Bir zumda, tezkor va manfaatli!

(Yoki “Turonbank” taklif etayotgan xizmatlar va yangilangan “MyTuron” mobil ilovasi haqida muxtasar so'z)

 

Davlatimiz rahbari ma'ruzalaridan birida “Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qo'llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta'minotlar bo'yicha zamon talablaridan 10-15 yil orqada qolayotgani”ni aytgan edi.

Haq gap. Bugungi globallashuv davrida zamonaviy xizmatlar, aqlli, tezkor va raqamli mahsulotlarga bo'lgan talab kundan–kunga oshib bormoqda. Hayotimizni sun'iy intellekt va gadjetlar kabi to'rtinchi sanoatning eng so'nggi yutuqlari qamrab olayapti. Bu esa iste'molchilarning talab va xo­hishlaridan kelib chiqqan holda takliflarni ilg'or texnologiyalar bilan bog'lash, ortiqcha harakat va xarajatsiz xizmatlarni ishlab chiqishga undamoqda.

Aytish kerakki, so'nggi yillarda Respublikamiz bank tizimida bir qator yirik islohotlar yuz berdi. Ayni shu oqimda, “Turonbank” ATB ham o'zining moliyaviy ko'rsatkichlarini, o'z mijozlariga ko'rsatilayotgan xizmatlarning sifati va qulayligi borasida ham yildan – yilga yaxshilab, barqarorlikni ta'minlab kelmoqda.

Bir zumda, tezkor va manfaatli. Bu “Turonbank” jamoasi kasb lug'atidan o'rin olgan eng muhim sifatlaridandir.

Ayni vaqtda kompleks transformatsiya jarayonlarini olib borayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki ham ayni shu tendensiyadan kelib chiqqan holda o'z faoliyatini “Digital – banking” formatiga o'zgartirmoqda.

Xususan, mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmatlarning deyarli barchasi xorijiy andozalar, yangi das­turlarga almashtirilmoqda. Xususan, moliyachilar tili bilan aytganda “riteyl biznes” ya'ni chakana bozor yo'nalishida jismoniy shaxslarga bir-biridan jozibador mahsulotlar taqdim etilyapti.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Turonbank” tomonidan o'tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida soha mutaxassislari bu boradagi to'liq ma'lumotlarini OAV xodimlari bilan o'rtoqlashishdi.

Dastlab “Turonbank” Boshqaruv raisining birinchi o'rinbosari Aziz Tashev bankning 2022 yil yakunlari bo'yicha asosiy ko'rsatkichlar to'g'risida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, joriy “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da bank tomonidan mijozlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, “Ta'lim krediti” hamda taklif etilayotgan ipoteka kreditlari xususida aytib o'tdi.

— Hech kimga sir emas, bugun mobil banking atamasi hayotimizning ko'p­lab jabhalarida uchramoqda. Savdo-sotiq, umumiy ovqatlanish muassasalari, internet do'konlar, o'zaro pul o'tkazmalari, to'lovlarni onlayn amalga oshirish va hokazo. Deyarli hech kim ehtiyojidan ortiqcha naqd pulni olib yurayotgani yo'q, — dedi bankning Chakana biznes departamenti direktori o'rinbosari Eldor Vaxabov. — Albatta, bu o'zbek moliya bozorining jahon tendensiyalariga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki ham ushbu tez sur'atlar bilan rivoj­lanib borayotgan maydondagi trend­lardan qolishmagan holda o'zining mavjud mobil ilovasini ham vizual ham texnologik jihatdan yangiladi. Bu o'zgarishlar bankdagi transformatsiya jarayonlari doirasida xorijiy ekspertlar ishtirokida amalga oshirildi. Bizning oldimizda turgan asosiy vazifa, eng avvalo, mavjud mijozlar bazasini yanada ko'paytirish va an'anaviy bank taqdim etayotgan ko'plab xizmatlarni smartfonlarga o'tkazish edi.

Oddiy qilib aytganda, mijozlar moliya muassasasiga kelmagan holda bank mijoziga aylanishi, o'zining shaxsiy to'lov kartasiga ega bo'lishi hamda qisqa vaqt ichida kredit mablag'laridan foydalanishi lozim edi. Ayni shu maqsadda biz muhim jihatlardan biri bo'lgan ularning identifikatsiyadan o'tishini zamonaviy “Face ID” texnologiyasi yordamida biriktirilgani aytildi. Endilikda, ilovaning o'zida onlayn suratga tushib umumiy bazaga yuborish imkoniyati paydo bo'lgan.

Shuningdek, ilovaning o'zidan kartaga buyurtma berish, barcha to'lovlarni amalga oshirish, mavjud kredit qarzdorliklarini so'ndirish, kredit olish uchun arizalar qoldirish, onlayn omonat ochish va konversiya amaliyotlarini bajarish kabi 100 ga yaqin xizmatlar ham ishga tushirilgan. Bundan tashqari, bugun eng ommabop bo'lgan onlayn mikroqarz xizmatlari ham yo'lga qo'yilib, uni rasmiylashtirish uchun ilovaning o'zida bepul virtual “Humo” kartasi joriy etilgan. Mijozlar ilovaga o'zlarining “Turonbank”da ochilgan plastik kartochkalarini biriktirib ham ushbu kreditni olishlari mumkin bo'ladi. Avvallari ushbu kreditning muddati 12 oygacha bo'lib, miqdori 10 mln. so'mni tashkil etgan bo'lsa, ayni vaqtda talablardan kelib chiqqan holda mazkur miqdorni 30 mln. so'mgacha 24 oylik muddatga qadar ko'tarish rejalashtirilgan.

Ahamiyatli jihati, 2022 yilning noyabr – dekabr oylarida ilova test rejimida ishga tushgan bo'lsa, 2023 yilning boshiga kelib to'liq quvvat bilan ishlashni boshladi va shu qisqa fursat ichida uni yuklab olganlar soni 80 mingga yaqinlashdi. Hozirda ilovani yanada takomillashtirish bo'yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, raqamli iqtisodiyotga o'tish barobarida bank iste'molchilarga qulayliklar yaratish maqsadida raqamli va masofaviy bank xizmatlarining yangi turlarini joriy qilishni jadallashtirdi.

Hamkasbining fikrlarini davom ettirar ekan, Chakana biznes departamenti direktori o'rinbosari Alisher Tolipov jismoniy shaxslarga ajratilayotgan yangi kredit turlari va yuqori foizli omonatlar haqida to'liq ma'lumot berdi.

— Bugungi kunda iste'molchilarning aksariyat qismi avtokreditlar bozorida faol ishtirok etmoqda. Ayni shu jihatni inobatga olgan holda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki ham jismoniy shaxslar uchun bir necha turdagi qulay avtokredit mahsulotlarini ishlab chiqdi. Xususan, biz aholining barcha qatlamini qamrab olish maqsadida nafaqat rasmiy daromadga ega bo'lgan balki rasmiy daromadga ega bo'lmagan fuqarolar uchun ham kredit ajratishni boshladik, – dedi A.Tolipov. Uning ma'lum qilishicha, moliya muassasi quyidagi yo'nalishlarda kreditlar taqdim qilmoqda:

“Imkoniyat” avtokrediti!

“Rasmiy daromadsiz” birlamchi va ikkilamchi bozor uchun:

Kredit muddati: 4 yilgacha, bosh­lang'ich to'lov: 36%dan, kredit foizi: 25,9%, kredit miqdori: 900 mln. so'mgacha.

– “Rasmiy daromad bilan” birlamchi va ikkilamchi bozor uchun:

Kredit muddati: 5 yilgacha, bosh­lang'ich to'lov: 10%dan, kredit foizi: 24,9% , kredit miqdori: 900 mln. so'mgacha.

“EcoGreenCar” elektromobillar uchun avtokredit!

“Rasmiy daromadsiz” birlamchi va ikkilamchi bozor uchun:

Kredit muddati: 4 yilgacha, bosh­lang'ich to'lov: 36%dan, kredit foizi: 25%, kredit miqdori: 600 mln. so'mgacha.

– “Rasmiy daromad bilan” birlamchi va ikkilamchi bozor uchun:

Kredit muddati: 4 yilgacha, boshlang'ich to'lov: 20%dan, kredit foizi: 25%, kredit miqdori: 600 mln. so'mgacha.

Alisher Tolipovning aytishicha, o'zini – o'zi band qilgan litsenziyaga ega fuqarolar uchun ham maxsus “Avto Self” avtokrediti ishlab chiqilgan. U orqali eski mashinalarda yuk tashib yurgan fuqarolar rasmiy daromadga ega bo'lmay turib birlamchi va ikkilamchi bozordan yengil yuk mashinalarini (2,5 tonnagacha) kreditga olishlari mumkin bo'ladi.

“Avto Self” birlamchi va ikkilamchi bozordagi yengil yuk mashinalari uchun:

Kredit muddati: 4 yilgacha, boshlang'ich to'lov: 36%dan, kredit foizi: 25%, kredit miqdori: 300 mln. so'mgacha.

Avtokreditlar bozorida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki taklif etayotgan yana bir unikal mahsulot bu ko'pchilikning muammosidan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi. Ya'ni, odatda yangi avtomashina olayotgan fuqaro o'zi tanlagan mashina narxining 50 foizini bosh­lang'ich to'lov sifatida to'laydi. Qolgan 50 foizi esa avtomobil taqdim etilganda to'lanadi. Ko'pchilik mijozlar banklarga shu qolgan 50 foizini to'lash uchun kredit so'rab kelishadi va rad javobini olishardi. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining yangi avtokredit mahsuloti esa mana shunday holatlar uchun ham endi kredit ajratadi. Bunda fuqarolardan hech qanday boshlang'ich to'lov va rasmiy daromad talab etilmaydi. Ular belgilangan muddatda qolgan 50 foizi uchun olgan kreditlarini bo'lib to'layverishi mumkin bo'ladi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, bugungi kunda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan fuqarolarga “Iste'mol kredit”, “Ta'lim krediti”, “Birlamchi bozor uchun ipoteka krediti”, “Mikroqarz”, “Sayohat uchun kredit”, “Quyosh panellari uchun ekopanel krediti” va “Sog'liqni tiklash uchun kredit”lar ham taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, aholi jamg'armalarini ishonchli va xavfsiz ko'paytirish maqsadida yuqori foizli milliy va xorijiy valyutadagi jozibador omonatlar ham ishlab turibdi. Ya'ni:

– “Unique” omonati – xorijiy valyutada (AQSh dollari):

Omonat muddati: 12 oy, yillik foizi: 5%. Foizlar har oyda to'lanadi. Istalgan vaqtda pul qo'shish imkoniyati mavjud.

“Ustuvor” omonati – milliy valyutada:

Omonat muddati: 18 oy, yillik foizi: 22%. Foizlar har oyda to'lanadi. Istalgan vaqtda pul qo'shish imkoniyati mavjud.

Darvoqe, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki taklif etayotgan barcha xizmatlar bo'yicha batafsil ma'lumotni www.turonbank.uz rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqdagi bank sahifalari, TuronBank Media YouTube kanali va 1220 qisqa raqami orqali olish mumkin.

Matbuot vakillari uchun o'tkazilgan mashvarat yakunida OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga bank mutaxassislari tomonidan atroflicha javob berildi.

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 15 =