Sohil malikasi

yoki “O'zsanoatqurilishbank” ko'magi bilan Surxon vohasida qamishdan mebel va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgani hamda boshqa istiqbolli loyihalar haqida

 

Mamlakatimizning eng chekka va uzoq tumanlaridan biri Muzrabot   hisoblanadi. Bu manzil Amudaryo sohili bo'ylab   Afg'oniston va Turkmaniston bilan   chegaradosh. Tumanning janubi g'arbiy tomonidan sal kam 150 yillik   moziyga guvoh bo'lgan temir yo'l   o'tadi. Temir yo'lning chap   tomonida esa ikki- uch ming yillik tarixga ega katta–kichik   qishloqlar “Payg'ambar oroli” to'g'risigacha, aniqroq aytsak, Termiz tumaninig “Kaptarxona” qo'rg'onigacha cho'zilib borgan.

Bahor kelishi bilan Amudaryo sohilida   jing'il, patta, saksovul kabi cho'l o'simliklari barg yozib ulgurmasidan, ming-ming gektarlab   maydonda qahraton qishga isyon   qilgandek qamishlar yerdan “nayzasi”ni ko'tarib chiqib,   hafta- o'n kunda yam- yashil ummonga aylanadi. Sokin va suluv Amudaryo   ularning bo'ychanligidan ko'rinmay   qoladi. Bir so'z bilan ayt­ganda, qamish   sohilning malikasi — ramzi   hisoblanadi.

Bejiz shoir:

Qamishzor shovullar, yurak entikar,

Men uchun qadrdon   sohil, qamishzor… —

deya yozmagan-da! Eng muhimi, sohil Alloh inoyati bilan yaralgan bitmas–tuganmas xazina. Ana shu dillarni rom etib, yuraklarni entiktiruvchi sohil qamishzorlari bugungi kunda odamlarimizga rizq, iqtisodiyotimizga   tayanch, sanoatimiz rivojiga omil bo'lmoqda. Qanday qilib deysizmi? Birinchidan, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarga keng imkoniyatlar hamda imtiyozlar berilganligi bugungi kunda har sohada o'z samarasini ko'rsatayapti. Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyot barqarorligini ta'minlash barobarida yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini ikki baravarga ko'paytirish   vazifasi qat'iy qilib belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan sanoat sohasini yanada rivojlantirish borasida respublika “O'zsanoatqurilishbank” tomonidan davr talabidan kelib chiqib, birgina o'tgan yili 570 dan ortiq loyiha   ishga tushirildi. Buning uchun 1,8   milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya   mablag'lari jalb qilinib, 15   mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratildi. Ana shu xarajatlar evaziga ishlab chiqarilgan 611 million dollarlik mahsulotlar xorijiy   davlatlarga eksport   qilinganligi quvonarli holdir. Bu aytishga oson, amalda uning   zamirida kattagina zaxmat, mashaqqatli   mehnat va zamonaviy tadbirkorlik faoliyati   yotadi.

Yurtning istiqboli, elning ma'murligi uchun xizmat   qiladigan loyihalardan biri mahalliy tadbirkorlar sa'y-harakati va bankning moliyaviy ko'magida 2020   yilda Surxon vohasining Muzrabot tumaniga   nasib qildi. Bu Termiz   shahridagi “Surxon KSP grand”   MChJ tizimidagi oddiy   qamishdan sanoatbop plitalar, mebel va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi vohada yagona yirik zamonaviy   korxona hamdir.

— Eng muhimi,   zavodni to'la quvvat bilan ishlatish uchun xomashyodan zoriqmaymiz. Tumanimizda qamish keragidan ham ortiqcha. Faqat uni o'z vaqtida   o'rib, tashib keltirish lozim. Bu esa boshqa turdosh korxonalarga nisbatan bizning   zavodimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari sifatining yaxshiligiga, tannarxining arzonligiga garov   bo'lmoqda, – dedi “Asiya KSP   sifat” MChJ direktori Abbos Nabiyev. – Shuni ham aytish kerakki, yog'och qipiqlaridan tayyorlangan plitalar mo'rt va namga chidamsiz bo'ladi. Yog'och qipig'idan   tayyorlangan uy jihozlari va mebelning ushlab turuvchi mexchalari qo'parilganda yana o'z joyiga qoqib yoki bekitib bo'lmaydi. Sababi, ko'chgan joyi o'yilib qoladi. Qamishdan tayyorlangan plitalardan esa mexchani ataylab ham sug'urib bo'lmaydi. Chunki qipiqqa qaraganda,   qamish pishiq, zich va   sifatli bo'ladi. Suvga solib qo'ysangiz   ham bo'kib, shishib ketmaydi.

— Bu yilgi   qahraton sovuq zavod jamoasi   faoliyatiga qanday ta'sir qildi?! – degan savolimizdan so'ng direktorning qoshlari chimirilib ketdi.

— To'g'risi, ko'p   qatori zavodimizni ham tabiiy gaz   va elektrdan   uzib qo'yishdi. Kunlar isishi bilan ishlab chiqarish hajmini qoplab yuborishga imkonimiz yetarli. Korxonamizning umumiy maydoni   10 gektar, loyiha qiymati 205 milliard 864 million so'm bo'lib, zamonaviy uskunalar Xitoy davlatidan bank kredit mablag'i hisobidan keltirib   o'rnatilgan. Biz uchun muhimi,   400 nafar yoshlar   doimiy, 200 nafari mavsumiy ish bilan band bo'lib, qora qozoni qaynaydigan   bo'lgani. Korxonamiz ishchilari o'rtacha uch yarimdan o'n million so'mgacha   maosh olishadi.

— Ko'rib turganingizdek, o'rib bog'lab kelingan   qamish besh jarayondan so'ng tayyor sanoat   mahsulotiga aylanadi. Maydalangan   qamish maxsus yelim bilan qorilib, 2700 tonna bosim bilan zichlantiriladi, 180   daraja issiqlikda quritiladi. Tayyor plitalarni mebelga aylantirish uchun esa zamonaviy andozadagi bejirim,   rangli laminantlar   yopishtiriladi. Termizda eng so'nggi rusumdagi mebel ishlab chiqaruvchi   fabrikamiz bor, uni ham biz mahsulot bilan ta'minlaymiz, — deydi mamnuniyat bilan zavod direktori.

Ma'lum bo'lishicha, qamishdan “Asiya KSP sifat”   MChJ tomonidan zavodda yiliga 150 ming kub sanoatbop sifatli   plita ishlab chiqariladi. Mamlakatimizda bu boradagi sanoat   mahsulotlariga import ehtiyoji katta. Biz yiliga 100   million dollarga yaqin import o'rnini bosuvchi mahsulot   tayyorlab, yurtimizdagi ichki bozor talablarini qondirishga harakat   qilayapmiz.

O'zbekistonga Allohning nazari tushgan, deb bejiz   aytishmaydi. Chindan yurtimizning xas- xazoni ham, o't-o'lani ham, tosh-tuprog'i ham, chang-to'zoni ham oltinga   teng. Vatanimiz, millatimiz,   kelajagimiz uchun sohil malikasi—parvarish, mehr, mehnat talab qilmaydigan oddiygina qamishning zarur qurilish va sanoat mahsulotiga aylanib yurt obodligi, iqtisodimiz barqarorligi, elimiz faravonligiga xizmat qilishi ham Yaratganning inoyati emasmi?!

* * *

Bugun jahondagi global taraqqiyot jarayoni talablaridan ortda qolish nafaqat inqirozga, balki imkonsiz   muammolar girdobiga olib borishini ko'pchilik rad etolmaydi. Shu ma'noda ham Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan Taraqqiyot strategiyasida biror tizim yoki soha yo'qki, uning bugungi va kelgusi istiqboli, har tomonlama barqaror   rivoj­lanishini o'z ichiga olmagan   bo'lsin. Muhimi shundaki, bu boradagi qilinishi lozim bo'lgan ishlar, vazifalar aniq-tiniq ko'rsatib berilgan. Shu barobarida mamlakatimizdagi viloyatlar, tuman va shaharlardagi tadbirkorlar, investorlar salohiyati, ehtiyoj, talab hamda imkoniyatlaridan kelib chiqib har tomonlama amaliy yordam ko'rsatilayotganligi ayni muddao bo'lmoqda. Buni yaqindagina ish boshlagan Qumqo'rg'on tumanidagi “Business Capital” MChJ korxonasi misolida ham ko'rish mumkin.

— Biz “O'zsanoatqurilishbank”ning Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi orqali xorijiy kredit yo'nalishi bo'yicha 1 million 64 ming yevroga Turkiya   davlatidan zamonaviy un zavodi ilg'or texnologik uskunalar maj­muini sotib oldik, – dedi korxona ta'sischisi Husan Murodov. — Ko'rib   turganingizdek, besh qavatdan iborat   zavodimiz tufayli xalqaro   standart talablariga javob   beradigan mahsulotni ishlab   chiqarishni   yo'lga qo'ydik. Bug'doyni kelishilgan shartnoma asosida Qozog'is­ton Respublikasidan olayapmiz. Ayni paytda o'zimizning ichki va   xorijiy bozorlarga yiliga   54 ming tonna a'lo navli   mahsulot yetkazib berayapmiz.

— Ushbu loyiha tufayli 32 nafar   mahalliy   yoshlar doimiy ish bilan band bo'lishgan. Shu yil   aprel oyi oxirida zavod to'liq ishga tushishi bilan   rejaga ko'ra ishchilar soni 60 tadan oshadi, —   deydi korxonaning muhandis-ustasi Soatmurod Amirqulov. — Tumanimizning “Azlarsoy” mahallasida 0,85 sotix yerda joylashgan bu tegirmon bir kecha-kunduzda 150 tonna bug'doyni   qayta ishlash imkoniyatiga   ega. Aholining ehtiyojidan kelib   chiqib, non va non mahsulotlari   ishlab chiqaradigan   sexni ham ishga tushirganmiz. Bundan tashqari, bug'doy   kepagini chorva ozuqasi   sifatida fermerlarimizga yetkazib berayapmiz. Bunday xizmatlarimizdan mahalliy   aholi va mijozlarimiz mamnun.

Ilg'or texnologiyalar asosida   jihozlangan ishlab chiqarish   korxonalarining ish jarayonlari bilan tanishar ekanmiz, hamkasbim, “Uzreport TV” muxbiri Sherali Bo'riboyev   haya­jonlarini yashirolmadi.

— Hisor, Bobotog' manzaralari, Surxon tabiati, muhiti, odamlari o'zgacha ekan. Yam-yashil qir-adirlarini ko'rib bu yerdan ketging kelmaydi. Odamlarning tomorqasida yetishtirilayotgan piyoz, sabzi, karam, pomidor, bodiring, bulg'or qalampiri, sarimsoq, kartoshka va turli ko'katlarni ko'rib,   ko'zing   quvonadi. Yana issiqxonada   emas, ochiq maydonda. Hali ko'pgina viloyatlarda bahor yumushlari boshlanmagan. Yana o'n-o'n besh kundan so'ng tomorqada yetishtirilgan mahsulotlar bozor peshtaxtasiga chiqsa ajabmas. Men Surxon vohasiga ilk kelishim, ochig'i, bunaqa jannatiy go'sha deb o'ylamagandim.

Xalqimizda kulchali bola suyushga yaxshi, degan maqol bejizga aytilmagan. Vatanimizning har bir tumanida, mahallasida yuqoridagidek   tadbirkorlar   qanchalik ko'p bo'lsa, sohalarda erkin   raqobat kuchayib, xalqimizning turmush darajasi shunchalik   yaxshilanib boradi, bozor narxlari   arzonlashadi.

* * *

…Respublika “O'zsanoatqurilishbank”i tomonidan shu yil 21-22 fevral kunlari Surxondaryo   viloyatida o'tkazilgan press-tur jarayonida ommaviy axborot vositalari xodimlari yuqoridagi korxonalar   faoliyati bilan batafsil tanishtirildi. Ijodiy sayohatimiz so'nggida OAV vakillari uchun bankning viloyat hududiy boshkarmasida brifing tashkil etildi. Unda mijozlarga xizmat ko'rsatish borasida   belgilangan vazifalar va tegish­li rejalarni bajarish xususida   atroflicha ma'lumotlar berildi.

— Bizning birinchi vazifamiz ishochli va sifatli xizmat ko'rsatish. Bu ish mijozlarni ochiq yuz va xushmuomalalik bilan kutib olishdan boshlanadi, — dedi bankning   viloyat hududiy boshqarmasi boshlig'i Bahodir Arziqulov. – Olib kelingan texnik qurilmalarning uzluksiz ishlashini, qabul qilingan dasturlarning muntazam bajarilishini   ta'minlashga harakat qilayapmiz. Mamlakat   iqtisodiyotini yuksaltirishda asosiy   omil bo'layotgan tabirkorlarimizning birinchi talabini   qanoatlantirish yo'lida doimo izlanishdamiz.

Tadbirda ta'kidlanishicha, bankning faol mijozlari 1,5 kredit ajratish hajmi esa bir yil davomida 2,2   baravarga oshgan. Mijozlarning bankdan masofaviy foydalanishi 115   foizga ko'paygan. Joriy yilda   viloyat aholisiga 75,5 milliard, tadbirkorlar va yirik korxonalarga 175,76 milliard so'm   kredit mablag'lari ajratish   rejalashtirilgani aytib o'tildi.

OAV xodimlari   o'zlarini qizitirgan savollarga   atroflicha javob oldilar.

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Reklama huquqi asosida.

Xizmatlar litsenziyalangan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − three =