“Turonbank”ning ta'lim klasteri yoxud talabaligidayoq maosh olayotgan yosh bankirlar

Respublikamizdagi salohiyatli moliya muassasalaridan biri hisoblangan  “Turonbank”ning yoshlar loyihasi haqida eshitganmisiz? Bu loyiha yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning amaliy iqtidorlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan. U bugungi kunda  400 nafar talabani qamrab olganligi bank mas'ullarining yosh kadrlarni qo'llab-quvvatlashga astoydil bel bog'laganidan dalolat beradi. Bu hali hammasi emas! Yuqori ball bilan talabalikka erishgan 100 nafar yoshlar esa “Turonbank stipendiyasi” sovrindori bo'lishdi. Bu haqda kuni kecha “Turonbank” tomonidan o'tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida aytib o'tildi.

 

30 iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda bank rahbariyati, mas'ullari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Darhaqiqat, mamlakat taraqqiyoti va imijining yanada mustahkamlanishi, har bir sohaga yangilik va o'zgarishlarning kirib kelishida yoshlarning o'rni muhim ahamiyatga ega.  Dunyoning eng rivoj­langan davlatlari ham asosiy e'tiborni doimo mazkur qatlam faolligiga qaratishadi. Sababi, yoshlar bu innovatsiya, g'oya va yechimlarning bitmas-tuganmas manbaidir.

— Yurtimizda mamlakat aholisining qariyb 60 foizini egallagan yoshlarning, zamonaviy chaqiriqlarga mos, jahon miqyosidagi ilmlarni chuqur o'zlashtirgan avlod sifatida tarbiyalanishini eng oliy maqsad deya belgilangani bejiz emas. Ularning ta'limi, bandligi va munosib daromadga ega bo'lishi esa olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadiga aylandi, – dedi “Turonbank” ATB Boshqaruv raisi o'rinbosari Shahlo Ibragimova. – Ayni shu yo'lda davlatimiz rahbari oliy ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasida o'zaro integratsiya jarayonlarini yo'lga qo'yish, soddaroq qilib aytganda, yirik ta'lim klasterini yaratish bo'yicha ilg'or tashabbusni ilgari surdi.

Ma'lumot uchun: ayni vaqtda “Turonbank” ATBda jami 1486 nafar xodim mehnat qilayotgan bo'lsa, shundan 515 nafari, qariyb 36 foizi 30 yoshgacha bo'lgan navqiron o'g'il-qizlardir. Ushbu qatlamning qiziqish va intilishlarini yanada rag'batlantirish, bilim va ko'nikmalarini muntazam oshirib borish maqsadida bank tomonidan bir necha bosqichdan iborat maxsus strategiya ishlab chiqilgan.

Shuni yana alohida qayd etish lozimki, “Turonbank” birinchilardan bo'lib bitiruvchi kurslarda tahsil oladigan talabalarni maxsus test sinovlari va shaxsan bank Boshqaruv raisining suhbatidan o'tkazib, ishga jalb qilish tizimini yo'lga qo'ygan. Ularning ishlashi va ta'lim olishlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida alohida shart-sharoitlar yaratilgan. Bugungi kunda xodimlarining 36 foizini navqiron o'g'il-qizlar egallagan moliya muassasasida yoshlar bilan ishlash bo'yicha noodatiy tizim va yaxshi tajriba shakl­langan.

Ulardan biri sifatida turli formatdagi doimiy uchrashuvlar, ya'ni shaxsan Boshqaruv raisi bilan ochiq va samimiy muloqotni eslashimiz mumkin. Bu bir piyola choy ustida yoki ochiq tabiat qo'ynida o'zaro fikr almashib, muammo va kamchiliklarni muhokama etish, g'oya hamda tashabbuslarni ro'yobga chiqarish uchun eng qulay maydondir. Albatta, bu tashabbus va loyihalarning zamirida davlatimiz rahbarining “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori dasturilamaldir.

“Turonbank” ATB tomonidan yoshlar uchun tayyorlangan samarali loyihalarning yana biri, moliya va iqtisodiyot yo'nalishida tahsil olayotgan ikkinchi hamda uchinchi bosqich talabalarini maxsus test sinovlari asosida ishga (amaliyotga) jalb etishdir. Bu orqali ular nazariy bilimlarini amaliyotda qo'llash, tajriba oshirish, muayyan maosh olish va o'qishni tamomlagach, yetuk mutaxassis sifatida o'zlari uchun aniq ish joyini naqd qilishlari mumkin bo'ladi. 2018 yilda boshlangan mazkur ezgu tashabbus ortidan ayni vaqtda 300 nafarga yaqin talabalar “Turonbank” ATBning turli bo'linmalarida faol mehnat qilishmoqda. Bu esa moliya muassasasi uchun o'zaro kooperatsiyani yo'lga qo'yish orqali salohiyatli kadrlar zaxirasini yaratish imkonini beryapti.

Ha, davlatimiz rahbari ilgari surgan mazkur g'oyaning amaliy misolini “Turonbank” ATB faoliyatida yaqqol ko'rish mumkin. Ayni vaqtda moliya muassasasida mehnat qilayotgan xodimlarning yirik qismini yoshlar tashkil etayotgan bo'lsa, ularning salkam 100 nafarga yaqini quyi va yuqori bo'g'in rahbarlari hisoblanadi. Ya'ni, Boshqaruv Raisi o'rinbosaridan, departament direktori, boshqarma va bo'lim boshlig'larigacha yosh mutaxassislar hisoblanadi. Ahamiyatlisi, yaqin o'tmishda O'zbekistonda yosh kadrlarni mas'ul lavozimga tayinlashga xizmat qiluvchi bu kabi aniq bir institutsional tizim yaratilmagan edi. Mazkur o'zgarishlar davlat darajasiga molik masalalarni hal etishda yoshlarning salohiyati, azmu-shijoati, intilishidan unumli foydalanishda as qotadi.    

Sir emaski, har bir tashkilot o'z rivoj­lanish strategiyasini yaqin uch yoki besh yilga moslab belgilaydi. Unda, albatta, bozor imkoniyatlari hamda shu maydonga mos keluvchi kadrlar bazasini yaratish birlamchi vazifa sifatida turadi. “Turonbank” ATB ham “Digital – banking” formatida ishlovchi raqamli moliya muassasasiga aylanish barobarida intellektual jihatdan mukammal, zamonaviy fikrlaydigan yosh bankirlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Turonbank stipendiyasi” eksklyuziv loyihasiga ham start berdi. Ushbu motivatsion g'oyaning ahamiyati shundaki, uning doirasida butun Respublika miqyosidan moliya va iqtisodiyot yo'nalishida tahsil olayotgan eng iqtidorli, o'z bilimi bilan OTMga yuqori ball to'plab qabul qilingan 100 nafar yoshlar tanlab olinib, o'qish yakuniga qadar to'liq e'tiborga olindi. Ya'ni, ular uchun yuqorida aytilganidek, har oylik maxsus stipendiya joriy etilib, to'lov – kont­rakt pullari ham to'lab berildi.

E'tiborli tomoni shundaki, bank rahbariyati tomonidan bir qator mas'uliyatli rahbarlik lavozimlariga, oliy ma'lumotli iqtidorli yosh kadrlarni qo'yib, ularga ishonch bildirish bilan birga, o'rta – maxsus ma'lumotga ega yosh kadrlarni iqtisodiy ta'lim yo'nalishdagi oliygohlarning kechki va sirtqi bo'limlarida o'qitish ishlari ham yo'lga qo'yilgan. Shu bilan birga ular doimiy ravishda “Turonbank” e'tiborida bo'lib, har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi, moliya muassasasi tomonidan o'tkaziladigan turli tadbirlar va seminarlarda ishtirok etib, ta'til vaqtlarida bemalol bankda ish o'rganish imkoniyatiga ham ega bo'lishmoqda. “O'qishni tamomlaganimdan keyin qaerda ishlayman?” degan savol ularni qiynamaydi. Shuning uchun ham ular o'zlarining bor diqqat-e'tiborlarini bilim olishga qaratadi, bunday yoshlar esa albatta yetuk mutaxassis darajasiga ko'tarilishi, bank rivojlanishiga o'z hissasini qo'shishi aniq. Ayni paytda talabalar ta'limning 3 – bosqichidan boshlab “Turonbank”da ishlashlari mumkin.

Ushbu tashabbusni huquqiy jihatdan mus­tahkamlash bo'yicha “Turonbank” ATB hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Milliy tadqiqot universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan o'zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.

To'g'ri yondashuv. Xorij tajribasiga ham nazar solsak, ko'plab mamlakatlarda kasbiy tayyorgarlik bo'yicha davlat idoralari va ta'lim muassasalari o'rtasida yaqin hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Misol uchun, Singapurda iqtidorli kadrlarni jalb qilish maqsadida davlat fuqarolik xizmati sohasida mehnat faoliyatini boshlashga qaror qilgan eng yaxshi o'rta maktab bitiruvchilariga davlat grantlari ajratiladi. Grant sovrindorlari to'rt yillik boshqaruv menej­mentini rivojlantirish mutaxassisligi bo'yicha dastur orqali tegishli ta'lim olishadi.  

Malakali kadrlar tayyorlash tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan bu kabi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun “Turonbank” ATB oliygohlarda maxsus o'quv eksperimental baza sifatida “Smart o'quv xonalar”ni ham yo'lga qo'ygan. U orqali bankning yetuk mutaxassislari moliya va iqtisodiyot yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ochiq darslar tashkil etib, amaliyotdagi ish uslublari bilan ularni yaqindan tanishtirishmoqda. Bu nazariya va amaliyotning ijobiy uyg'unlashishiga katta hissa qo'shyapti, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Bildirilgan ishonch va yaratilgan imkoniyat albatta o'z natijasini beradi. Prezidentimiz har safar yoshlar haqida fikr bildirar ekan, davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o'rta bo'g'in boshqaruv rahbarlari orasida kreativ fikr­laydigan, mas'uliyatni o'z zimmasiga oluvchi, tashabbuskor yosh kadrlar bo'lishi kerakligini ta'kidlaydilar. Bu mexanizm esa “sotsial lift” tushunchasini qog'ozda emas, amalda ishlashi, tizimlarning yangilanishiga olib kelishi shubhasiz.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyoda eng yosh xalqaro grossmeyster sifatida tanilgan, 44– shaxmat olimpiadasi g'olibi va “O'zbekiston iftixori” medali sohibi Jahongir Vahidov “Turonbank” ATB brendining rasmiy elchisi sifatida faoliyat boshlagan. Taniqli yosh sportchi bilan tuzilgan hamkorlik doirasida moliya muassasasi mamlakatimizda shaxmatning yanada rivojlanishiga hissa qo'shsa, o'z o'rnida Jahongir Vahidov bank taklif etayotgan keng turdagi xizmatlar, ishlab chiqilayotgan yangi mahsulotlarning ommalashishida ko'maklashadi. Bir so'z bilan aytganda, yosh shaxmatchi “Turonbank” marketing strategiyasining ajralmas qismiga aylanib, korporativ imijning asosiy qahramoni bo'ladi.

Shunday qilib, “Yoshlar kuni” munosabati bilan o'tkazilgan anjumanda bir qator yoshlar so'zga chiqishdi. Jumladan, “Turonbank” ATB brendining rasmiy elchisi (ambassador), 44-shaxmat olimpiadasi g'olibi, “O'zbekiston iftixori” medali sohibi Jahongir Vahidov, “Turonbank stipen­diyasi” sovrindori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Hayotxon Muhammadjonova, o'qish davridayoq bank tizimiga ishga kirib, bugungi kunda rahbarlik lavozimiga erishgan “Turonbank” ATB Yuridik departament direktori Faxriddin Mahmudovlar ham bank tomonidan yoshlar bilan ishlashning yangicha mexanizmi hamda doimiy qo'llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirishdi.

— Haqiqatan ham yoshlar bu xazina, ularning bilimi, yangiliklarga intilishdagi shijoati to'g'ri yo'naltirilsa, yuqori natijalarga erishish mumkin. Shuning uchun ham “Turonbank” ATBda yoshlarning bilim va ko'nikmalarini oshirish, dunyo moliya bozorida ro'y berayotgan tendensiyalardan o'z vaqtida xabardor qilish maqsadida turli seminar-treninglar hamda ochiq muloqotlar tashkil etiladi, — dedi “Turonbank” ATB Yuridik departament direktori Faxriddin Mahmudov. — Shuni ham ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi qarori ijrosini ta'minlash masalasiga yoshlar nuqtai nazaridan “Turonbank” ATBda alohida e'tibor qaratilgan. Moliya muassasasining eng faol va tashabbuskor yoshlari bilan mana shunday uchrashuvlar, davra suhbatlarini o'tkazib turish an'anaga aylangan.

Shubha yo'q, bu kabi keng qamrovli ishlar, tashabbuslar natijasi yaqin kelajakda o'z samarasini beradi va saviyali, ilmli kadr­lar tayyorlash yo'nalishida munosiblarni saralab beradi. Zero, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, biz ma'rifat borasida “iligi to'q” xalqmiz.

Islom EGAMBERDI o'g'li,

“Hurriyat” muxbiri.

Reklama huquqi asosida

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − two =