Singapurlik mutaxassislar nima deyishdi?
yoki dizayn fikrlash, maktablardagi asosiy
muammolar va aql ko'zi haqida…
Bugungi kunda sirdaryolik maorifchilar zimmasiga viloyat ta'lim tizimini mamlakatimizdagi namunali ta'lim tizimiga aylantirish vazifasi yuklatilgan. Bu osonlikcha amalga oshadigan yumush emas. Mazkur yo'nalishda ilg'or mamlakatlarning tajribasi o'rganilmoqda. Xalq ta'limi vazirligining (hozirgi Maktabgacha ta'lim va maktab vazirligi) tashabbusi bilan 2022 yilning sentyabr-dekabr oylarida bir guruh singapurlik mutaxassis va ekspertlar viloyat umumta'lim maktablari direktorlari va matematika fani o'qituvchilari bilan mashg'ulotlar olib borishdi.
Xo'sh, Singapur ta'lim tizimining afzalliklari nimada ekan?
— Mamlakatimiz ta'lim tizimida DIZAYN FIKRLASh (inglizcha: design- bezash ma'nosida. Qarang: “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izohli lug'ati”, 51 va 71-betlar) degan tushuncha bor, ─ dedi “Six Clouds Pte. Ltd” kompaniyasi asoschisi va rahbari, sirdaryolik maktab direktorlari bilan mashg'ulotlar olib borgan Richard Voon. ─ Bu juda keng qamrovli jarayon sanaladi. Uning asosida har bir muammoga kreativ yondoshish, mustaqil fikrlashga chorlash, fikrlarni erkin bayon etishga o'rgatish, ta'limni real hayot bilan bog'lash kabi g'oyalar yotibdi. Mana shu ilg'or tajribani sirdaryolik kadrlar bilan o'rtoqlashdik. Bu yerdagi maktab direktorlari bilan dastlabki kunlari mashg'ulot olib borganimizda faollik u qadar sezilmadi. Keyingi kunlari qiziqish kuchayib, ular erkin fikrlay boshladilar. Men sizga aytsam, maktab direktorlari va o'qituvchilar dizayn fikrlay boshlasalar, ta'lim muassasasida vaziyat butunlay o'zgaradi.
Singapur ta'limining bo'rtib turgan jihati fuqarolarni jamiyatdagi har bir predmet va hodisalardagi muammolarni ko'rish va anglashga o'rgatish hamda yechimini topib, bartaraf etishga qaratilganligi bilan ajralib turarkan. Sirdaryolik maktab direktorlari bilan o'tgan mashg'ulotlarda mana shu fazilat sezilarli darajada shakllantirildi. Qiziq bir misol: maktab direktorlarining dizayn fikrlashi tufayli oddiy sinf doskasining 10 dan ortiq kamchiliklari oydinlashdi. Doskani yaxshilash uchun takliflar yuqori mutasaddi tashkilotlarga yo'llandi. Muammoga yechim ham topildi: sirdaryolik direktorlar taklif qilgan yangi doskani toshkentlik tadbirkor ishlab chiqarishga rozi-rizolik ham berdi.
Ayni paytda Singapur savodxonlik darajasi bo'yicha dunyo davlatlari orasida oldingi o'rinlarda turadi. Buning sabablari bilan qiziqdik. Janob Richard Voon bir varaq oq qog'oz oldi-da, unga katta qilib “6” raqamini yozdi. Kaminani: “Bu necha raqami?” deya savolga tutdi. Men miyig'imda kulgancha javobini aytdim. Suhbatdoshim so'ngra qog'ozni aylantirdi-da: “Endi necha bo'ldi?” dedi. “6 raqami” bir yumalab “9”ga aylangandi.
— “6” bu ─ ota-onalar bo'lsa, “9” o'qituvchilar va maktab. Mana shu ikki qatlam o'rtasida hamisha ko'z ilg'amas ziddiyat va tushunmovchiliklar bo'lib turadi. Bizda mana shu ikki jamoa o'rtasida mustahkam rishta o'rnatilgan. Shu bois ta'lim tizimimiz jahonda eng oldingi o'rinlarga chiqib olgan. O'zbekistonda ham mana shu ikki qatlam o'rtasida ittifoqlik o'rnatilsa, ta'limda ko'tarilish boshlanadi, ─ deydi janob Voon.
Mazkur yo'nalishda Singapurda “Ota-ona va maktab hamkorligi” degan dastur qat'iy yo'lga qo'yilgan ekan. Direktorlikka kreativ fikrlaydigan munosib rahbarlar tanlangani bois yangi loyihalar potrab chiqaverarkan. Pirovardida har qanday muammo ota-onalar bilan birgalikda yechilarkan, ularga muntazam ravishda farzandlarining fanlarni qanday o'zlashtirayotganligi haqidagi axborotlar taqdim etilarkan, bir yoqadan bosh chiqarib, turli tadbirlar tashkil qilinarkan, ma'lumotlar almashinarkan. Natijada nazorat tizimi shakllanib, bolaning fanlarni risoladagidek o'zlashtirishiga ijobiy ta'sir ko'rsatarkan.
Singapurlik mutaxassislarning (ular 3 nafar edi) e'tiroficha, maktablardagi o'zgarishlar ko'p jihatdan direktorga bog'liq bo'larkan. Rahbar yangicha fikrlay boshladimi, butun jamoa yangicha fikrlashga yuz buradi. Biz, o'zbeklarda azaldan-azaldan rahbarlarga nisbatan o'zgacha munosabat shakllangan. Ya'ni rahbarning gapi gap. Uning yo'rig'idan chiqmaydi. Xulosa oddiy: demak, rahbar kuchli bo'lishi, jamoani ortidan ergashtirishi kerak.
Xorijlik mutaxassislar yana bir nuqtaga alohida urg'u berishdi: O'zbekistonda iqtidorli rahbarlar, o'qituvchilar, o'quvchilar nihoyatda ko'p ekan. Biroq ular ishlov berilmagan olmosga mengzab ketadi. Ularga ishlov berilsa, iqtidori ochilib sayqallanadi. Yangicha fikrlash talabalarga singdirilsa, jamiyatda yomg'irdan keyingi qo'ziqorinlardek yangi g'oyalar potirlab ko'payib ketadi.
Kaminani bir fikr qattiq qiziqtirdi. Janob Voonga: “Sizlarning ta'lim tizimingizdagi tajribalar bizning ta'lim tizimimizga nechog'lik mos keladi?” — deya pisanda gap qildim.
— Singapur ta'lim tizimidagi tajribalarning 40 foizini sizlarning milliy ta'lim tizimingizga joriy qilsa bo'ladi. To'g'ri, sizlarning ta'lim dasturlaringizda o'rganiladigan fanlar ancha ko'p ekan. Bizda esa matematika, kimyo-biologiya, geografiya, fizika, ona tili va xorijiy tillarga asosiy e'tibor qaratiladi. Maktablarimizda ona tili va ingliz tili chuqur o'rgatiladi. Chunki ona tilini puxta o'rgangan bola ingliz tilini ham tez o'zlashtiradi. Shu bois biz mana shu ikki tilni o'rgatishga astoydil bel bog'laymiz. Bizda eng nufuzli fan matematikadir. Boz ustiga, yozma savodxonlik va ifodali o'qishga ayricha e'tibor qaratamiz. Bu o'z navbatida PIRLS tadqiqotida (Ifodali o'qish yutuqlarini o'rganuvchi xalqaro tadqiqot tashkiloti) mamlakatimiz aholisining savodxonligi dunyodagi eng yuqori ko'rsatkichlardan birini egallashiga zamin yaratdi. Maktablarimizda tahsil olayotgan o'g'il-qizlarimiz 1995 yildan buyon matematika va tabiiy fanlar TIMSS (matematika va tabiiy fanlar bo'yicha tendensiyalar) bo'yicha xalqaro bilimlar imtihonlarida dunyodagi eng yaxshi natijalarni ko'rsatishmoqda.
Singapurlik mutaxassislar Sirdaryo viloyatidagi mashg'ulotlarini yakunlab, boshqa hududlarga yo'l olishdi. Ular bergan saboqlar sirdaryolik maorifchilar faoliyatida iz qoldirdimi?
— Xorijlik mutaxassislarning mashg'ulotlarida qatnashish natijasida ijodkorlik qobiliyatim ancha o'sdi, desam aslo xato qilmayman. Singapurliklarda bir maqol bor ekan: “Aql ko'r bo'lsa, ko'zlardan ne foyda?”. O'quvchiga ta'lim-tarbiya berishda layoqatiga qarab qancha erta to'g'ri yo'llanma berilsa, jamiyat uchun shuncha foydali kadrlar yetishib chiqar ekan. Bunda “ota-ona-o'quvchi-o'qituvchi” o'rtasidagi sirli halqa muhim ahamiyat kasb etarkan, ─ deydi Sirdaryo tumanidagi 32-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori Barno Umarova.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasida: “Najot – ta'limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, dedi. Demak, bu yo'lda ilg'or mamlakatlar tajribasini o'rgangan holda milliy ta'lim-tarbiya tizimi samaradorligini oshirish asosiy maqsad qilib qo'yilmoqda. Aslida najot yo'li ham shudir.
Muhammadali AHMAD