda ular ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlarini o'tkazish an'anaga aylangan. Aynan shu kabi foydali amallar esa O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo'limlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagi fikrlar kuni–kecha Samarqand viloyati “Matbuot uyi”da bo'lib o'tgan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limining umumiy yig'ilishida alohida ta'kidlandi. Unda uyushma viloyat bo'limining 2022 yildagi fao­liyati sarhisob qilindi.

— Samarqand jurnalistikasi maktabi, uning tarixi va ibrati haqida ko'p aytiladi, – dedi uyushma boshqaruvi a'zosi M.Ibodullayev. – Bugun ushbu maktab faoliyati yanada jo'shqin davom etyapti. Jumladan, bu yil qator xalqaro va davlat ahamiyatiga ega tadbirlar maydoniga aylangan Samarqandda OAV vakillarining o'rni yaqqol namoyon bo'ldi. Jurnalistlar barcha tadbirlarni yoritishda faollik ko'rsatishdi. Bu yumushlarda albatta, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limining ham o'rni katta bo'ldi.

Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rildi. Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo'limi raisi vazifasini ancha yillardan buyon boshqarib kelgan Farmon Toshev o'z arizasiga ko'ra vazifasidan ozod etildi. Viloyat “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari – Zarnews.uz veb-sayti muharriri Akram Haydarovga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo'limi raisi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi.

Yig'ilishda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi o'rinbosari X.Salimov ishtirok etdi va Samarqand viloyat bo'limi faoliyati yuzasidan o'zining fikrlarini bildirdi.

Yig'ilish yakunida bo'lim faoliyatiga oid boshqa masalalar bo'yicha ham fikr almashildi.

Husan ELTOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =