“Vatan manzumasi” — yurak qo'shig'i

Har bir inson bolasi uchun Vatandan ulug', muqaddas makonning o'zi yo'q. Zero, ulug' bobolarimiz “O'zga yurtda sulton bo'lgandan ko'ra, o'z yurtingda cho'pon bo'l” deya bejiz aytishmagan. Bu hikmatning ma'nosi juda chuqur, juda tiyrandir. O'zingiz ayting, nega ulkan bir yurtning podshohi bo'lsa-da Bobur Mirzo bir umr Ona yurt hajrida kuyib yondi, Vatan sog'inchidan o'rtanib yashadi, hamisha yurt sari ko'z tikdi.

Demak, Vatan, Ona tuproq tuyg'usi qonimizda, jonimizga tutash.

Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman O'zbekistonni” deb nomlangan she'rini bilmagan, o'qimagan yoxud eshitmagan yurtdoshimiz bo'lmasa kerak. Shoir kuylaganidek, inson bolasi qachon va qaerda bo'lmasin, Vatan deydi, Ona deydi. Bir siqim yurt tuprog'ini ko'ziga to'tiyo aylaydi. Bu tuyg'uni so'zlar bilan aslida to'la-to'kis ifodalab bo'lmaydi. Vatan mehriga bog'liqlik abadiy jon qo'shig'imizdir.

Kecha poytaxtimizdagi muh­tasham “Turkiston” san'at saroyida “Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-ma'rifiy dastur namoyish etildi. Unda Vatan, Ona yurt, Ona tup­roq qadri ulug'landi. Buyuk jadid bobolarimiz Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulhamid Cho'lpon, Usmon Nosir singari el o'g'lonlarining o'tli fikrlari, she'rlari yang­radi.

Adabiy-ma'rifiy kechada asosan yurtimizning yosh, navqiron shoirlari Vatan haqidagi she'rlarini o'qidi. Iste'dodli san'atkorlar yurakka yetib boradigan qo'shiqlarni ijro etdi. Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestri bilan birga Qurolli Kuchlar Markaziy   ashula va raqs ansambli, Ichki ishlar vazirligiga qarashli ansambl, Milliy gvardiya va ashula raqs ansambli xonandalari, yosh kursantlarning chiqish­lari barchaga manzur bo'ldi. Bu bilan yurtimizdagi tinchlik va totuvlikni, ahillikni asrab-­avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani rang-barang musiqiy chiqishlar asosida namoyish etildi.

Eng e'tiborlisi, ana shunday adabiy-ma'rifiy kechalarning mamlakatimiz bo'ylab joylarda ham o'tkazilishi ko'zda tutilgani juda ibratli tashabbus. Axir Vatan madhini, Vatan qo'shiqlarini dillarga jo aylash naqadar yoqimli va huzurlidir.

Adabiy-ma'rifiy kechada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Hayriddin Sultonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × one =