Sarhisob va kelgusi rejalar suhbati

O'tgan hafta O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Milliy matbuot markazida Uyushmaning 2021 yilda olib borgan faoliyati yakunlari va 2022 yilga mo'ljallangan ish rejasi muhokamasiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi. Unda Uyushma Boshqaruvi a'zolari, Uyushma qoshidagi Ijodiy kengashlar raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov  2021 yil davomida uyushma tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo'yicha hisobot berdi.

– Uyushmamiz tomonidan 2021 yilda jami 157 ta davra suhbati, 87 ta taqdimot, 29 ta seminar, 46 ta media-tur, 59 ta uchrashuvlar hamda respublika darajasida 3 ta, hududlar kesimida esa 36 ta ko'rik-tanlovlar o'tkazildi. Shu bilan birgalikda 3 ta hamkorlik memorandumi imzolandi – dedi O.O'sarov.

Jurnalistik faoliyat bilan shug'ullanayotgan yoki ushbu sohaga aloqador yo'nalishda ish yuritayotgan kishi borki, O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining faollik bilan o'tkazayotgan har bir tadbiridan bevosita boxabar.

Shu o'rinda aytib o'tish joizki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyundagi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llagan bayram tabrigida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha hududlarda “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida mintaqaviy seminarlar tashkil etilgani, Farg'ona viloyati bilan hamkorlikda 2021 yil fevral oyida Farg'onadagi “Chimyon” sihatgohida respub­lika mediaforumi o'tkazilgani jurnalistikani yanada rivojlantirish va kadrlarni rag'batlantirishda muhim bosqich bo'ldi.

Qolaversa, Uyushmaning Samarqand viloyati bo'limi bilan hamkorlikda “Mamlakatdagi islohotlarni yoritishda janrlar va jurnalist mahoratining ahamiyati” mavzusida Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyatlari jurnalistlari ishtirokida mintaqaviy seminar o'tkazilganligi alohida e'tirof etildi.

Tadbirda Uyushmaning 2022 yilga mo'ljallangan ish rejasi asosida belgilangan chora-tadbirlarga ham alohida e'tibor qaratildi. 2022−2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni “Inson qad­rini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining joriy yildagi ustuvor yo'nalishlarini belgilashda avvalgi yillardan farqli ravishda butunlay yangicha g'oya va maqsadlar asosida yondashishni maqsad qilgani aytib o'tildi.

Olimjon O'sarov joriy yilning 24-31 mart kunlari Navoiy viloyatida “Milliy jurnalistika: an'analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida res­publika mediaforumi o'tkazilishi, Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida mamlakatimiz iste'dodli yosh jurnalistlarining “Umid yog'dusi” seminari, shuningdek, mart oyida Jizzax viloyatiga press-tur uyushtirish ko'zda tutilayotganini ta'kidladi.

Shuningdek, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy jurnalistlar  va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida taniqli jurnalist Safar Ostonov xotirasiga bag'ishlab mini futbol musobaqasi hamda ko'p­lab jurnalistlarni ustozi bo'lgan Saydi Umirov xotirasiga bag'ishlab shaxmat musobaqasi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari o'rtasida shaxmat bo'yicha Markaziy Osiyo birinchiligi musobaqasi o'tkazilishi ham rejalashtirilgani e'tiborga molik.

— Hammamizga ayonki, Xitoy, Koreya, Rossiya kabi davlatlarning Jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Joriy yil davomida mazkur mamlakatlarga va Turkiya, Tojikiston, Ozarbayjonga jurnalistlarning tajriba almashishini ta'minlash maqsadida ijodiy safarlar uyushtirish, shuningdek, bir qator chet el davlatlarining yetakchi jurnalistlarining yurtimizga tashrifi hamda ular ishtirokida master klasslar tashkil etish rejalashtirilgan, — dedi O.O'sarov.

Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Ijodiy kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida “Yurida-Matbuot” dasturi taqdimoti ham o'tkazildi va Uyushma tomonidan lotin alifbosidagi matnlarning orfografik bexato yozilishini ta'minlashga mo'ljallangan “Yurida-Orfo” dasturi sertifikatlari bir qancha tahririyatlarga beg'araz yordam sifatida topshirildi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 14 =