“O'zsanoatqurilishbank” mahalliylashtirish dasturida faol

“O'zsanoatqurilishbank” respublikamizdagi tez rivojlanayotgan, tadbirkorlarga hamisha yordam qo'lini cho'zib ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga, ish o'rinlarini yaratishga o'zining salmoqli hissasini qo'shayotgan eng peshqadam banklardan hisoblanadi. Bunga “O'zsanoatqurilishbank” bilan Navoiy viloyatidagi “NAVPROMLITMASH” mas'uliyati cheklangan jamiyati o'rtasidagi o'zaro moliyaviy munosabatlar natijasida ijobiy o'zgarishlar yuz berganligini misol qilib keltirish mumkin. Shu yil 28-29 mart kunlari Navoiyda jurnalistlar uchun press-tur tashkil etilib, u yerda ishlab chiqilayotgan sanoat tarmoqlarida keng qo'llaniladigan havo va moy filtrlari ishlab chiqarish quvvati va ularning o'rnatilgan texnik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik jihatlari bilan OAV vakillari tanishtirildi.
Mamlakatimizda mahalliylashtirish dasturi doirasida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish bo'yicha har yili bir necha o'nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularda ilg'or texnologiyalardan foydalanib ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, importni qisqartirish, valyutani tejash hamda bandlikni ta'minlash kabi mas'uliyatli masalalar ko'zda tutilmoqda.
Navoiy shahrining “Janubiy” sanoat zonasida misni qayta ishlash bilan shug'ullanadigan “NAVPROMLITMASH” korxonasining “O'zsanoatqurilishbank” bilan hamkorlikdagi loyihasi ham mahalliylashtirish dasturi asosida yo'lga qo'yilgan.
Bu haqda “NAVPROMLITMASH” MChJ rahbari o'rinbosari Sherzod Ahmadjonov jurnalistlarga quyidagilarni gapirib berdi:
—Viloyatimizda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari barqaror rivojlangan. Mazkur tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yirik korxonalarga yaqin vaqtgacha havo va moy filtrlarini xorijdan import qilib olib kelingan. Bugungi kunda bizning korxonamiz ularga o'zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli va arzon havo va moy filtrlarini o'z vaqtida yetkazib bermoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 25 mlrd. so'm, shundan 10 mlrd. so'mi “O'zsanoatqurilishbank”i tomonidan moliyalashtirildi.
Anjuman davomida korxona mutaxassislari jurnalistlarga bank krediti mablag'i hisobiga xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar “Yashil” iqtisodiyot mezonlariga to'la mos kelishini ta'kidladilar. Zavodda mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshiruvchi sinov laboratoriyasi faoliyati yo'lga qo'yilganligi ham qayd etib o'tildi.
Bugungi kunda “NAVPROMLITMASH” korxonasida 170 dan ziyod ish o'rinlari yaratilgan bo'lib, shundan 30 tasi yangi loyihaga ko'ra barpo etilgan. Korxonada bir yilda 1000 dona sanoat filtri va 300 ming dona avtomobil filtri ishlab chiqariladi. Ularning 500 ming dollarlik qismi eksportga yo'naltirilgan.
Press-tur dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing ham o'tkazildi. Unda “O'zsanoatqurilishbank”ning Navoiy viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan o'rni, sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va aholiga zamonaviy xizmat ko'rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Shuningdek, brifingda “O'zsanoatqurilishbank” ATBning Navoiy hududiy boshqarmasi boshlig'i Faxriddin Qosimov bank bilan korxonalar o'rtasidagi o'zaro iqtisodiy munosabatlar haqida to'xtaldi:
— Bizning hududimiz yer osti boyliklari bo'yicha ulkan salohiyatga ega. Bankimiz tomonidan ana shu noyob boyliklarni qazib olish va qayta ishlashga oid loyihalarni moliyalashtirish, korxonalarni eng yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ularni ishga tushirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, aylanma mablag'lari bilan ta'minlashda yaqindan ko'maklashib kelmoqdamiz. Xususan, o'tgan yilda hududiy tarmoqlarimiz tomonidan sanoat, qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish sohalaridagi 35 ta loyihaga jami 67 mlrd. so'm hajmda kredit mablag'lari ajratildi. Buning natijasida 600 dan ziyod ish o'rinlari barpo etildi.
Shubhasizki, bu samarali ishlarni Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha qo'yilgan dadil qadamlarning biri deb baholash mumkin.
“O'zsanoatqurilishbank” tomonidan tashkil etilgan navbatdagi ijodiy sayohat ijod ahlida katta taassurot qoldirdi. Buni unda ishtirok etgan OAV vakillari alohida e'tirof etdilar.
Bank axborot xizmati.
Xizmatlar litsenziyalangan.