“O'zsanoatqurilishbank” tizimida tadbirkorlarga xizmat ko'rsatish tubdan o'zgardi

“O'zsanoatqurilishbank” tomonidan joriy yilgi ilk press-tur yaqinda Samarqand viloyatiga tashkil etildi. U yerda jurnalistlar Bankning moliyaviy ko'magida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati hamda mazkur hududda muassasa mijozlariga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo'llangan Murojaatnomada joriy yilga mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlar qatorida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash alohida o'rin olgandi.

Bunda davlatimiz rahbari butun dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyatda qanchalik og'ir bo'lmasin, iqtisodiy islohotlarni qat'iy davom ettirib, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash bo'yicha islohotlarni jadallashtirish zarurligini ta'kidlagan edilar.

“O'zsanoatqurilishbank” tizimida tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko'rsatish transformatsiya jarayonida tubdan o'zgardi. Ularni alohida guruhlarga (mikro, kichik va o'rta) ajratgan holda, universal menejerlar orqali mijozbay xizmat ko'rsatish, bunda hujjatlarning ixchamlashtirilgani hamda bank mahsulot va xizmatlari qayta devirsifikatsiya qilingani katta samara bermoqda.

Bu samarqandlik tadbirkorlar tomonidan ham alohida qayd etilmoqda.

— Korxonamiz tashkil etilganiga 15 yil to'ldi, – dedi “Bogʻi baland beverage” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Boqiyev. – O'tgan davr mobaynida bank ko'magida biznesda salmoqli natijalarga erishdik. Biroq bugun bankdagi muhit mutloqo o'zgacha. Ofislardagi sharoitlar, har bir mijozga alohida yondashuv, xizmatlar borasida imtiyozli paketlarning taklif etilishi biz, tadbirkorlarni boshqacha ruhlantirmoqda.

“Bogʻi baland beverage” — ko'ptarmoqli korxona. U yerdagi sexlarning birida yaxna ichimliklar, birida plas­tik idishlar, yana birida esa, kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari ularning har birida bo'lib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi. Yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchi sexda Bank krediti hisobiga chetdan keltirilgan texnologik uskuna imkoniyatlari bilan tanishdi.

Hozirda mazkur sexda 30dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Ular tomonidan xalqimizga yiliga 28 mingta mahsulot yetkazib berilyapti.

Jurnalistlar “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan alyumin radiatorlar ishlab chiqaruvchi “TESPACK INVESTMENT” mas'uliyati cheklangan jamiyatida ham bo'lishdi.

Ta'kidlanishicha, bank bilan hamkorlikda tatbiq etilgan umumiy qiymati 841 272,0 dollarga teng mazkur loyiha korxonaning sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturiga oid ikkinchi ishi hisoblanadi.

Korxonada 20 nafar yigit-qiz ish bilan band etilgan. Yiliga 350 ming donaga yaqin ishlab chiqarilayotgan mahsulotning bir qismi (2022 yilda bu ko'rsatkich 80 ming dollardan ortgan) qo'shni davlatlarga eksport qilinmoqda.

Press-tur ishtirokchilari bank kredit mablag'lri hisobiga ketma-ket ikkita loyihani ishga tushirgan “BRADJUS” korxonasiga ham tashrif buyurdi.

U yerda dastlab “Mac Caldo” brendi ostidagi tez tayyor bo'luvchi makaron mahsulotlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi.

So'ngra joriy yozgi mavsumda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashga shay qilingan yana bir sexdagi sharoitlar ko'zdan kechirildi. Loyiha ishga tushsa, korxona ishchilari soni 80dan ortadi. Xalq iste'mol bozoriga yiliga 25 ming tonnadan ziyod “Ever” brendi ostida ichimlik suvi yetkazib beriladi.

Shuningdek, press-tur doirasida OAV vakillari uchun   “O'zsanoatqurilishbank”ning Samarqand mintaqaviy bank xizmatlari ofisida matbuot anjumani ham bo'lib o'tdi. Tadbirda muassasaning 2022 yilgi faoliyati yakunlari xususida axborot berildi.

— Kreditlar har doim eng talabgir mahsulot, shu bois har yili bank resurs bazasini shakllantirish ishlari faol olib boriladi, – dedi Bank xizmatlari ofisi boshqaruvchisi Farhod Hamidov. – Xususan, 2022 yilda aholi va bank mijozlari bo'lmish xo'jalik sub'yektlari (shu jumladan, ularning ishchi-xizmatchilari) o'rtasida depozitlarni keng targ'ib etish natijasida ulardan jalb qilingan omonatlar qoldig'i 300 mlrd. 200 mln. so'mga yetdi. Bundan tashqari, mijozlarga xalqaro kredit liniyalar hisobidan ham kredit mablag'lari ajratildi. Buning hisobiga kredit qo'yilmalar qoldig'i 2023 yil 1 yanvar holatiga ko'ra, 1,8 trln. so'mni tashkil etdi.

Hisobot davrida yuridik shaxs maqomidagi mijozlar tomonidan aylanma mablag'larni to'ldirish maqsadida ajratilayotgan, aholidan esa, ipoteka kreditlariga qiziqish ortgan.

Ha, bugun ishonch bilan aytish mumkinki, moliya muassasalari, shu jumladan, “O'zsanoatqurilishbank” tizimlari   xalqimizga, shu jumladan, tadbirkorlarga qanot bo'lib, ularga namunali xizmat ko'rsatishda eng ilg'or xorijiy yurt banklaridan qolishmaydigan darajada zamonaviy, tezkor va eng muhimi sifatli xizmat ko'rsatmoqda. Bunga kuni kecha OAV vakillari uchun Samarqandda tashkil etilgan ijodiy muloqot davomida ham amin bo'lindi.

Bank Axborot xizmati.

Reklama huquqi asosida.

Xizmatlar litsenziyalangan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =