Qashqadaryolik jurnalistlar bilan uchrashuv

Shu yilning 30 oktyabr kuni Qarshi shahridagi “Jurnalistlar uyi” binosida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Milliy jurnalistikaning bugungi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administra­siyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig'i Usmon Nusurov, viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Alisher Zokirov hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari, ijodkorlar va turli ijtimoiy soha vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Olimjon O'sarov bugungi kundagi milliy jurnalistikaning ahvoli, jurnalistlar oldida turgan vazifalar, istiqboldagi rejalar va amaldagi lozim bo'lgan ishlar haqidagi fikr va mulohazalari bilan o'rtoqlashdi.

Unda so'z olgan mahalliy OAV vakillari viloyatdagi mavjud davriy nashrlarning og'ir ahvoli haqida gapirar ekan, gazeta va jurnallarning tiraji kun sayin pasayib ketayotganligi, hatto ayrim mahalliy hokimiyat gazetalari yopilish darajasiga tushib qolganligini kuyunib gapirdilar.

Tadbir chinakam bahs va munozaralar maydoniga aylandi. Yoshlarni, umuman, keng jamoatchilikni matbuot va davriy nashrlarga obunasini jadallashtirish yuzasidan turli fikr va mulohazalar o'rtaga tashlandi.

O'z navbatida viloyat hokimligi mas'ullari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalis­tika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi 294-sonli qaroriga muvofiq viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari va jurnalistlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, Jurnalistlar uyushmasining moddiy texnik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilayotganligi va bu borada viloyat hokimining tegishli qarori imzolanganligini alohida qayd etishdi.

Tadbir doirasida viloyatda uzoq yillar matbuot va OAV sohalarida faoliyat yuritgan bir guruh yubiley yoshini nishonlayotgan ustoz jurnalistlar O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining esdalik sovg'alari va diplomlari bilan taqdirlandi:

Jumladan, Shavkat Sultonov — O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, Nishon tumanidagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchisi, Galaviddin Yuldashov — O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo'limi raisi, Usmon Nusurov — O'zbekiston Jurnalistlar   uyushmasi a'zosi, Qashqadaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hududiy boshqarmasi boshlig'i, Sanobar Boymurodova O'zbekiston Jurnalistlar   uyushmasi a'zosi, Qashqadaryo teleradiokompaniyasi va “Uzbekiston24” telekanalining viloyatdagi muxbiri. Shuningdek, bir guruh jurnalistlarga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a'zolik guvohnomalari va ko'krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari Qashqadaryoga safari doirasida Qarshi shahridagi Prezident maktabida ham bo'lishdi. Mehmonlar maktab faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi hamda o'quv maskani bo'ylab ekskursiya tashkil etildi, o'quvchilar tomonidan qo'lga kiritilgan yutuqlar haqida ma'lumot berildi. “Iqtidorli yoshlarning xorijiy tajribani o'rganish bilan bir qatorda milliy qadriyatlar ruhida kamol topishiga alohida e'tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor”, — dedi Uyushma raisi Olimjon O'sarov maktab o'quvchilari bilan uchrashuv chog'ida.

Shuningdek, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Prezident maktabi kutubxonasiga jahon adabiyotining nodir namunalari tuhfa qilindi.

Akbarxon MAGDIYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi yetakchi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 15 =