O'zbekistonda zo'ravonlikka qarshi kurash: mavjud holat, muammo va yechim
Jahonning ko'pgina mamlakatlarida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo'ravonlik holatlari alohida toifaga kiritiladi. Chunki bunday holatlarning oldini olish ham, ularning oqibatlarini bartaraf etish ham o'ziga xos farqli jihatlarga ega. Ekspertlarning fikricha, uy sharoitidagi zo'ravonlik va oilaviy zo'ravonlik bu noxush vaziyatlarning shunday bir turiki, ularga ayollar va bolalar erkaklarga nisbatan ko'proq duch keladilar. Boisi oddiy – ular aynan ayol, yosh va ishonuvchan bolalar bo'lganliklari uchun ko'p hollarda zo'ravonlik qurbonlariga aylanadilar…
Bu maqolani yozishim va bu mavzuga qaytishimga so'nggi kunlar davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, hanuzgacha muhokamasi bo'layotgan yosh qizaloqqa nisbatan sodir etilgan zo'ravonlik va qotillik sabab bo'ldi. Darhaqiqat, ushbu holat muhokama qilinayotgan ekan, demakki, fuqarolarimiz ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo'ravonlikka yo'l qo'yib bo'lmasligini anglab yetayotganliklari va shu qarashda qat'iy turayotganliklaridan dalolatdir. Ya'ni, bugungi kunda bunday holatlarni xotirjamlik bilan kuzatish, bir-bir bo'lib turadi-da, deb loqaydlik bilan qarash mumkin emas. Zo'ravonlik jamiyatdagi eng noxush holat sifatida insonlar o'rtasidagi tenglik, erkinlikni cheklaydi. Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan kuch ishlatish tajovuz hisoblanadi. Ularga nisbatan hech qanday kuch, zo'ravonlik, kaltaklashni ishlatib bo'lmaydi.
BMT ma'lumotlariga ko'ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo'lsa ham jismoniy yoki jinsiy zo'ravonlikka uchraydi.
Globalizatsiya jarayonida zo'ravonlikning bu turi geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarni bilmasligi ayon bo'ldi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar ko'rishni talab qiladi.
Qonunchilik asosini takomillashtirish davom etmoqda
O'tgan yilning aprel oyida Senat Raisi boshchiligida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nojo'ya harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan majlis o'tkazilib, unda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan zo'ravonlik va shilqimlik harakatlari hamda boshqa salbiy holatlar muhokama qilindi.
Muhokama yakunida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o'tkazish, ushbu sohani tahlil qilish hamda xalqaro tajribani chuqur o'rgangan holda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shu maqsadda, Respublika gender komissiyasi qoshida 2022 yil mayda ishchi guruh hamda chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ishchi guruh oldiga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Ishchi guruhi tomonidan parlament nazorati doirasida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari o'rganildi.
O'rganishlar davomida mazkur masalaga oid normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o'tkazildi.
Shuningdek, xorijiy davlatlardan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya, Bolgariya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlarining qonunchiligi o'rganib chiqilganligini aytib o'tmoqchiman.
Aytish joizki o'tkazilgan o'rganishlar sohani tartibga soluvchi qonunchilikda bir qator bo'shliqlar va muammoli masalalar mavjudligini ko'rsatdi.
Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid bir qator muhim va hozirgi kunda dolzarb bo'lgan tushunchalar, jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo'ravonlik, shahvoniy shilqimlik, oiladagi zo'ravonlik, g'amxo'rlik ko'rsatmaslik kabi tushunchalar qonunchilikda mavjud emasligi aniqlandi.
Vaholanki, mazkur tushunchalarni bir qator xalqaro hujjatlar bilan ham qonunchilikka kiritish tavsiya etilgan (Evropa Ittifoqi Kengashining konvensiyasi – Lansarote shartnomasi; BMTning xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik masalalari bo'yicha qonun hujjatlarini ishlab chiqishga oid tavsiyalari; BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo'mitasi O'zbekistonning 6-davriy hisobotiga yakuniy tavsiyalari).
Shuningdek, so'nggi vaqtda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan turli xildagi zo'ravonlik ko'rinishlari o'sib borishi mazkur sohada qonunchilikni takomillashtirishni, xususan, jinoiy va ma'muriy javobgarlikning maxsus turlarini kiritish, bunday turdagi jinoyatlarga nisbatan yengillashtiruvchi me'yorlarni bekor qilish hamda javobgarlikni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda.
Ma'lumot uchun: yurtimizda 2020 yilda 156 ta, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan bo'lsa, 2020 yilda 154 ta, 2021 yil 208 ta jinsiy ehtiyojni zo'rlik ishlatib g'ayritabiiy usulda qondirish jinoyati sodir etilgan.
O'tkazilgan tahlil va o'rganishlar yakuni bo'yicha xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
birinchidan, amaldagi qonunchilikka:
“jismoniy, ruhiy va jinsiy zo'ravonlik”, “shahvoniy shilqimlik”, “oiladagi zo'ravonlik”, “g'amxo'rlik ko'rsatmaslik” kabi tushunchalarni kiritish;
“ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish” tushunchasini “shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish” tushunchalariga almashtirish;
ikkinchidan, oiladagi zo'ravonlik, voyaga yetmaganlar tasvirlari tushirilgan pornografik mahsulotlarni tayyorlash, axborot-kommunikatsiya maqsadida foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsni yomon yo'lga solish (onlayn gruming) uchun javobgarlikni belgilash.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo'ravonlikni sodir etganlarni ta'lim olish, tarbiyalanish, davolanish va boshqa turdagi faoliyat bilan bog'liq lavozimlarni egallash va faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan umrbod mahrum qilish;
uchinchidan, jinsiy zo'ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo'ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan qonunchilikda ko'zda tutilgan yengilliklar bermaslik, xususan, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog'i bilan almashtirish choralarini qo'llamaslik;
to'rtinchidan, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to'sqinlik qilish, zo'rlik ishlatib g'ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilganlar uchun yarashish institutini qo'llamaslik;
beshinchidan, qonunchilikdagi jinsiy erkinlikka tajovuz qilish jinoyatiga nisbatan og'irlashtiruvchi holatlar sifatida qarash va yanada kuchliroq sanksiyalar bilan to'ldirish;
oltinchidan, ta'qib qilish (stalking) uchun ma'muriy javobgarlikni belgilash.
Shuningdek, bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga bolalarni o'qitish, tarbiyalash, davolash hamda ular bilan ishlash nazarda tutilgan faoliyat bilan shug'ullanishi taqiqlanadi.
Ushbu toifadagi shaxslarning ma'lumotlar bazasini tashkil etish, yuritish hamda undan axborot olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi ko'zda tutilmoqda.
Xorij tajribasi amaliyotga tadbiq etiladi
Albatta, har qanday sohani takomillashtirishda xorijiy tajribani o'rganish va uni mahalliy sharoitlarimizga moslashtirgan holda samarali tadbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'yicha xotin-qizlar umumiy sonidan 35 foizi, ya'ni har uchinchi zo'ravonlikka duch kelmoqda. Bu degani, ushbu muammo jahondagi hech bir mamlakatni chetlab o'tmagan, u xoh rivojlanayotgan yoki uchinchi dunyo davlati bo'lsa ham. Shunga yarasha, bu muammoni bartaraf etish yo'nalishida ko'pgina mamlakatlar o'ziga xos tajriba to'plaganlar. Bunda asosiy tamoyil – davlat va nodavlat tuzilmalarining jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo'lishidan iborat. Chunki zo'ravonlik har qanday jinoyat kabi, ogohlik va shaffoflikdan “qo'rqadi”, zo'ravonning xatti-harakatlari jamiyat tomonidan qoralanishi esa uni to'xtatishning eng samarali yo'li.
Shu jihatdan O'zbekiston ham turli mutasaddi tuzilmalar va jamoat tashkilotlarini hamda keng jamoatchilikning bu yo'nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi xorijiy tajribadan foydalanmoqda. Bu ayniqsa tegishli yo'nalishda qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning ustida ishlashda yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Shuningdek, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish yo'nalishida ham yangi tajribalar qo'llanilmoqda. Bu ham juda muhim, chunki xuddi o'sha himoya orderi yoka boshqa imkoniyatlardan foydalanish uchun ham zo'ravonlikka duch kelayotgan xotin-qizlar ular haqida bilishlari lozim. Shundagina ular o'z huquqlarini ro'yobga chiqara oladilar.
Shu o'rinda huquq-tartibot organlari vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruh tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish borasida Turkiya davlati tajribasi o'rganildi. Ma'lum bo'lishicha Turkiya davlatida qo'l telefonlari uchun maxsus “SOS-tugma” mobil ilovasi yaratilgan. Turkiya davlatida mazkur mobil ilovasidan ayollar va voyaga yetmagan bolalarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilishda samarali omil sifatida foydalanib kelinmoqda. Bugungi kunda tegishli mutasaddi tashkilotlar bizning yurtimizda ham ushbu loyihani tadbiq etish bo'yicha amaliy ishlar olib bormoqdalar.
Amaliy ishlar tahlili
Respublika gender komissiyasi bilan hamkorlikda Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va O'rta maxsus ta'lim vazirliklari tomonidan “Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy ruhiy yordam ko'rsatish bo'yicha” o'quv qo'llanma yaratildi. Bugungi kunda yurtimizda 190 ga yaqin Oliy ta'lim muassasalari faoliyat olib bormoqda, ularning 113 tasi davlat Oliy ta'lim muassasalaridir. Xotin-qizlar ko'proq ta'lim oladigan (pedagogika, tibbiyot va x.k) Oliy ta'lim muassasalarida bugungi kunda 101 nafar profilaktika inspektorlari shulardan (14 nafari ayol) xizmat faoliyatini olib borishmoqda.
Maktablarda 27 aprel “Oiladagi zo'ravonlikni oldini olish kuni” deb e'lon qilindi va o'qituvchilariga mazkur illatning salbiy oqibatlari haqida tushuncha hosil qilish, zo'ravonlikka qarshi turish tuyg'usini singdirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda 10 000 ga yaqin maktablarda 2000 ga yaqin profilaktika inspektorlari xizmat faoliyati ko'rsatib kelishmoqda. Tahlillar 1 ta profilaktika inspektoriga 5 ta maktab to'g'ri kelishini ko'rsatmoqda.
Oilaviy-maishiy zo'ravonlik va tazyiqni boshidan o'tkazgan xotin-qizlarga professional, huquqiy va ruhiy yordam ko'rsatish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kanallar (@Ayollar_himoyasi_bot), (1146) (1102) ishonch telefonlari faoliyat qo'rsatmoqda.
Qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga tezkorlik bilan zaruriy yordam ko'rsatish uchun IIV tizimida 2022 yil 10 yanvardan boshlab qisqa raqamli “1259” raqamli “Ishonch markazi” tashkil etildi.
Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarning huquqiy onggi va madaniyatini oshirish bo'yicha maxsus onlayn kurslar ishlab chiqildi va “kurslar.huquqiyportal.uz” elektron platformasiga joylashtirildi.
Bugungi kunda IIV tizimida ayollar masalalari bo'yicha inspektor (337 nafar) lavozimida faoliyat yuritishmoqda bu amaliyot xotin-qizlar bilan samarali ishlashga zamin yaratmoqda.
2022 yil mobaynida zo'ravonlik va tazyiqdan jabrlangan 49 774 nafar ayollarga “Himoya orderi” berildi. Zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlarning 484 nafari voyaga yetmaganlarni, 13 271 nafari yosh (18-30 yosh) qizlarni tashkil etgan.
Bunda, 40 759 nafar ayollar oilalarda, 5 963 nafari ko'chada, 2 098 nafari jamoat joylarida, 147 nafari ta'lim muassasalarida, 602 nafari ish joyida zo'ravonlikka uchragan.
Konkret takliflarimiz
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralarini yanada kuchaytirishdan tashqari, qo'shimcha ravishda quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman:
— huquqbuzarlik va jinoyatchilikka moyil bo'lgan shaxslarni aniqlash, ular bilan individual profilaktik ishlarni olib borish;
— oilada tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni olib borish, zarur bo'lganda ularni maxsus muassasalarda davolanishini tashkil etish;
— mamlakat bo'yicha nizoli oilalar, deb topilgan har bir oilani mahallabay xatlovdan o'tkazish;
— tuman ichki ishlar bo'limi, mahalla xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, mahalladagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda otinoyi faoliyati integratsiyasini ta'minlash;
— spirtli ichimlik ichishga ruju qo'yganlarni va narkologiya dispanserlarida hisobda turganlarning ro'yxatini olish va ular bilan manzilli ishlash;
— JIEM dan qaytganlar bilan tizimli ishlash hamda eng muhimi, mazkur sohada ishlovchi xodimlarning befarq bo'lmasligi, hushyor va sergaklik hamda fidoyilik bilan hamkorlikda faoliyat olib borishlarini tashkil etish hamda bu masalaga yangicha yondashuvlarni tadbiq etish zarur, deb hisoblaydi;
— Oilaviy tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rgan xotin-qizlarga kunu-tun psixologik va huquqiy yordam ko'rsatish amaliyotini yo'lga qo'yish;
— Joylarda kamera nazoratini kuchaytirish.
Yurtimizning qaysidir joyi yoki xonadonida zo'ravonlik kuzatilayotgan ekan, yuqorida biz tilga olib o'tgan natijalar ko'zga umuman ko'rinmay qoldi.
Shu bilan birga, shuni ta'kidlashni istardimki, zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan sa'y-harakatlar tizimli, har kunlik va har joyda amalga oshiriladigan ishga aylanishi kerak. Shundagina biz jamiyatimizda bu illatni bartaraf eta olamiz.
Aslida biz sanab o'tgan va maqola hajmi ixchamligini ta'minlashga intilganimiz bois, “kadr ortida” qolgan ko'plab ishlarimiz – bu kundalik jarayon, har kuni, har soatda amalga oshirilayotgan aniq va zarur choralardir.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senatining
Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qo'mitasi raisi