O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatidan

Tavsiyanomalar topshirildi

 

Poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” haykali po­yida muddatli harbiy xizmatchilarning Qurolli Kuchlar rezerviga bo'shatilishi munosabati bilan tantanali tadbir o'tkazildi.

Unda so'zga chiqqan mudofaa vazirining o'rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O'zbekiston xalq artisti Abzal Rafiqov, faxriylar ishlari bo'yicha Markaziy kengash raisi Abubakir Navruzov bugungi kunda milliy armiyamiz safida xizmat qilish har bir yigit uchun shon-sharaf ishiga aylanganini ta'kidladi. Muddatli harbiy xizmatni namunali o'tagan o'g'lonlarni qutladi va ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalariga minnatdorlik bildirdi.

Marosimda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari va jamoat tashkilotlari vakillari hamda vazirlik faxriylari muddatli harbiy xizmatni namunali o'tagan askarlarga oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli o'qishga kirish uchun tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida serjant va ofitserlarni, muddatli harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ularga qulay imkoniyatlar yaratilib, qator imtiyoz berilgani ham e'tirofga loyiq, — dedi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zosi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b. Xolmurod Salimov. — Xususan, milliy armiyamiz safida muddatli harbiy xizmatni namunali o'tagan askarlarga oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli o'qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilishi ularning jamiyatda o'z o'rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

E'tibor va mas'uliyat

 

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov faxriy jurnalist Obid Berdialiyev hamda iqtidorli ijodkor Muxtasarxon Isaqovaga uyushma a'zolik guvohnomasi va ko'krak nishonini topshirdi.

Bugungi kunda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zolari safi tobora kengayib borayotgani, o'z kasbiga mehr qo'ygan, fidoyi va jonkuyar jurnalistlar a'zolikka qabul qilinayotgani e'tirofga molikdir.

Obid Berdialiyev “Davr ovozi” gazetasida musahhih, muxbir, bo'lim mudiri va mas'ul kotib vazifalarida, Farg'ona viloyat teleradiokompaniyasida muxbir, muharrir, bo'lim mudiri va bosh muharrir lavozimlarida ishlagan.

Muxtasarxon Isaqova uzoq yillar “Qo'qon sadosi” gazetasida muxbir, muharrir sifatida faoliyat olib borgan. Hozir Qo'qon universitetida matbuot kotibi lavozimida ishlab kelmoqda.

— Kamtarona mehnatim e'tirof topayotgani meni yanada ijodiy faollikka undaydi. Uyushmamizga a'zolik ustozlarimiz izidan borib, kasbiy rivojlanish, ijodiy izlanishimizga qanot bag'ishlaydi. Bu e'tibor mas'uliyatli, shu bilan birga, sharafli kasbimizga yanada mehrimizni oshiradi, – dedi M.Isaqova.

 

Iqtidorli o'quvchilar uchun mahorat darsi

 

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo'limi raisi Nosirjon Dehqonov tomonidan Chortoq tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktabida   jurnalistika sohasiga qiziqadigan o'quvchilar uchun mahorat darsi o'tildi.

Ushbu mashg'ulot davomida jurnalistika janrlarining o'ziga xos jihatlari bo'yicha ma'lumot berildi. Nazariya va amaliyotni uyg'unlashtirish maqsadida “Sandavuch” nomli devoriy gazeta chiqarildi. Undan iqtidorli o'quvchilarning xabar, reportaj, intervyu, lavha kabi ijodiy ishlari o'rin oldi. Janrlar talabiga to'liq rioya etgan mualliflar esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar jadvaliga muvofiq, jurnalist-targ'ibotchilar umumta'lim maktablarida tahsil olayotgan o'quvchilar uchun to'garak mashg'ulotlarida mahorat darslari o'tishmoqda.

“Repetitor” gazetasi muharriri Gulchehra Murodova umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilar o'rtasida o'tkazilgan “Eng yaxshi targ'ibotchi” respublika tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli o'rinlardan birini egallagani e'tirofga molikdir.

 

Samarqandda yosh jurnalistlar o'quvi

 

Samarqand shahrida Yangi media ta'lim markazi tomonidan “Yosh jurnalistlarning media va axborot savodxonligi, zamonaviy kontentlar tayyorlash va jurnalist surishtiruvi sohasida ko'nikmalarini shakllantirish” mavzusida trening o'tkazildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida AQShning O'zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko'magida tashkil etilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan yosh jurnalistlar, matbuot kotiblari va ijtimoiy tarmoq faollari jalb etildi.

Uch kun davom etgan mashg'ulotlarni Beruniy Alimov, Gulmira Shukurova va boshqa tajribali jurnalistlar olib bordi. Unda ishtirokchilar zamonaviy milliy media muhiti, unda xavfsiz va samarali faoliyat olib borish shartlari, media mahsuloti iste'molidagi o'ziga xos­liklar, kontent yaratishdagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishtirildi.

— Bugungi tahlikali zamonda to'g'ri va tezkor yetkazilgan axborotning qiymati yanada oshdi, — dedi Beruniy Alimov. — Biroq ayrim kuchlar bundan o'z maqsadlarida foydalanayotgani, ya'ni iste'molchiga yolg'on va noaniq axborot yetkazish orqali jamoatchilik fikrini noto'g'ri yo'nalishga boshqarayotganini ham inkor etib bo'lmaydi. Bunday sharoitda mahalliy jurnalistlar zimmasidagi mas'uliyat yanada ortadi. Ular “fake” xabarlarni o'z vaqtida aniqlash va jamoatchilikning ogohligini oshirishda muhim bo'g'in hisoblanadi. Treningdan maqsad ham shu. Zamonaviy ko'nikmalarga ega bo'lgan yosh jurnalistlarimiz aholining sifatli va aniq axborotga bo'lgan ehtiyojini qondirishga o'z hissasini qo'shadi, degan umiddamiz.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

Axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 11 =