Kuzatuvchi bo'lishning o'zi yetarli emas!

Bugungi kunda ekologik jurnalistika dolzarb va muhim yo'nalishga aylanib ulgurdi. Zero, mamlakat oldida turgan ekologik muammolarning mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik hamda hukumat e'tiborini talab etmoqda. Bu borada OAV keng jamoatchilikni ekologik muammolardan xabardor qilish hamda tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni asrash jarayonlarida ishtirok etayotgan turli tashkilotlar o'rtasida bog'lovchi zanjir vazifasini bajaradi.

Shulardan kelib chiqqan holda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida   Ekologik jurnalistika kengashi tashkil etildi.

Kuni kecha poytaxtimizning Milliy matbuot markazida yangi tashkil etilgan mana shu kengashning 2022 yilga mo'ljallangan rejalari va ekologiya mavzusini yorituvchi jurnalistlar oldida turgan vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan “Ekologik muammolarni yoritishda birlashaylik” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov bugungi kunda mamlakatimizda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan ekologik muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratish, ularni jurnalis­tika tamoyillariga tayangan holda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish masalalari bugungi kunning asosiy mavzularidan biri ekanligi borasida so'z yuritdi.

—Uyushma qoshida Ekologik jurnalistika kengashini tashkil etish hamda bugungi tadbirni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad — ekologiya mavzusida qalam tebratayotgan jurnalist va blogerlarni birlashtirish, ekologik muammolarni yoritishda jurnalistika tamoyillariga amal qilish, Respublikamizda faoliyat olib borayotgan Ekologik tashkilotlar bilan hamkorlik o'rnatishdan iborat, — dedi O.O'sarov. —Hammamizga ayonki, Prezidentimiz yaqinda Qoraqalpog'istonga qilgan tashrifi mobaynida Orol dengizining qurigan joyiga borib, u yerdagi vaziyatni o'rgandi, ekilgan sho'rga chidamli o'simliklarni ko'zdan kechirib, ekologiya va o'rmon xo'jaligi mutaxassislari bilan shaxsan suhbat o'tkazish barobarida ekologik muammolarga yechim topish chora-tadbirlari bo'yicha tegishli tavsiyalar berdilar. Davlatimiz rahbari barchamiz birdamlikda harakat qilishimiz zarurligini bot-bot takrorlayotgan bir pallada shunchaki kuzatuvchi bo'lish insofdan bo'lmaydi. Ekologik madaniyatni yanada oshirish, ona tabiatni asrab-avaylash borasida qalam ahli ham har qachongidan faolroq bo'lishi kerak, albatta.

Darhaqiqat, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun barchamiz tabiatga e'tibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o'ylab ish tutishimiz zarur. Rossiyalik olimlarning ta'kidlashicha, bugungi kunda dunyoda 28 tadan ortiq doimiy ekologik muammolar bor. Ushbu muammolarga alohida e'tibor qaratish bugungi kunda jurnalistikaning ham asosiy vazifalaridan biridir.

Shuningdek, tadbir davomida jurnalistlar tomonidan yurtimizdagi mavjud ekologik muammolar va ularni bartaraf etish bo'yicha takliflar o'rtaga tashlandi.

Nonning uvog'i ham non emasmi? Bugungi to'kin-sochinlikning qadriga yetishimiz kerak, axir.

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahari bo'yicha 1000 ta chiqindi shoxobchasining har biridan kuniga 2-3 kilogramm­dan jami 2 tonnaga yaqin non chiqindiga tashlanadi. Ishchilar bu nonlarning yaxshilarini chorva boqadigan odamlarga berib yuboradi. Mog'orlaganlarini esa ariqqa oqizishga majbur bo'lishadi.

— Bunday achinarli holatlarni yurtdoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga   atrof­licha tushuntirishimiz, ekologik madaniyatni shakllantirishimiz zarur. Qizig'i, atrof-muhitni ifloslantirayotganlar yosh bolalar yoki keksalar emas, balki asosan o'rta yoshli odamlardir, — deydi “Oila va tabiat” gazetasi muxbiri Saida Ibodinova.

Tadbir bahs-munozaralar va o'rinli mulohazalar bildirilgan tarzda qizg'in ruhda o'tdi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 9 =