Ochiqlik, taklif va tashabbuslar

Inson qadri ulug'lanib, el-yurt manfaatlari ustun bo'lgan davlatda taraqqiyot tezlashadi, rivojlanish bo'ladi. Darhaqiqat, yurtimizda keyingi besh yil davomida juda katta o'zgarishlar, yangilanishlar, izchil islohotlar olib borilayotganiga barcha guvoh. Ammo hayot bor ekan, barcha ishlar ham bir tekis, silliq kechavermasligi tabiiy jarayon. Hayotning turfa xil muammolari, kamchiliklari ko'zga tashlanishi bu yangilik emas. Albatta, mamlakatimizdagi ijobiy o'zgarishlar silsilasida so'z va matbuot erkinligi borasida ham sezilarli o'nglanish, o'zgarish ro'yobga chiqdi. Biroq “hayot ko'zgusi” hisob­lanmish ommaviy axborot vositalari ana shu jarayonlarni, hayot haqiqatlarini nechog'lik yoritib boryapti? Dehqoncha qilib aytganda matbuot bugungi kun davr talabiga javob bera olyaptimi?

Kuni kecha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan joriy yilning 29 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekis­tonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalarda ko'zda tutilgan hamda OAV oldida turgan vazifalar bo'yicha “Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi: ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishning dolzarb masalalari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining hududiy bo'limi rahbarlari, respublika OAV vakillari, sohaga oid qator ijodkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov olib bordi. U dastlab O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi Farmonida ko'zda tutilgan ustuvor vazifalar, ezgu maqsadlar va mamlakatimiz taraqqiyoti strategiyasi bo'yicha mo'ljallangan ulkan rejalar, ushbu Farmonning ahamiyati, shu jumladan, har bir jurnalistning oldida turgan vazifalar xususida so'z yuritdi.

Seminarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori, yuridik fanlari doktori Shavkat Asadov “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati”, O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh­qarma boshlig'i Ma'murjon Parpiyev “Taraqqiyot strategiyasini yoritishda OAV oldida turgan vazifalar” mavzularida ma'ruza qildi.

Ma'ruzalar yuzasidan bahs-munozaralar, savol-javoblar qizg'in kechdi. Jumladan, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov bunday tadbirlarda matbuo­timiz oldida turgan muhim masalalar, joylarda xalqimizni qiynayotgan dolzarb muammolar va davlatimizning farmon va qarorlari mazmun-mohiyatini teran tahlil etiladigan ma'ruzalar bo'lishi hamma uchun foydali ekanligini ta'kidladi. “Ko'pincha yuzaki va puxta tayyorgarlik ko'rilmagan ma'ruzalar hech kimga foyda bermaydi”, dedi u.

Shu bilan birgalikda vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etilayotgan matbuot anjumanlari, brifinglar doimiy bir qolipga tushib qolayotgani, shunchaki, nomigagina o'tkazilayotgan tadbirlar rahbarlar tomonidan oldindan tayyorlangan axborotlarnigina berish bilan cheklanilayotgani, jurnalistlar bilan ochiqlik, erkin savol-javob tarzida bo'lib o'tadigan tadbirlar har bir sohaning rivojlanishiga xizmat qilishi xususida ham fikrlar o'rtaga tashlandi.

Anjuman so'ngida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan uyushma a'zoligiga qabul qilingan bir qancha ijodkorlarga a'zolik guvohnomalari va ko'krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =