Agar Beruniyni o'qisak…
O'zbekiston tarixida yashagan shunday buyuk siymolar borki, ular qoldirgan bebaho durdona asarlardan nafaqat biz, balki jahon ahli ham foydalanadi. Shu sababli ham ularning nomi va shoni asrlardan asrlarga o'tib mangu yashayveradi. Ana shunday zotlardan biri qomusiy olim Abu Rayhon Beruniydir. Ma'lumki, Abu Rayhon Beruniy 973 yilda Xorazmda tug'ilgan. Uning asl ismi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad bo'lib, tarixiy manbalarga ko'ra u ota-onasidan erta yetim qolib, o'z davrining mashhur olimi Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroqning qo'lida ta'lim oladi.
Beruniy tarixan qisqa vaqt ichida o'z davrining mashhur olimlaridan biriga aylanadi. Bunga u o'z iqtidori, bilimi va yuksak tafakkuri hamda zehni orqali erishadi. Beruniy zamona zayliga ko'ra ko'p yurtlarga boradi. U o'zi borgan davlatlar olimlari bilan yaqindan tanishadi. Ayniqsa, Beruniyning o'z vatani Kot shahrida o'sha davrning yana bir buyuk olimi vatandoshimiz, asli Buxoroning Afshona qishlog'ida tavallud topgan Abu Ali ibn Sino bilan tanishuvi ikkala olim hayotida o'chmas iz qoldiradi. Uning Ibn Sino bilan o'zaro yozma muloqotlari hozirgi kungacha jahon olimlarining diqqat markazida turadi. Ularning tabiat va olam haqidagi fikrlari, o'zaro savollarga javoblari hali-hanuz hozirgi olimlarning aqlini lol qoldiradi. Beruniy taxminan yigirma besh-o'ttiz yoshida o'zining mashhur asarlaridan biri – “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ni yozib tugatadi. Ushbu kitob XXI bobdan iborat bo'lib, uning birinchi bobida kunduz bilan kechaning mohiyati va o'sha davr xalqlari – forslar, yahudiylar, yunonlar, so'g'dlar va boshqa xalqlar olimlarining bu masalaga munosabati ochiq tahlil qilib beriladi. Beruniy astronomiya va matematika ilmini chuqur bilganligi sabab kecha va kunduz, yillar va oylar haqida hech qanday savolga o'rin qoldirmaydi.
Qisqacha aytganda, “Nega shunday?” degan savollarning barchasiga to'g'ri, sodda va odilona hamda ishonchli yechim topadiki, bunga faqat qoyil qolish mumkin, xolos. Yana ajablanarli tomoni shundaki, u bu masala mohiyatini tushuntirishda “Qur'on”dan ham iqtiboslarni o'z o'rnida keltiradi va bu bilan olim “Qur'oni karim”ni chuqur anglashini hamda tushunishini isbotlaydi. Beruniy bu kitobida namoz vaqtlari (bomdod, peshin, asr, shom, hufton)ga ham alohida ahamiyat beradi va astronomik jihatdan bu vaqtlarni to'g'ri qabul qilinganini izohlaydi. Oyning 28 joyidagi yulduzlarning soni, ularning metrologik masalalarga ham diqqatni jalb qiladi. Beruniy bu asarini unga homiylik qilib turgan Kaspiybo'yi yerlarining hukmdori Qobus ibn Vashmgirga bag'ishlagan bo'lib, uning arabcha nomi “Osor al-boqiya”dir. Bundan kelib chiqadiki, Beruniy juda ko'p tillarni (ayrim manbalarda 10 ga yaqin deb aytiladi) yaxshi bilgan va ularda bemalol gaplasha olgan. Mazkur asarda Beruniy qadimgi xalqlarning bayramlari, urf-odatlari hamda o'zigacha yashagan dunyo xalqlarining sulolalari haqida ham fikr bildirgan. Eng hayratlanarli jihati, olim Islom tarixi va Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hayotini aniq yoritib beradi. Bu asarning yana bir muhim jihatlaridan biri, unda o'sha davrdagi Xorazm haqida va unda yashagan buyuk shaxslar haqida qimmatli ma'lumotlar berilgan.
Beruniyning yana bir ajoyib asarlaridan biri “Hindiston” 1030 yilda yozilgan. Bu asarga nafaqat o'zimizda, balki Yevropa davlatlarida ham yuksak baho berilgan. Asar dunyoning juda ko'p tillariga, jumladan, ingliz, nemis, rus va hind tillariga tarjima qilinganligining o'ziyoq uning nufuzidan darak beradi. Bejiz Hindiston bosh vaziri bo'lgan, hind xalqining ulug' zotlaridan biri Javoharlal Neru buyuk bobomiz haqida “Beruniy Hindistonda qisqa muddat yashasa-da, bizga o'z tariximizni yozib berdi” deya aytmagan edi.
Darhaqiqat, olim nafaqat butun Hindiston tarixi, balki qadim hind xalqining urf-odatlari, qadriyatlari, tili, madaniyati haqida chuqur ma'lumot beradi. Mutafakkir ana shu asarida hatto Atlantika va Tinch okeanining yonida ulkan quruqlik, ya'ni Amerika qit'asi joylashganligini ham ilmiy asoslab beradi va bu bilan u Xristofor Kolumbdan deyarli 500 yilga ilgarilab ketadi. Beruniy mazkur asarida Hindiston xalqlarining urf-odatlari, madaniyati, ilm-fani, dini, yozuvi, adabiyoti haqida qimmatli ma'lumotlar keltiradi. Ushbu kitobga sharqshunos olim V.R. Rozen quyidagicha baho bergan: “Bu asar o'zining mukammalligi bilan yagona bo'lib, nafaqat hozirgi Sharq va G'arbda, balki butun qadimgi hamda o'rta asrlar adabiyotida ham tengi yo'qdir”.
Beruniyning shuningdek, “Turar joylar orasidagi masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash (Geodeziya)”, “Qonuni Ma'sudiy” (2 ta tom), “Yulduzshunoslik san'ati asoslarini tushuntirish kitobi” (“Tafhim”), “Matematik va astronomik risolalar” nomli kitoblari unga juda katta shuhrat keltirdi.
Beruniy fanning deyarli barcha sohalarida ijod qilgan. Taxminlarga qaraganda, u 150 ga yaqin asarlar yozib qoldirgan. Afsuski, ularning barchasi bizga yetib kelmagan. Noshir do'stim Yusuf Muzaffarning aytishicha shunday naql bor ekan: Beruniy ijod qilgan fan sohalarining hisobini aytgandan ko'ra, olim qo'li tegmagan fan sohalarini aytish osonroq. Beruniyning fan sohalaridagi shuhrati tufayli XI asrning yarmi “Beruniy asri” deb ham atalgan.
Yana shuni faxr bilan aytish joizki, bu dunyoda ne-ne allomalar, ulug' olimlar, donishmandlar o'tmagan. Ammo buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniydek har tomonlama yetuk, sermahsul olim jahonda juda kam o'tgan.
2022 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini keng nishonlash haqidagi qarori e'lon qilindi. Qarorda buyuk olimning ijodini keng o'rganish va u yozgan asarlarini chop etish haqida ham aytib o'tilgan. Ushbu qarorda Beruniyning 1050 yillik yubileyi YuNESKO tomonidan 2023 yilda keng nishonlanishi ham qayd etilgan. Men yuqoridagi Beruniy asarlarining nomlarini qayd etishim va ulardan ayrimlariga qisqacha izoh berishimga sabab, ushbu 7 ta kitob “O‘zbekiston” NMIUda 2022 yilda nashr etildi. Ushbu nashr etilgan kitoblarning barchasida izohlar berilgan. Bu holat esa o'quvchiga, yoshidan qat'i nazar, kitobdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar hamda shaxslar haqida ma'lumotga ega bo'lishiga va asar mohiyatini to'liq tushunishlariga so'zsiz yordam beradi. Bu nashr etilgan va nashri rejalashtirilgan durdona asarlar “O‘zbekiston” nashriyotining buyuk olimga nisbatan cheksiz ehtiromining bir namunasi, xolos. Hozirgi kunda buyuk olimning yana uchta mashhur asari nashrga tayyorlanmoqda. Umuman olganda, jahonaro Birinchi Renessansga asos solgan olimlardan biri hisoblangan buyuk bobokalonimiz haqida qancha ko'p bilsak va qancha ko'p gapirsak shuncha oz. Zero, yana bir buyuk millatparvar yozuvchimiz Abdulla Qodiriy aytganidek, “Moziyga qaytib ish ko'rish xayrlikdir”. Ana shunday xayrli ishlarni amalga oshirayotgan noshirlarning zargarona ishlarini qayd etish bizning xalqimiz oldidagi burchimizdir.
Men oddiy, zahmatkash jurnalistning el oldidagi burchlaridan biri elni ilmdan xabardor etish, ma'rifatga chorlash, uni yangi nashr etilgan kitoblardan boxabar qilish deb bilaman. Yoshlarimiz ushbu nashr etilgan kitoblarni o'qisa bilim darajasi ortadi, tafakkuri kengayadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o'z nutqlarining birida: “Hammamiz uchun hozirgi kunda eng dolzarb vazifa yoshlarimiz orasida kitobxonlikni keng yoyish…”, – degan edi. Bu so'zlarga ortiqcha izohning hojati bo'lmasa kerak. Faqat shuni alohida ta'kidlash o'rinliki, bugun mamlakatimizda kitob va kitobxonlik sohasiga juda katta e'tibor qaratilmoqda. Uzoq yillar davomida chop etilmagan noyob durdonalar nashrdan chiqarilmoqda. Ammo shunday bo'lsa-da, ayrim yoshlarning umuman kitob o'qimasligi, hatto gazeta-jurnallardan uzoqlashib borayotgani dilni og'ritadi. Ming afsuski, yurtdoshlarimiz orasida, ayniqsa, yoshlar orasida Beruniydek zotlarni ham bilmasligi, shunday ulug'larning betimsol, nihoyatda nodir asarlarini o'qimasligi taassufli hol. Abu Rayhon Beruniydek buyuklar ma'naviy merosidan bahramand bo'lmaslikni esa aslo oqlab bo'lmaydi.
Bahrom AKBAROV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi