“Mahorat maktablari” kerakmi?

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasi va uning viloyat bo'limi tomonidan “Ommaviy axborot vositalarida “Mahorat maktablari” va “ustoz-shogird” an'anasi” mavzusida mintaqaviy seminar o'tkazildi.

Navoiy va Buxoro viloyati jurnalistlari uchun tashkil etilgan seminar mavzusidan ayonki, bugungi axborot asrida “Mahorat maktablari” va undagi “ustoz-shogird” an'anasi OAV faoliyatida har qachongidan muhim hisoblanadi.

Tadbirda ishtirok etgan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmurod Salimov davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalis­tika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori va ushbu qarorga muvofiq tasdiqlangan “2022-2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash hamda jurnalis­tika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi” ijrosi doirasida Uyushma boshqaruvi apparati hamda uning hududiy bo'limlarida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, taniqli jurnalistlarning bo'lajak soha vakillari uchun “ustoz-shogird” an'anasi asosida tashkil etilgan “Mahorat maktablari” hamda o'quvchi-talabalardan iborat “Yosh jurnalistlar” to'garaklari faoliyati xususida so'z yuritdi.

Uyushma Navoiy va Buxoro viloyatlari bo'limi raislari Otabek Aslonov va Baxtiyor Asadov, Navoiy viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar bosh­qarmasi boshlig'i Dilshod Mamarajabov va bosh­qalar soha rivoji yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar,   matbuot sohasiga endi kirib kelayotgan yosh jurnalist va ijodkorlarning har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani, “Mahorat maktablari” berayotgan samaralar haqida, aniq misollar asosida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mintaqaviy seminar doirasida bir guruh jurnalistlar “Salomatlik” gazetasi tahririyati qoshidagi Ibrohim Jumayevning “Mahorat maktabi”da bo'lishdi, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

— “Mahorat maktabi” faoliyatiga bir yildan oshdi, – deydi ustoz jurnalist, “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev. – Tinglovchilarimizga jurnalistika sohasining talablari, jurnalist mas'uliyati, gazeta, internet nashrlari, radio va televideniega materiallar tayyorlash, jurnalistika janrlari haqida tushunchalar berish bilan birga olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko'rishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. O'quv jarayoniga viloyatimizdagi taniqli jurnalist va OAV vakillarini jalb qilgan. O'ylaymizki, mehnatimiz o'zining ijobiy natijasini beradi.

Lobar Madiyeva “Mahorat maktabi”da saboq olib, ijod qozonida qaynab, jurnalist sifatida endi shakllanayotgan yoshlardan biri.

— Men Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida tahsil olyapman. Shu bilan birga ijod qilishga va jurnalistikaga qiziqishim kuchli bo'lganligi bois o'tgan yili jurnalist Ibrohim Jumayevning “Mahorat maktabi”ga a'zo bo'ldim, — deydi L.Madiyeva. – Ushbu maktab ting­lovchisi bo'lganimga bir yildan oshdi. Bu yerda 10 nafardan ziyod o'quvchi va talabalar jurnalistikaning siru asrorlarini o'rganib kelmoqda. Ustozimiz dastlab bizga jurnalistikaga oid nazariy bilimlarni o'rgatdi. Hozir esa joylarga chiqib, har birimiz mustaqil ravishda materiallar tayyorlab kel­yapmiz. “Mahorat maktabi”da jurnalistika kasbiga qiziqishim yanada ortdi. Endilikda ushbu gazetada ham dizayner, ham muxbir sifatida ishga qabul qilindim. Men bilan birga ayrim tengdoshlarim ham muxbir sifatida gazetada faoliyatini boshlashdi.

Bo'lajak jurnalist Lobar va u singari o'nlab havaskor yoshlar shu maktabning tinglovchisi sifatida maqola, she'r va hikoyalar yozishni o'rganmoqda. Ular bugun jurnalistika sohasiga ilk qadamlarini qo'­yishganidan xursand.

“Mahorat maktabi” tinglovchisi Oyshaxon Ibrohimova esa hozirda Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olib, tahririyatda muxbir sifatida ham faoliyat ko'rsatmoqda. Lobar Davronova, Sevinch Islomova adabiyot, jurnalistika bo'yicha ko'p­lab tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o'rinlarni qo'lga kiritishdi. Bu maktabning yana bir iste'dodli o'quvchisi Sevinchxon Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi “Kelajak yoshlari” teleloyihasining “Jannatim onam” ko'rsatuvida boshlovchilik qilib kel­yapti. Lobar Davronova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun o'tkazilgan tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

— Seminar davomida navoiylik hamkasblarimiz bilan yaqindan tanishib, hududda tashkil etilgan “Mahorat maktablari”da olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumotlarga ega bo'ldik, – dedi “Buxoro shifokori” gazetasi mas'ul kotibi Hamza Turdiyev. – Albatta, bugun olgan taassurotlarimizni o'zimizda tashkil etilgan “Mahorat maktablari” ting­lovchilari bilan o'rtoqlashamiz, yutuqlarni amaliyotga joriy etamiz.

Seminar qatnashchilari “Mahorat maktablari” faoliyati va “ustoz-shogird” an'anasi bo'yicha o'zaro tajriba almashib, bugungi axborot asrida ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar yuzasidan fikrlashib oldilar.

Muxtasar aytganda, Navoiy shahrida o'tkazilgan mintaqaviy seminar taassurotlarga boy bo'ldi. Bunday tadbirlar jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ommaviy axborot vositalari ravnaqini ta'minlash va “Mahorat maktablari” fao­liyatini samarali yo'lga qo'yishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, jurnalis­tika, matbuotga mehri, qiziqishi baland yoshlar uchun ana shunday maktablar kerak.

Suyundik MAMIROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi bosh mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 12 =